Latviyaliklar Oʻzbekistonda logistika markazi qurishi mumkin

15:06 09 Fevral 2019 Jamiyat
554 0

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatida Latviyaning SIA“SV Gulbis” kompaniyasi rahbari Vyacheslav Novikov bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu haqda AJ matbuot xizmati “Xalq soʻzi“ga maʼlum qildi.

Unda “Oʻztemiryoʻlkonteyner” aksiyadorlik jamiyati hududida toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyasi evaziga bunyod etilishi kutilayotgan zamonaviy logistika markazini tashkil etish boʻyicha muzokaralar olib borildi.

Taʼkidlanishicha, uning umumiy maydoni 16 gektar boʻlib, 20 ming kv.m konteyner terminali uchun ajratilgan. Bu yerda 25 ming kv.m.da yopiq turdagi ombor, 14 ming kv.m.da yogʻoch va metall mahsulotlarini saqlash uchun majmua quriladi. Shuningdek, hududda servis markazi, bojxona xizmati, omborlarni boshqarish tizimi, maʼmuriyat binosi kabi inshootlar qad rostlaydi. Yangi tashkil etilayotgan logistika markazi yiliga 3 mln. tonna yuk qabul qilish imkoniyatiga ega boʻladi.

Eʼtiborlisi, bu yerda qoʻshimcha 350 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etiladi. Yuk saroyida yuk avtomobillari uchun ham bir qator qulayliklar yaratilib, u erda Shvetsiya va Germaniya davlatlarining texnika va texnologiyalarini oʻrnatish koʻzda tutilgan.

Logistika markazida temir yoʻl vagonlarni saralash, ortish va tushirish ishlari, yuklarni saqlash, roʻyxatdan oʻtkazish, markirovka xizmatlari koʻrsatiladi. Markazni joriy yil soʻnggida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Uchrashuv soʻnggida SIA“SV Gulbis” kompaniyasi va “Oʻztemiryoʻlkonteyner” aksiyadorlik jamiyati oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida memorandum imzolandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?