Oʻzbekistonda Janubiy Koreya texnologiyasi asosida marmar goʻsht yetishtiriladi

13:28 17 Avgust 2019 Jamiyat
225 0

Illyustrativ foto

Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda yurtimizda yirik shoxli qoramolning 94 foizi aholi xonadonlarida boqiladi. Shu bois chorvachilikda sifatli ozuqa mahsulotlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, tarmoqqa innovatsiion loyihalarni tatbiq etish ayni muddaodir.

Oʻzbekiston Respublikasi Veterenariya va chorvachilikni rivojlantirish davalat qoʻmitasi, Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Janubiy Koreyaning — KOPIA (Korea Program on International Agriculture) markazi tomonidan Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanidagi “Niyozboshi” qishloq fuqarolar yigʻinidagi xonadonda tashkil etilgan chorvachilikni rivojlantirish borasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan zamonaviy texnologiyaga bagʻishlangan seminarda ham shular xususida soʻz yuritildi.

— Tadbirning xonadonda oʻtkazilishi bejiz emas, — deydi markaz direktori, Toshkent davlat agrar universiteti faxriy professori An Xi Sung. — Chunki loyihaning oʻzi xonadonlarda qoramol boqish orqali yuqori sifatli goʻsht yetishtirishga qaratilgan. Oʻzbekistonda 2009-yilda ish boshlaganmiz. Shu davr ichida bir qator loyihalarni yoʻlga qoʻygan boʻlsak, xonadonlarda marmar goʻsht yetishtirish loyihasieng asosiylaridan biri hisoblanadi. Chunki yurtingiz qishloqlaridagi deyarli barcha xonadonda chorva mollari mavjud.

Mazkur loyiha ikki yilga moʻljallangan boʻlib, bu yil nihoyasiga yetkaziladi. Bunda har bir viloyatdan 30 ta xonadonga 3 boshdan qoramol olib berildi. Ikki yil davomida ular Janubiy Koreya texnologiyasi asosida maxsus ratsion bilan boqilib, doimiy nazoratda boʻladi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad aholi orasida jahon bozorida eng qimmat hisoblanmish marmar goʻsht yetishtirish texnologiyasini targʻib qilishdir.

Bilamiz, hozirgi kunda odamlar orasida eng koʻp muhokama boʻlayotgan mavzulardan biri goʻsht narxi oshib ketayotgani bilan bogʻliq. Shunday ekan, ushub loyiha bu borada qanchalik ahamiyatga ega?

— Binobarin, loyihadan koʻzlangan maqsad ham shu — mahsuldorlikni oshirish, — deydiChorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Aʼzamjon Nurmatov. — Chunki asosiy qoramollar aholi qoʻlida. Yaʼni bozorga toʻsht yetkazib beruvchilar ular. Shunday ekan, odamlar qaramogʻidagi chorva mollari mahsuldoriligini oshirsa, bu oʻz-oʻzidan goʻsht narxiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Ushbu loyihaning yana bir ahamiyatli jihati, qoramollar chetdan olib kelinmaydi. Mahalliy zotlar mahalliy sharoitda 20 oy davomida parvarishlanadi. Qolaversa, bu orqali ozuqalardan samarali foydalaniladi. Bu boʻyicha hech qanday chiqit chiqarilmaydi. Nimaning evaziga? Gap shundaki, dastlab mollarga beriladigan ozuqaning barchasi aralashtiriladi. Keyinchalik u issiq ob-havo sharoitida bir kun, qish oylarida esa toʻrt-besh kungacha turadi. Shunda uning tarkibidagi foydali moddalar saqlanib qoladi va u kuniga ikki mahal berib boriladi. 

Oddiy usulda boqilgan qoramolning tirik vazni oʻrtacha 300 kilogrammni tashkil qilsa, bu usulda esa 450-500 kilogrammgacha yetkazish mumkin. Ayni paytda respublikamizda 13 millionga yaqin yirik shoxli mollar borligini inobatga olsak, mazkur loyiha ham mamlakatimizda yetishtirilayotgan goʻsht mahsulotlari hajmini koʻpaytirish imkonini beradi.

Loyihaning keyingi bosqichida bu boradagi ishlarni yanada kengaytirish, xususan,seleksiya ishlarini rivojlantirishga eʼtibor qaratiladi.

Dilshod ULUGʻMURODOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?