Logistika, mehmonxonalarda joy yetishmasligi... Turizm rivojiga yana nimalar toʻsqinlik qilyapti?

15:41 30 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
726 0

Logistika, infratuzilma, mehmonxonada joy yetishmasligi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish zarurati, tarmoqda kadrlari salohiyatini oshirish bilan bogʻliq qator muammolar 2025 yilgacha Oʻzbekistonda Turizmni rivojlantirish konsepsiyasi loyihasida oʻz aksini topgan boʻlishiga qaramay, mamlakatimiz hududlari, vazirliklar va idoralardan, joylarda ishlayotgan senatorlardan kelayotgan materiallarni oʻrganish, shuningdek, ekspertlar soʻrovi haligacha turizm sohasini barqaror rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan bir qancha qoʻshimcha muammolarni aniqlash imkonini berdi.

Xususan, Oʻzbekiston turistik brendini tashqi bozorlarda tanitish boʻyicha yagona strategiya mavjud emas. Kirish vizalari bekor qilinganidan keyin turistlar oqimi koʻpaygani turizm bilan bogʻliq byurokratik tartib-taomillarni erkinlashtirishga qaratilgan faoliyatni davom ettirish lozimligini koʻrsatmoqda.

Ayniqsa, xorijlik mehmonlar uchun Oʻzbekistondan joylarni band qilib qoʻyishning xalqaro tizimlari bilan integratsiyalashuvning yoʻqligi, avia va temir yoʻl chiptalarini onlayn xarid qilish tizimi yoʻlga qoʻyilmagani, umuman, shaharlararo avtobuslar qatnovining yoʻqligi tarmoqni rivojlantirish yoʻlidagi yana bir jiddiy toʻsiqlardan biri. Shu munosabat bilan mehmonxonalar, restoranlarda joyni zaxira qilib qoʻyish va band qilish boʻyicha zamonaviy mexanizmlar hamda texnologik yechimlarni joriy etish zarur.

Dolzarb muammolar va ularning amaliyotda samarali hal qilish bilan bogʻliq aniq takliflar Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining navbatdagi majlisida oʻrganildi.

Qoʻmita aʼzolari tomonidan mavzuga aloqador masʼullar – Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligi va qator manfaatdor idoralarning 2018-2019 yillarda turizmni rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi axboroti tinglandi.

Yuqorida tilga olingan muammolardan tashqari, malakali kadrlarning yetishmasligi — zudlik bilan hal etilishi zarur boʻlgan yana bir masaladir. Bu turizm sohasida uzluksiz taʼlimning koʻp bosqichli tizimi yoʻqligi, eskirgan oʻquv rejalari va dasturlari qoʻllanilayotgani, taʼlim jarayoniga innovatsion texnologiyalar joriy etish darajasining yetarli emasligi bilan izohlanadi. Mutaxassislar turizm-rekreatsion koʻrinishidagi alohida iqtisodiy zonalarni rivojlantirish negizida taʼlim klasterlarini shakllantirish, sayohat industriyasi professional ishtirokchilari bilan birgalikda oʻqitish tizimlarini qayta koʻrib chiqish yuzasidan takliflar bildirdi.

Qoʻmita bildirilgan har bir taklif va mulohazalarni oʻrganishi va tegishli tarzda “yoʻl xaritalari”ga kiritishi haqida maʼlum qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?