“Madaniyat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining nomi nega oʻzgardi?

18:03 19 Noyabr 2020 Siyosat
241 0

Madaniyat bu — jamiyat, inson ijodiy kuch va qobiliyatlari tarixiy taraqqiyotining muayyan darajasi sanaladi. “Madaniyat” soʻzining lugʻaviy maʼnosi “shaharlik”, “shaharga oid” boʻlsa, uning maʼnoviy izohi “odob-axloq”ni anglatadi. Demak, bugun yangi Oʻzbekistonning yangi tarixini yaratishda milliy madaniyatni yana-da rivojlantirish gʻoyat muhimdir.

Albatta, bu borada moddiy va nomoddiy madaniy meros durdonalarini saqlash, targʻib etish, xalq ogʻzaki ijodiyoti va havaskorlik sanʼatini yana-da ommalashtirish, yurtimizning jahon madaniy makoniga faol integratsiyalashuvini taʼminlash, madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirish boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirildi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yana-da rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Madaniyat va sanʼat tashkilotlarining “doʻstlar klublari” faoliyatini yoʻlga qoʻyish orqali ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga qaratilgan mutlaqo yangicha samarali tizim yaratildi.

Lekin hozirgi davr sohada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, taʼlim muassasalarini musiqa darsliklari, notalar toʻplamlari va oʻquv-metodik adabiyotlar bilan taʼminlash, aholi, ayniqsa, olis hududlarda istiqomat qiladigan fuqarolarga madaniy dam olish xizmatlari koʻrsatish darajasini yana-da oshirishni taqozo etmoqda.

Nega deganda, oʻtgan yillar mobaynida madaniyat sohasiga ikkinchi darajali tizim sifatida qarab kelingan. Moddiy madaniy va arxeologiya merosi obyektlarining aksariyati taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan. Oqibatda ularning sayyohlik salohiyatidan foydalanish imkoniyati mavjud emas.

Koʻp yillar davomida madaniyat sohasida faoliyat yuritgan inson sifatida shuni aytamanki, ilgari bu sohada yakdil, uning hamma yoʻnalishlarini qamrab oluvchi qonun boʻlmagan. Madaniyat sohasidagi faoliyatlar 29 yil davomida qonunosti xujjatlar bilan tartibga solib kelindi. Endi milliy madaniyatni yana-da rivojlantirishda ortiqcha muammolar yuzaga kelmaydi. Hal qilinishi kerak boʻlgan koʻplab masalalar yangi qonun bilan oʻz yechimini topadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida muhokama qilingan “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida madaniyat sohasiga oid koʻplab yangiliklar oʻrin olgan.

Mazkur hujjat birinchi oʻqishda “Madaniyat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi sifatida konseptual jihatdan qabul qilingani hammamizga yaxshi maʼlum. Lekin uni ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida loyihaning nomlanishiga oʻzgartish kiritildi.

Shu oʻrinda koʻpchilikda loyihaning nomi nega madaniy faoliyat deb oʻzgartirildi, agar ushbu qonun qabul qilinsa sohada qanday oʻzgarishlar yuz beradi”, degan haqli savol tugʻilishi mumkin.

Chunonchi, madaniy faoliyat – insoniyatning maʼnaviy-estetik ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan faoliyat hisoblanadi. Shubhasiz, maʼnaviy-estetik ehtiyojlar madaniyat sohasiga tegishli boʻlgan sanʼat asarlari, madaniy boyliklar, amaliy sanʼat asarlarining mazmun-mohiyatidan olingan taassurot va tasavvurlar orqali oʻz yechimini topadi. Shu boisdan aholining maʼnaviy-estetik ehtiyojlarini qondira olishi uchun qulay sharoit yaratish, xususan, madaniy tadbir oʻtkazish, ijodkorlarni va ijodiy faoliyatni qoʻllab-quvvatlash va shu kabilar aynan madaniyat tashkilotlarining vazifasidir.

Yana bir muhim jihat, qonun loyihasiga Madaniyat markazlariga doir modda kiritilgan boʻlib, unga koʻra sohada xalq ijodiyotini rivojlantirish uchun zarur sharoitlarni yaratish, yangi isteʼdodlarni kashf qilish, ommaviy bayramlar, tomoshalar hamda xalq sayillarini tashkil etish masalalarida tizimli faoliyat yuritish belgilab qoʻyilgan.

Taqdim qilingan qonun loyihasida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining madaniyat sohasidagi vakolatlari, Madaniyat sohasidagi asosiy huquq va majburiyatlar, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar, madaniyat sohasida xalqaro hamkorlik, teatr, sirk, madaniyat markazlarining faoliyatiga doir va boshqa bir qator sohaga oid masalalar aks etgan moddalar kiritildi.

Xulosa qilib aytganda, deputatlar tomonidan ikkinchi oʻqishda muhokama qilingan qonun loyihasining qabul qilinishi bilan sohada koʻp oʻzgarishlar yuz beradi. Eng muhimi, ushbu qonun madaniy faoliyat, shuningdek, madaniyat tashkilotlari faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Nodirjon ABDUVALIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi



Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?