Mablagʻlar qachongacha sandiqlarda qadrsizlanadi?

18:47 18 Iyun 2020 Siyosat
418 0

Mamlakat iqtisodiyoti, uni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish haqida koʻp gapiramiz-ku, ammo oʻzimizning asosiy imkoniyatlarimizga negadir koʻpchilik eʼtibor qaratmayapti.

Markaziy banki maʼlumotiga koʻra bugungi kunda yuridik shaxslar va aholining oxirgi uch yildagi depozitlar qoldigʻi 11 mlrd. AQSH dollaridan ortiqni tashkil yetadi. Mazkur mablagʻning asosiy qismi aholi uyida saqlanayotgan yoki mamlakat “xufiyona iqtisodiyot”ida aylantirilayotgan boʻlishi mumkin. Ushbu mablagʻni rasmiy iqtisodiyotga jalb qilish uchun avvalo banklar tomonidan shu kungacha kimlarga va necha foizdan kredit mablagʻlari berilayotganligini tekshirish kerak. Undan keyin adolat mezoniga tayangan holda imtiyozli foizlarni koʻllash lozim, deb bilamiz.

Uxlayotgan pullarni qanday uygʻotamiz?

Birinchidan, yuridik shaxslar va ayniqsa aholining bank tizimiga boʻlgan ishonchni oshirish va jozibador, ragʻbatlantiruvchi bank omonat turlarini taklif qilish, uning uchun banklarda kredit foizlarini kamaytirish, yaʼni real amaliy ishlar bajarish zarur, deb bilamiz. Chet el tajribasini qoʻllagan holda kredit berish uchun talab qilinadigan hujjatlarning minimal darajaga tushirish (2-4 tadan oshmasligi kerak).

Tijorat banklari tomonidan aholining omonatlarini jalb qilish maqsadida xususan, omonatga real inflyatsiya darajalaridan kam boʻlmagan miqdorlarda foiz hisoblash bilan bir qatorda, yutuqli omonat turlarini keng joriy yetish lozim boʻladi. Bunda avvalo adolatlilik tamoyillariga toʻliq rioya qilish va har oy yakuni bilan yutuq egalarini ochiq, oshkora taqdirlashlarni oʻtkazish yaxshi samara berishi mumkin. Shu bilan birga omonatchining birinchi talabiga koʻra omonat pulini qaytarish ham ishonch oshishiga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, kapital bozorini rivojlantirish va davlat qimmatli qogʻozlarini jismoniy shaxslarga sotishni tashkillashtirish.

Bugungi kunda davlat qimmatli qogʻozlari banklarga birlamchi bozorda va yuridik shaxslar uchun ikkilamchi bozorda sotiladi. Bizda hozirgi kunda yuridik shaxslar ulushi juda ham kam miqdorni tashkil yetadi. Shuningdek, mazkur qimmatli qogʻozlarni jismoniy shaxslarga va chet el investorlariga sotish koʻzda tutilmagan. Davlat qimmatli qogʻozlari ushbu toifalar uchun ham chiqarilishi zarur.

Uchinchidan, qimmatli kogʻozlarni xarid qilayotgan shaxslar soliq imtiyoziga muhtoj emas. Qonunchilikka koʻra qimmatli qogʻoz sotib olgan jismoniy va yuridik shaxslar olayotgan dividendlaridan foyda soligʻi toʻlaydi. Bu bozor bizda deyarli rivojlanmaganini hisobga olsak, ushbu soliqlar bekor qilinishi katta yoʻqotishlarga sabab boʻlmaydi, aksincha aholining qimmatli qogʻozlarga boʻlgan qiziqishi ortib va sotib olishiga ishonch paydo qiladi.

Toʻrtinchidan, mamlakat yalpi ichki mahsuloti tarkibida “xufiyona iqtisodiyot” sektori ulushini qisqartirishga qaratilgan choralar belgilash. Bunda yangidan roʻyxatdan oʻtib ish boshlagan va norasmiy faoliyatini rasmiylashtirgan tadbirkorlik subyektlariga birinchi uch yilda soliq imtiyozlari berish va ularga infratuzilma qulayliklarini yaratishda, axborot texnologiyalarini oʻzlarida joriy yetishda davlat tomonidan sheriklik asosida koʻmaklashish, tekshiruvchilar sonini keskin qisqartirib, masofadan turib kameral oʻrganishlar oʻtkazishga keng imkoniyat yaratish natija berishi mumkin.

Shuningdek, ragʻbatlantiruvchi va taqiqlovchi chora-tadbirlar muvozanatiga eʼtibor qaratilishi lozim. Ragʻbatlantiruvchi chora-tadbirlar tom maʼnoda tadbirkorlarga foyda keltirishi lozim. Masalan, jismoniy shaxslarning daromad soligʻi kamaytirilishi, litsenziya va ruxsat etuvchi tartib qoidalarning soddalashtirilishi yoki bekor qilinishi, yuridik shaxslarga soliq imtiyozlari berilishi va hokazolar. Shuningdek, taqiqlovchi normalarni, yaʼni turli jarima va toʻsiqlarni aniq belgilab berish va tadbirkor tomonidan amal qilinmasa javobgarlikka tortilishi mumkinligini taʼkidlash joiz.

Beshinchidan, aholi tadbirkorlik bilan shugʻullanishi uchun haqiqatda davlat tomonidan yordam berilishi kerak. Keyingi yillarda tadbirkorlik bilan shugʻullanish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda ancha yengilliklar berildi, lekin joylardagi ijro organlari tomonidan yer, boʻsh binolarni ajratilishida hanuzgacha muammolar borligi koʻzga tashlanmoqda. Ayniqsa yer ajratilishi boʻyicha faqat tuman va shahar hokimlarning qarorlari asosida yoki kim oshdi savdolari orqali berilish nomigagina yuzaki bajarilmoqda. Barcha darajadagi deputatlar ishtirokida yerlar va boʻsh turgan binolarni shahar va tuman Kengashning sessiyalari Qarori bilan ajratilishini yoʻlga qoʻyish bu jarayonga aniqlik va shaffoflik kiritadi.

Nega bankda pul saqlamaymiz?

Aholi orasida bank depozitlari kam tarqalganligining asosiy sabablaridan biri Oʻzbekiston bank sektoriga davlat ulushining yuqoriligi hisoblanadi (bank aktivlarining 85 foiz qismi 13 davlat bankiga tegishli). Hozirda davlat banklarning asosiy resurs bazasini davlat tomonidan ajratilgan resurslar tashkil etadi (bank majburiyatlarining 60 foiz). Aholi tomonidan banklarga qoʻyiladigan omonatlar miqdorini oshirish maqsadida:

- bank sektorida davlat ulushini qisqartirish (joriy 85 foizidan
2025-yilgacha 40 foizgacha qisqartirish);

- banklarga gʻaznachilik yoʻnalishini rivojlantirish orqali aholi omonatlari jalb etilishini oshirish;

raqamli bank xizmatlarini rivojlantirish hisobiga, onlayn omonatlar jalb etish jarayonini soddalashtirish zarur.

Aholi mablagʻlarining banklarsiz ham jalb etish mumkin

Aholing boʻsh turgan mablagʻlarini moliya bozori professionallari tomonidan boshqariladigan quyidagi fondlarga tikilishi maqsadga muvofiq

Xususiy pensiya jamgʻarmalari ushbu jamgʻarmalar sonining oshirilishi ular oʻrtasida raqobatni kuchayishiga hamda aholi oʻrtasida boʻsh pul mablagʻlarni jamgʻarish boʻyicha tanlovlarning kengayishiga olib keladi. Oʻz navbatida bu ixtiyoriy tushumlarni koʻpayishiga olib keladi.

Xedj-fondlar (Hedge Fund) ning asosiy vazifasi aholi orasidagi boʻsh mablagʻlarini bir joyga yigʻish va ushbu pul mablagʻlarini turli xil qarz instrumentlariga yoʻnaltirishdan iborat. Kredit portfeli asosan risk (tavakkalchilik) darajasi yuqoriroq boʻlgan qarz instrumentlaridan tashkil topadi;

Xususiy kapital fond (Private Equity Fund)larida xedj-fondlaridan farqli oʻlaroq, yigʻilgan pul mablagʻlari turli xil kompaniyalarning aksiyalariga va foydali investitsion proyektlarga yoʻnaltiriladi. Portfeli asosan turli xil kompaniya aksiyalaridan tashkil topadi.

Koʻrib turganingizdek, bizning asosiy boyligimiz, investitsiyamiz xalqimiz. Faqatgina ularga yetarli va ragʻbatlantiruvchi sharoitlarni yaratibgina har ikki tomon uchun ham foydali bitimga erishish mumkin.

Shundagina xalq boyligi – yurt boyligiga aylanadi.

Abdugʻani UMIROV,
Dilshod XAMZAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari,
“Adolat”SDP fraksiyasi aʼzolari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?