Mablagʻlar nega oʻz vaqtida oʻzlashtirilmadi? Qoʻmita davlat byudjetining birinchi yarim yillikdagi ijrosini koʻrib chiqdi

19:31 25 Avgust 2020 Siyosat
229 0

Xabar berganimizdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2020-yilning birinchi yarim yilligidagi ijrosi koʻrib chiqilmoqda. Ushbu masala siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan keng muhokama qilindi.

Parlament quyi palatasining yigʻilishida qoʻmita aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2020-yilning birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotini koʻrib chiqdilar.

Videokonferensiya tarzida oʻtkazilgan yigʻilishda deputatlar kun tartibidagi masala boʻyicha dastlab Moliya vazirligining, soʻngra taklif etilgan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa idoralar rahbarlarining hisobotlarini eshitishdi.

Hisobotda 2020-yilning birinchi yarim yilligida Davlat byudjetining daromadlari ijrosi 58 157,0 mlrd.soʻmga yoki oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 15 foizga koʻp mablagʻ tushirilishiga erishilgan. Byudjet daromadlari tasdiqlangan yillik parametrlarga nisbatan 45,3 foizga ijro etilganligi eʼtirof etildi.

Byudjet daromadlaridagi yoʻqotishlar asosan pandemiya sharoitida soliq toʻlovchilarga berilgan imtiyozlar va preferensiyalar, tabiiy gaz eksporti narxlarining jahon bozorida pasayib ketishi hamda iqtisodiyotda tadbirkorlik faolligining susayishi tufayli yuzaga kelganligi aytib oʻtildi.

Pandemiya sharoitida iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida hukumat tomonidan qabul qilingan tizimli choralar va jahon bozorida ayrim eksport mahsulotlari konyunkturasining yaxshilanishi yoʻqotilgan daromadlar oʻrnini qisman qoplash imkonini berdi.

Natijada bevosita soliqlardan tushgan daromad 105,3 %, shu jumladan jismoniy shaxslardan daromad soligʻi 107,2 %, foyda soligʻi esa 104,4 % ni tashkil qildi. Bilvosita soliqlardan tushumlar rejaga nisbatan 118,9 %, shu jumladan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha tushumlar 122,6 %, aksiz soligʻi esa 112,8 foizni tashkil qildi.

Davlat byudjetining 2020-yil 1-yarim yillik xarajatlari ijrosi esa 64 878,9 mlrd. soʻmni yoki aniqlangan rejaga nisbatan 90,3 foizni tashkil etgan.

Pandemiya sharoitida yuzaga kelgan qiyinchiliklarga qaramasdan byudjet tashkilotlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlari toʻliq moliyalashtirib berildi. Ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan umumiy xarajatlarning 53,4 foiz miqdorida mablagʻ sarflandi. Ushbu xarajatlarning 87 % ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab quvvatlash maqsadida sarflandi.

COVID 19 tufayli yurtimizda yuzaga kelgan epidemiologik holatni nazoratga olish va yaxshilash maqsadida sogʻliqni saqlash sohasini davlat byudjetidan oʻz vaqtida yetarli darajada moliyalashtirish ishlariga alohida eʼtibor berilganligi hisobotda batafsil yoritilgan. Hisobot davrida ushbu sohaga ajratilgan mablagʻlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 21,7 foizga koʻpdir. 

Muhokamalarda parlament aʼzolari hozirgi murakkab sharoitda, Sogʻliqni saqlash sohasiga tasdiqlangan byudjet mablagʻlaridan tashqari “Inqirozga qarshi kurashish” jamgʻarmasi hisobidan ham mablagʻlar yoʻnaltirilganiga xususan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va uning hududiy markazlariga “Koronavirus”ning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan tadbirlarga jami 724,3 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilganiga eʼtibor qaratishdi.

Shu bilan birga deputatlar byudjet mablagʻlardan foydalanish samaradorligini oshirishda mavjud kamchiliklar, byudjet mablagʻlaridan foydalanishda hali ham qonunbuzilish holatlari kamaymayotganligi, aksincha oʻtgan yilning mos davriga nisbatan bir necha barobarga oshishiga yoʻl qoʻyilgan holatlarga tanqidiy baho berishdi.

Xususan, hisobot davrida Investitsiya dasturining parametrlariga pandemiyaning salbiy taʼsiridan kelib chiqib aniqlashtirishlar kiritilishi, ayrim xarajat turlari maqbullashtirilganiga qaramasdan dastur ijrosi uchun ajratilgan mablagʻlarni oʻzlashtirish darajasi 35 foizni tashkil qilmoqda. Shu oʻrinda deputatlar 2020-yilgi tasdiqlangan Investitsiya dasturida ijtimoiy soha obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash ishlarining ayni paytdagi holati qoniqarsiz darajada ekanligini aytib oʻtdilar. Ushbu maqsadlarda sohaga ajratilgan 4 592,3 mlrd. soʻm mablagʻdan joriy yilning 1-iyul holatiga 27 foizi oʻzlashtirilgan xolos.

Xususan, 2020-yil Investitsiya dasturi doirasida maktabgacha taʼlim muassasalariga ajratilgan mablagʻlarning 11 foizi, umumtaʼlim maktablariga ajratilgan mablagʻlar yillik rejaning 40 foizi, sogʻliqni saqlash muassasalariga ajratilgan mablagʻlarning 33 foizi, oliy taʼlim muassasalariga koʻzda tutilgan mablagʻlarning 33 foizi oʻzlashtirilgan xolos. Maktabgacha taʼlim vazirligiga ajratilgan 55 ta maktabgacha taʼlim muassasasini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash ishlari uchun ajratilgan 200,0 mlrd. soʻm mablagʻlar hisobot davriga qadar umuman oʻzlashtirilmaganligi tufayli jami oʻzlashtirilgan investitsiya mablagʻlari 10 foizni tashkil qilgan.

Bundan tashqari, 2020-yilda hududiy ahamiyatdagi ijtimoiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari boʻyicha 128 ta obyektni qurish, rekonstruksiya qilish ishlari uchun jami 819,2 mlrd. soʻm yoʻnaltirilishi nazarda tutilgan boʻlib, ayni paytda ushbu mablagʻlardan 33 foizi oʻzlashtirilgan.

Muhokamada deputatlar shuningdek Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligida obyektlarning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmaganligi hamda tender (tanlov) savdolari oʻz vaqtida oʻtkazilmaganligi sababli, 112,8 mlrd. soʻmlik 19 ta umumiy foydalanishdagi 98,2 km uzunlikdagi avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari boshlanmaganligi va moliyalashtirish ochilmaganligini, bunday holat oʻz navbatida avtomobil yoʻllarini modernizatsiya qilish boʻyicha qabul qilingan Davlat dasturlarining bajarilmasligiga olib kelishini taʼkidladilar.

Shu bois, deputatlar tomonidan Davlat byudjeti va uni ijrosini koʻrib chiqish jarayonlari, hozirgi murakkab pandemik vaziyatda mablagʻlardan oʻz oʻrnida, maqsadli sarflanishiga alohida eʼtibor qaratish zarurligi va bu borada hal etilishi lozim boʻlgan bir qator dolzarb muammolarga ham eʼtibor qaratildi.

Deputatlarning fikricha, joylarda oʻtkazilgan 2010 ta nazorat tadbirlarida aniqlangan 81,7 mlrd. soʻm byudjet intizomi buzish, pul va tovar moddiy boyliklar kamomadi va asossiz xarajatlarni amalga oshirish holatlari, byudjet mablagʻlaridan foydalanishda qonunbuzilishlar ularning kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilishni, bu kabi holatlarning oldini olishga qaratilgan asoslangan takliflar ishlab chiqishni va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritib borish lozim.

Muhokamalar chogʻida deputatlar ayniqsa, pandemiya sharoitida Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining kelgusi davr uchun oʻz vaqtida, sifatli ijro etilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, buning uchun xalq deputatlari tegishli Kengashlari bilan doimiy hamkorlik qilish zarurligini taʼkidlardi.

Yigʻilish yakuniga koʻra, “Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2020-yilning birinchi yarim yilligi ijrosi toʻgʻrisida”gi hisobot yuzasidan Qoʻmita qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?