“Lukoyl” rahbar xodimining nomaqbul hatti-harakatlariga munosabat bildirildi

09:35 14 Noyabr 2019 Jamiyat
392 0

“Lukoyl Uzbekistan Opereyting Kompani” MCHJ rahbar xodimi tomonidan Qashqadaryo viloyatida joylashgan Jarquduq majmuasi ishchilari shaʼniga nomaqbul soʻzlar aytayotgani aks etgan videolavha shu kunlarda internet foydalanuvchilarining keskin eʼtiroziga sabab boʻlmoqda.

“Yuksalish” umummilliy harakati mazkur masala yuzasidan munosabat bildirar ekan, qanday holat boʻlishidan qatʼi nazar, ayniqsa “Lukoyl” kabi yirik kompaniya vakili tomonidan bunday xatti-harakatlarning amalga oshirilishi jiddiy eʼtibor qaratish lozim boʻlgan holat, deb baholaydi. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, xizmat vazifasini bajarish davomida yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar uchun masʼul xodimlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda jazo choralarini koʻrish eng toʻgʻri yoʻl ekanligini eslatadi. Bir guruh shaxslarni millat yoki etnik kelib chiqishini nazarda tutgan holda haqoratlash yoki kamsitishga esa aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.

Boz ustiga Oʻzbekistonda tarixan millatlararo totuvlik, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlari juda yaxshi rivojlangan. Bagʻrikenglik oʻzbek xalqining yuksak fazilati hisoblanadi.

Shu munosabat bilan, “Yuksalish” umummilliy harakati kompaniya rahbariyatidan kelgusida bunday holatlarga takror yoʻl qoʻymaslik haqida, shuningdek, mazkur salbiy holat ishtirokchisiga nisbatan koʻrilgan chora yuzasidan yaqin vaqt davomida jamoatchilikka axborot berish lozim deb hisoblaydi. Zero, shaxs qadr-qimmati, uning shaʼni daxlsizligi Oʻzbekiston qonunchiligi hamda xalqaro normalarga muvofiq oliy qadriyat hisoblanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?