Laziz TOʻYCHIYEV: Maqsadimiz — yetuk mutaxassislarni kamolga yetkazish

17:46 21 Oktyabr 2019 Jamiyat
111 0

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida har bir sohani zamon talablari asosida rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, tibbiy taʼlim tizimida kadrlar tayyorlashda xalqaro ilgʻor tajribalar, innovatsion texnologiyalarga tayanilyapti. Bu hozirgi kunda Toshkent tibbiyot akademiyasi faoliyatida ham oʻz amaliy ifodasini topayotir. Bunda Prezidentimizning 2017-yil 5-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida tibbiy taʼlim tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim oʻrin tutmoqda.

Ushbu hujjat ijrosi doirasida tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari muddati 7 yildan 6 yilgacha qisqartirildi. Shundan “Tibbiy profilaktika” yoʻnalishida taʼlim 5 yil qilib belgilandi. Oʻquv rejalaridagi ijtimoiy-iqtisodiy fanlar boʻlimi 23 foizdan 7 foizga qisqartirilib, klinikagacha va klinikaga oid fanlar uchun soatlar hajmi 55 foizdan 85 foizgacha oshirildi. Xalqaro standartlarga mos yangi oʻquv rejalari ishlab chiqildi. Bularning barchasi yangi oʻquv rejalari, yangi fan dastur va adabiyotlarini yaratishga xizmat qilmoqda. Dars jarayonining 50 foizdan ortigʻi nazariy va amaliy tarzda olib borilishi, bilimlarni baholashning 60 foizi amaliyotga ajratilgani ham taʼlim berish sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Davlatimiz rahbari akademiklar, ilm-fan va taʼlim sohasi mutasaddilari bilan har uchrashganida sohani davr talablaridan kelib chiqib yangi bosqichga koʻtarish, unga innovatsion yangiliklarni izchil tatbiq etish, ishlab chiqarish bilan uzviylikni taʼminlash, xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish borasida zarur koʻrsatma va topshiriqlar beradi. Shundan kelib chiqib, olis hamda yaqin xorijning nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatmoqdamiz. Qoʻshma dasturlar asosida yangi mutaxassisliklar ochilyapti, oʻquv jarayoniga innovatsion usullarni jalb etishga qaratilgan oʻquv-laboratoriya va markazlari tashkil qilinmoqda. Mazkur yoʻnalishda xorijiy taʼlim dargohlari bilan jami 55 ta shartnoma va memorandum imzoladik hamda ular asosida talabalar, pedagoglar almashinuvi muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, 2017-yildan buyon 231 nafar pedagogimiz chet elda malaka oshirib, stajirovka oʻtadi, 185 nafar xorijiy professor-pedagog akademiya oʻquv jarayoniga jalb etildi.

Koreya Respublikasi Koryo universiteti bilan “Atrof-muhit gigiyenasi” ilmiy-amaliy laboratoriyasi, Koreya sogʻliqni saqlash sanoatini rivojlantirish instituti bilan hamkorlikda Xalq tabobati markazi, I. M. Sechenov nomidagi Birinchi Moskva davlat tibbiyot universiteti bilan birgalikda Oliy taʼlim muassasalararo markazlari faoliyat boshladi. Tashkil etilgan videokonferensiya aloqa studiyalari orqali xorijiy davlatlar universitetlari, shuningdek, akademiyamiz filiallari bilan bevosita masofaviy taʼlim yoʻlga qoʻyildi. Bir oʻquv yilida akademiyaning tajribali professor-oʻqituvchilari tomonidan Termiz, Urganch, Fargʻona filiallari talabalari uchun fanlar boʻyicha 150 dan ortiq onlayn maʼruzalar oʻqiladi. Rossiya, AQSH, Janubiy Koreya, Germaniya kabi rivojlangan davlatlarning yetakchi tibbiyot oliy taʼlim dargohlari bilan 30 dan ortiq onlayn konferensiya, seminarlar oʻtkaziladi. Shuningdek, akademiya professor-oʻqituvchilari tomonidan 38 ta yangi oʻquv adabiyotlari chop etildi, akademiya kutubxonasi 850 million soʻm miqdordagi 11 107 ta oʻquv va badiiy adabiyotlar bilan boyitildi. Oʻquv jarayonini axborot texnologiya vositalari bilan taʼminlash uchun 2017-2018-yillarda 2 milliard 800 million soʻmlik kompyuter texnikasi va boshqa asosiy vositalar xarid qilingan boʻlsa, joriy yil boshidan shu kunga qadar ushbu vositalarga 615 million 210 ming soʻmlik xarajat qilingan. Akademiya hududida Wi-Fi zonalari tashkil etilib, internet resurslaridan foydalanish tezligi 100 Mb/s. ga yetkazildi.

Taʼlim dargohimizda Simulyatsion oʻqitish markazining ochilishi talabalarni gʻoyat xursand qildi. Bu yerda ularning nazariy bilimlarini amaliy koʻnikmalar bilan mustahkamlab, tajribalarini oshirishiga keng qulayliklar yaratilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda “Akademik innovatsiyalar fondi”, Jahon banki tomonidan ajratilgan umumiy qiymati 200 ming AQSH dollari qiymatidagi “Innovatsion-imitativ texnologiyalar yordamida taʼlim jarayonini takomillashtirish” mavzuidagi grant loyihasi doirasida tashkil etilgan markaz xalqaro talablarga javob beradigan, soʻnggi rusumdagi anjomlar bilan jihozlangan. Yil oxiriga qadar bu yerga 500 ming yevro qiymatidagi texnologiyalar olib kelinishi moʻljallanmoqda.

Prezidentimiz tashabbusiga koʻra, yurtimizda xalq bilan muloqot qilishning yangi mexanizmlari joriy etilgani faoliyatimizda yangi oʻzanlar ochdi. Akademiyamiz professor-oʻqituvchilari hamda olimlarimiz joylarda oddiy odamlar bilan uchrashib, ularni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, zarur koʻrsatma va tavsiyalar berishda faol ishtirok etmoqda. Xususan, akademiya jamoasi tomonidan Surxondaryo hamda Fargʻona viloyatlarida joylashgan umumtaʼlim maktablarida oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini oshirishga, taʼlim sifatini kuchaytirishga, tarbiya sohasini takomillashtirishga, ustoz-murabbiylarning jamiyatda nufuzini oshirishga qaratilgan tadbirlarda qatnashdilar. Toshkent viloyati, Boʻka tumanida aholining sogʻlom turmush tarzini, jismoniy faolligini qoʻllab-quvvatlash, kasalliklar profilaktikasining samarali choralarini belgilash, shoshilinch va tez tibbiy hamda ixtisoslashtirilgan yordam koʻrsatilishini, hududda sanitar-epidemiologik barqarorlikni taʼminlash va shifoxona ichi infeksiyasining oldini olish, onalik va bolalikni, reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish masalalarini takomillashtirish ishlariga hissa qoʻshdilar.

Davlatimiz rahbarining besh tashabbusi doirasida taʼlim dargohimizda bu yerda rassomlik toʻgaragi ishga tushirildi, teatr studiyasi tashkil qilindi. Yoshlarimizning sport sohasida qobiliyatini namoyon etishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Talabalar turarjoyida yashovchi yoshlar har tongni ertalabki badantarbiya bilan qarshi oladilar. Ayni chogʻda talabalar turarjoylarida kompyuter sinflari ochilib, ular yangi avlod texnologiyalari bilan taʼminlandi. Kitobxonlik kunlari, yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlarini oʻtkazish ham yaxshi anʼanaga aylangan.

Qizlarimizning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, ularni oilaviy hayotga tayyorlash, kasb-hunarli boʻlishini taʼminlash maqsadida talabalar turarjoyida tikuvchilik xonasi barpo etildi. Tikuvchilik kursiga hozirgi kunda akademiyaning turli fakultetlarida tahsil olayotgan 80 dan ortiq qizlarimiz aʼzo boʻlgan. Olmazor tumanidagi “Shifokorlar shaharcha”si hududida joylashgan mahallalarning kam taʼminlangan oilasida istiqomat qiluvchi xotin-qizlarga tikuvchilik ilmini oʻrgatib, ularning ish bilan taʼminlanishida hissa qoʻshish ham nazarda tutilgan.

“Sharq qizlari odobi” fakultativ kursi talabalarimizda oʻzbekona urf-odatlar, milliy mentalitet va asriy anʼanalarimizni oʻrgatish, ularga nisbatan hurmat, sadoqat tuygʻularini mustahkamlashga hissa qoʻshmoqda.

Qisqacha aytganda, bizning maqsadimiz nafaqat bilimi yuksak, balki chin maʼnoda yetuk mutaxassislarni kamolga yetkazishdir.

Laziz TUYCHIYEV,

Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori,

tibbiyot fanlari doktori, professor.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?