Luvrda Oʻzbekistonga bagʻishlab uyushtiriladigan koʻrgazma kutilmagan, barchani hayratga soladigan boʻladi

11:11 08 Oktyabr 2018 Madaniyat
1204 0
Foto: Luvr muzeyi

Yaqinda mamlakatimizda Luvr muzeyining islom sanʼati boʻlimi direktori Yanik Lins boshchiligidagi delegatsiya mehmon boʻldi. Bundan koʻzlangan maqsad — 2021 yilda Luvrda boʻlib oʻtadigan “Ipak yoʻlidagi sivilizatsiya va madaniyatlar” koʻrgazmasi uchun Oʻzbekiston muzeylaridan tanlangan eksponatlar boʻyicha mutaxassislar fikrini oʻrganishdan iborat edi.

Shu oʻrinda, mazkur sanʼat koshonasi haqida qisqacha maʼlumot bersak. Luvr — ­dunyodagi eng mashhur muzeylardan biri. U Parij shahri markazi, Sena daryosining oʻng qirgʻogʻi, Rivoli koʻchasida joylashgan. Majmua hududi Lyudovik XIVning otliq haykali turgan joydan boshlanadi. Muzey binosi qadimiy qirol saroyidir.

Islom sanʼati boʻlimi 2015 yilda ochilgan. Bu yoʻnalishdagi eksponatlar Luvrning uch ming kvadrat metrdan iborat Viskonti zaliga joylashtiriladi. Boy merosning toʻlaligicha ommaga qiziqarli va tushunarli boʻlishi uchun yangi maydon xronologik tarzda toʻrt qism­ga boʻlingan. Har bir ­eksponat ostiga qisqa satrlarda izoh berilgan.

Muzey egallagan maydoni boʻyicha jahondagi ana shunday maskanlar orasida uchinchi oʻrinda turadi. Uning maydoni bir yuz oltmish ming kvadrat metrni tashkil etadi. Dunyoda eng koʻp ziyoratchi tashrif buyuradigan majmua ham shudir. Uni yiliga ­sakkiz million besh yuz ming nafar kishi ziyorat qiladi.

— 2021 yil Luvrda Oʻzbekistonga bagʻishlab tashkil etiladigan koʻrgazma kutilmagan, barchani cheksiz hayratga soladigan boʻladi, — deydi Luvr muzeyining ­islom sanʼati boʻlimi direktori Yanik Lins. — Chunki yurtingizning boy madaniy merosi nafaqat fransiyaliklarda, balki muzeyimizga tashrif buyuradigan millionlab sayyohlarda katta qiziqish uygʻotishi shubhasiz. Safarimiz davomida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq­shunoslik instituti, “Afrosiyob” Samar­qand shahar tarixi muzeyi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Moʻyi Muborak madrasasi va Oʻzbekistonning boshqa muzeylarini borib koʻrdik. Izlanishlarimiz yakunlari boʻyicha saralab olingan har bir eksponat boʻyicha xulosa berilib, koʻrgazma uchun yagona roʻyxat shakllantirildi. Oʻylaymanki, bu koʻrgazma ikki davlat oʻrtasidagi madaniy munosabatlar rivojida muhim oʻrin egallaydi.

Ayni paytda Luvr bilan birgalikda Oʻzbekistonda muzey eksponatlarining konservatsiyasi va restavratsiyasi boʻyicha mobil laboratoriya yaratish, shuning­dek, “Ekol de Luvr” mak­tabi bilan birgalikda muzey mutaxassislari va sanʼatshunoslari malakasini oshirish boʻyicha bir nechta maʼruza hamda amaliy seminarlar tashkillashtirish ustida ishlar olib borilyapti.
O. LUTFULLAYEV
tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?