Madaniyat va sanʼat taraqqiy etmasa, jamiyat rivojlanmaydi

14:01 10 Dekabr 2018 Madaniyat
473 0

Arxiv foto

Mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barcha sohada hayotga tatbiq etilayotgan istiqbolli loyihalar, joylarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari xalqimizning nafaqat turmush tarzini, balki dunyoqarashini ham tubdan oʻzgartirmoqda.

Bunday ezgu jarayonni madaniyat va sanʼat rivojiga, ijod ahliga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor misolida ham koʻrish mumkin. Soʻnggi ikki yilda mazkur sohaga taalluqli 20 ga yaqin Farmon va qarorlar qabul qilindi. Ular ijrosi yuzasidan saʼy-harakatlar olib borilyapti. Prezidentimizning joriy yil 28 noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori ushbu jabhadagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan muhim hujjat sifatida alohida ahamiyatga ega.

Binobarin, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, mamlakatimizda madaniyat va sanʼat taraqqiy etmasa, jamiyat rivojlanmaydi. Qolaversa, taraqqiyotning chinakam samarasi boylik yoki kuch-qudrat darajasi bilan emas, milliy madaniyatning naqadar yuksaklikka koʻtarilgani bilan oʻlchanishi xususida tarixiy misollar koʻp. Masalan, ingliz sanʼatshunos olimi F. R. Martin “Temuriylar singari sanʼati va madaniyatini qadrlaydigan hukmdorlar Markaziy Osiyoda hech vaqt boʻlmagan”, deb yozadi. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbarining milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishga doir tashabbusi tafakkur tarzimiz, hayotga munosabatimiz, millat va xalqning buguni, ertasini, navqiron avlod maʼnaviy kamolotini, odamlarimizning nurli kelajagini yaratishga qaratilgan ishlarimizning tub ildizlarini ham oʻz ichiga qamrab oladi, desak, yanglishmagan boʻlamiz.

Konsepsiya besh bobdan iborat. Unda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan bir qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Jumladan, madaniyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, tizimdagi muassasalar huquqiy maqomini belgilash, ijodkorlarni ijtimoiy himoyalashning huquqiy bazasini, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yaratish, madaniyat hamda sanʼat muassasalari moddiy-texnika imkoniyatlarini kengaytirish koʻzda tutilgan. Shuningdek, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini toʻliq tatbiq etish, xalqaro festival va koʻrik-tanlovlarda chinakam isteʼdod egalari ishtirokini taʼminlash, xorijiy tashkilotlar bilan ijodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kabi qator chora-tadbirlar belgilangan. Qaror asosida 2019-2020 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar dasturi, 2019 — 2022 yillarda yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan, kapital taʼmirlanadigan va toʻliq jihozlanadigan madaniyat markazlarining manzilli roʻyxati ham tasdiqlandi.

Infografika: “Xalq soʻzi”

Albatta, bularning barchasi milliy madaniyatimizni yanada rivojlantirish konsepsiyasi mamlakatimiz madaniy hayotida naqadar katta ahamiyat kasb etishini ifodalab turibdi. Zero, u sohada toʻplanib qolgan jiddiy muammolarni bartaraf etishda ham dasturilamal boʻladi. Misol uchun, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat koʻrsatayotgan 1777 ta madaniyat uyi va klub muassasasi negizida 2013 yilda tashkil etilgan 894 ta madaniyat va aholi dam olish markazi madaniyat markazlariga aylantiriladi. Bundan tashqari, Konsepsiyani amalga oshirish boʻyicha tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida Madaniyat vazirligi va “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari hamkorlikda tayyorlagan, madaniyat markazlari mavjud boʻlmagan chekka va olis togʻli hududlarda istiqomat qilayotgan aholiga madaniy xizmatlar koʻrsatishga moʻljallangan, maxsus musiqiy va texnik uskunalar bilan jihozlangan ixtisoslashtirilgan “Avtoklub” transport vositasi 2019 yilda Navoiy va Andijon viloyatlariga Davlat byudjeti hisobidan olib berilishi rejalashtirilgan. Kelgusida esa respublikamizning barcha hududi shunday avtoklublar bilan taʼminlanadi.

Madaniy xizmatning bunday zamonaviy usuli xalqimiz maʼnaviy-ruhiy ehtiyojlarini toʻlaqonli qondirishda oʻzining ijobiy natijasini berishi, shubhasiz. Chunki avtoklublar konsert-tomosha faoliyati bilan cheklanib qolmay, chekka hududlar aholisiga kitoblar, gazeta-jurnallar yetkazish, taniqli yozuvchilar, shoirlar, teatr arboblari, siyosiy sharhlovchilar bilan muloqotlar, ijodiy kechalar tashkil etadi. Yana bir masala: shu paytgacha yurtimizda mavjud 894 ta sobiq madaniyat va aholi dam olish markazining 252 tasi naridan-beri taʼmirlanib, nomigagina faoliyat olib boryapti. Qolgan 642 tasida esa taʼmirlash ishlari deyarli toʻxtab qolgandi. Musiqiy cholgʻular, ovoz kuchaytirish vositalari va boshqa zarur jihozlar bilan taʼminlash masalalari ham achinarli holatda. Qarorda ana shu muhim va oʻta dolzarb masalalar yechimi ham oʻz ifodasini topgan.

Konsepsiyaga binoan, 2019 — 2022 yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 26 ta madaniyat markazi yangidan quriladi, 45 tasi rekonstruksiya qilinadi va 76 tasi kapital taʼmirlanadi. Shunday qilib, uch yil ichida 147 ta madaniyat markazi zarur vositalar bilan toʻliq taʼminlangan zamonaviy binosiga ega boʻladi. Qolganlari ham bosqichma-bosqich yangilanadi, taʼmirlanadi va jihozlanadi. Shu bilan birga, qarorda Madaniyat vazirligi tomonidan anʼanaviy ravishda “Xalq cholgʻulari ijrochilari”, Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi “Milliy raqs ijrochilari” va Yunus Rajabiy nomidagi “Yosh maqom ijrochilari” respublika koʻrik-tanlovlarini oʻtkazish, har yili 21 — 27 mart kunlari “Teatr tomoshalari haftaligi”ni aholi uchun bepul tashkil etish, YUNЕSKOning Butunjahon madaniy merosi obyektlari roʻyxatidan Buyuk Ipak yoʻlining mamlakatimizdan oʻtgan qismini “Ipak yoʻli: Zarafshon daryosi vohasi” va “Ipak yoʻli: Fargʻona — Sirdaryo havzasi” nomi hamda oʻzbek xalqining koʻhna va betakror sanʼati namunasi boʻlgan Xorazm “Lazgi”sini “Xorazm raqsi — Lazgi” nomi ostida YUNЕSKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ roʻyxatiga kiritish kabi qator vazifalar ham belgilab qoʻyilgan.

Yurtimizda xalqimiz madaniyatini yuksaltirish, sanʼatni yanada ravnaq toptirish borasida yaratilayotgan beqiyos imkoniyatlarni sanab adogʻiga yetib boʻlmaydi. Bularni dildan his qilib, teran idrok etishimiz joiz. Zotan, asrlarga tatigulik bunday ibratli ishlar bilan har qancha gʻururlansak arziydi. Bizdan talab etiladigani esa milliy madaniyatimizning yanada ravnaq topishi uchun fidokorona xizmat qilishdir. Chunki milliy madaniyati yuksak xalq jahon hamjamiyatida mustahkam mavqega ega boʻladi.
Azamat HAYDAROV,
Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish
ilmiy-metodik markazi direktori, professor.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?