Madaniyat muassasalarida elektron chiptalar joriy etiladi

11:02 27 Avgust 2018 Jamiyat
290 0

Davlatimiz rahbari tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasida madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi, deb yozadi “Huquqiy axborot” kanali.

Qarorga muvofiq, Muzeylar renovatsiya dasturi eksperiment sifatida amalga oshiriladi.

Dastur quyidaglarni nazarda tutadi:

oʻzini oʻzi taʼminlash prinsipiga asoslangan muzeylarni moliyalashtirish modelini joriy etish;

“smart”-texnologiyalarni (axborot doʻkonchalari, 3D vizualizatsiya va gologramma, QR-kodlar, chet tillaridagi elektron gidlar va hokazolarni) joriy etish;

Internet tarmogʻidan foydalangan holda muzey eksponatlarining raqamli shakllarini yaratish orqali muzey eksponatlarini koʻrish imkonini beradigan infratuzilmani yaratish;

muzeylarning ijtimoiy makonga toʻliq integratsiyalashuvini taʼminlash;

muzeylarda imkoniyatlari cheklangan shaxslar, keksa yoshdagi tashrif buyuruvchilar, maktabgacha yoshdagi bolalar va ularga hamrohlik qilayotgan shaxslarga xizmat koʻrsatish va qulaylik yaratishning inklyuziv uslublaridan keng foydalanish;

muzeylarda akademik tadqiqotlarni rivojlantirish.

Renovatsiya dasturi Oʻzbekiston amaliy sanʼat muzeyida (Toshkent shahri), I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat sanʼat muzeyida (Nukus shahri) va Oybekning uy-muzeyida (Toshkent shahri) amalga oshiriladi.

2018–2020 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirish “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

“Metsenatlik faoliyati va madaniy homiylik toʻgʻrisida”gi Qonun ishlab chiqiladi. Unda jumladan, madaniyat va sanʼat muassasalariga yordam koʻrsatuvchi metsenatlar va homiylarga soliq imtiyozlari (chegirmalar) taqdim etish nazarda tutiladi.

Madaniyat va sanʼat muassasalarida blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda Chipta operatsiyalarining yagona elektron tizimi joriy etiladi.

Chipta operatsiyalarining yagona elektron tizimiga ulangan respublika madaniyat va sanʼat muassasalari tomonidan chiptalarni sotish, hisobga olish va tasdiqlash avtomatik tizimlaridan majburiy foydalaniladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?