“Lazgi” Insoniyat nomoddiy merosining reprezentativ roʻyxatiga kiritildi

10:09 13 Dekabr 2019 Madaniyat
428 0

“Xorazm Lazgi raqsi” Insoniyat nomoddiy merosining reprezentativ roʻyxatiga Oʻzbekiston madaniy merosining elementi sifatida kiritildi.

Bu haqdagi qaror Kolumbiyaning Bogota shahrida 12-dekabr kuni YUNESKOning Nomoddiy merosni asrash hukumatlararo qoʻmitasi majlisida qabul qilindi, deb xabar bermoqda Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari Aziz Abduhakimov.

Tadbirda ishtirok etayotgan respublikaning YUNESKOdagi elchisi U.Shodiyev boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi tomonidan “Lazgi” nominatsiyasining tantanali taqdimoti oʻtkazildi. Taqdimot chogʻida boy tarixga va bebaho madaniy merosga ega boʻlgan davlat sifatida Oʻzbekiston YUNESKOning Reprezentativ roʻyxatiga oʻzbek xalqi nomoddiy madaniy merosining koʻplab noyob elementlarini taklif qilishi mumkinligi taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston tomoni kelgusi yillarda ushbu roʻyxatga kiritish uchun “Baxshichilik” sanʼati va etnik sport turlarini ilgari surishi rasman eʼlon qilindi.

YUNESKOning Nomoddiy merosni asrash hukumatlararo qoʻmitasi “Lazgi”ning Insoniyat nomoddiy merosi Reprezentativ roʻyxatiga kiritilishini ovoz bermasdan, keng konsensus asosida maʼqulladi.

“Lazgi” raqsi bu roʻyxatga nomzod sifatida 2017-yili Oʻzbekistondan Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi tarafidan taqdim qilingan edi.

Shu paytgacha “Boysun madaniy muhiti”, “Navroʻz bayrami”, “Shashmaqom”, “Katta ashula”, “Askiya ijrochiligi”, “Palov va osh bilan bogʻliq anʼana va qadriyatlar” kabi qadriyatlar YUNESKO Jahon nomoddiy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?