Lizing mashmashasi

16:39 07 Oktyabr 2019 Jamiyat
586 0

Bugun avtomashina olishda, ayniqsa, lizing shartnomasi boʻyicha xaridlarda ayrim tushunmovchiliklar, bahsli vaziyatlar ham sodir boʻlmoqda. Tahririyatimizga Qashqadaryo viloyati, Koson tumanidan maktub yoʻllagan Shahboz Islomovning murojaatida ham shu bilan bogʻliq muammo koʻtarilgan.

Shikoyatchining taʼkidlashicha, 2018-yil 5-mart kuni “Umid avtolizing” korxonasi bilan “Damas” rusumli avtomashina sotib olish uchun 3 yil muddatga lizing shartnomasi tuzib, toʻlovning 30 foizini toʻlagan. Shartnomada bir oylik toʻlov 1 581 585 soʻmni tashkil etishi qayd etilgan. Xaridor, oʻzining urgʻu berishicha, har oy oʻz vaqtida toʻlovni amalga oshirgan.

2019-yilning iyul oyiga kelib, Sh. Islomov iqtisodiy ahvoli ogʻirlashgani uchun toʻlovni amalga oshira olmagan. Shu sabab, 26-iyul sanasida korxona vakillari “avtomashinani texnik koʻrikdan oʻtkazib beramiz”, deb hech qanday hujjat taqdim etmasdan olib ketgan. Avtomashina texnik koʻrikdan oʻtkazilganidan soʻng, qaytarib olishda qiyinchilik boʻlmasligi uchun shikoyatchi joriy yilning 6-avgust kuni iyul hamda avgust oylari uchun toʻlovni toʻlab, barcha oylik toʻlovlaridan qutulgan. Mashinadan esa haliyam xabar yoʻq. Buni Sh.Islomov maktubda quyidagicha izohlaydi:

“Ularning bosh ofisiga murojaat qilganimda, avtomashinamning umumiy qiymatidan 28 468 540 soʻm qolganligini, ushbu summani birdaniga qoʻshimcha 10 mln. soʻm bilan jami 38468540 soʻm toʻlab, avtomashinani olib ketishim mumkinligini, aks holda hozirgacha toʻlagan pullarimga va avtomashinaga kuyib qolishim tushuntirildi. Buning sababini soʻraganimda, shartnomada koʻrsatilgan, degan turli bahonalarni keltirishdi. Men Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosiman hamda oʻzbek tilida lotin alifbosida taʼlim olganligim sababli ularning rus tilida yozilgan shartnoma mazmunini tushunmagan holda imzolab berganman. Korxona mutasaddilari ham menga shartnoma mazmuni va mohiyati toʻgʻrisida hech qanday tushuncha berishmagan...”

Mana shu yerda ilkis xoʻrsinadi odam: Yana shu masala, yana ona tilimizga eʼtiborsizlik. Bu ogʻriqli mavzu. Haligacha ayrim hujjatlar rus tilida yurtilmoqda. Savol ustiga savol tugʻiladi: Xoʻsh, rus tilini bilmaganlar-chi? Ular ikki orada sarson boʻlib yuraveradimi? Birgina, yuqoridagi holatda ham shartnoma rus tilida tuzilgani, mijoz nima yozilganiga tushunmasdan imzo chekkan (lekin aslida bilmasdan imzo chekishni ham oqlab boʻlmaydi — bizning izoh) alaloqibat shuncha sarsongarchilik yuzaga kelgan. Qaysi korxona yoki tashkilot boʻlishdan qatʼi nazar, oʻz mijozi yoki hamkori bilan bitim tuzarkan, unda belgilangan qonun-qoidalar, shartlar ilovasi oʻzbek tilida izohlanmasa, jilla qursa, ogʻzaki tushuntirib berilmasa, har qadamda tushunmovchiliklar, qonunbuzarliklar kelib chiqaveradi.

Lizing asosida olinadigan avtomashina shartnomasi faqatgina rus tilida berilishi nafaqat isteʼmolchining huquqlarini poymol qilish, balki Davlat tiliga ham hurmatsizlikdir.

Xaridorga korxona tomonidan berilgan rus tilidagi shartnoma bilan tanishar ekanmiz, uning 7.1 Tomonlarning huquq va majburiyatlari qismi “b” bandida keltirilgan “Sugʻurtalovchi (korxona)dan shartnoma yuzasidan maslahat soʻrashi”, shuningdek, 7.4 Sugʻurtalovchi majburiyatlari qismi “a” bandida “Lizing oluvchi hamda Lizing beruvchi shartnoma shartlari bilan tanishtirilishi” kerakligi alohida belgilangan. Bu rus tilida taqdim etilgan hujjat davlat tili boʻlgan oʻzbek tilida ham ilova qilinishi yoki ogʻzaki izoh berilishi shart ekanini anglatadi. Xoʻsh, amalda shunday boʻlganmi? Biz bunga aniqlik kiritish maqsadida korxona bosh ofisiga murojaat qildik.

— Biz Sh.Islomovga shartnoma shartlarini tushuntirganmiz. — deydi “Umid avtolizing” korxonasi direktori Umid Pattaxov. — Avtomashinani olib qoʻyganimizga sabab, oylik toʻlovlar bir necha bor vaqtida bajarilmagan, ogohlantiruv xatlari yuborishimizga qaramay xaridor takror va takror kechikkan. Oylik toʻlovga kechikkan taqdirda xaridorga jarima solinishi shartnomada ham qayd etilgan va buni shikoyatchiga tushuntirganmiz. Endilikda ushbu masala yuzasidan fuqarolik sudiga murojaat yuborilgan, fuqaro shartnomada keltirilgan jarimani toʻlasagina mashinani qaytarib olishi mumkin.

Bu — ikkinchi tomonning javobi. Mutasaddi shaxs aytganidek, agar masala sudda koʻriladigan boʻlsa, unda qonuniy xulosani sud chiqaradi. Lekin shu oʻrinda yana bir maʼlumot eʼtiborimizni tortdi. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi matbuot xizmatining xabariga koʻra, “Umid avtolizing” MCHJ bilan bogʻliq bu kabi muammolar Andijon, Fargʻona va Buxoro viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi filiallarida ham kuzatilgan. Na pulini, na mashinasini ololmayotgan fuqarolar faqatgina Federatsiya aralashuvi bilan muammolarini hal qilmoqda...

Takror aytamiz, biz har ikkala tarafning ham fikrlariga quloq tutdik. Aslida har ikkala tarafning aybi oʻziga yarasha. Ammo masala ochiqligicha qolmasligi kerak. Zero, huquq va majburiyat hamma uchun barobar.

Bu mavzuga yana qaytamiz.

Yulduz OʻRMONOVA

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?