Latviya Respublikasi Seymi Raisi Inara MURNIYETSE: «Muloqotlarimiz O‘zbekistondagi islohotlar shiddatidek jadal rivojlanishiga ishonamiz»

11:40 18 Aprel 2018 Siyosat
482 0
Foto: Hasan Paydoyev. "Xalq so‘zi".

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Senatida Latviya Respublikasi Seymi Raisi Inara Murniyetse rahbarligidagi Latviya parlamenti delegatsiyasi a’zolari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Muloqotlarda Latviya bilan do‘stona va har tomonlama aloqalarni rivojlantirish O‘zbekiston uchun xalqaro hamkorlikni kengaytirishdagi ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanligi ta’kidlandi. Ikki mamlakat munosabatlari do‘stlik, o‘zaro hurmat ruhida jadal mustahkamlanib bormoqda. O‘zbekistonda bugun xorijiy davlatlar bilan aloqalarni jadallashtirish, yurtimiz iqtisodiyotining dunyo bozoriga integratsiyalashishiga qaratilgan yangi tashqi siyosat olib borilmoqda. Bu jarayonda parlamentlararo hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida urg‘u berilayapti. Boisi, mazkur sa’y-harakatlar davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada kengaytirishda muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Latviya parlamenti o‘rtasidagi aloqalar izchil taraqqiy topib bormoqda. 2010 yilda Latviya Seymida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha guruh tuzilgan bo‘lsa, 2012 yil iyulda mamlakatimiz parlamentida xuddi shunday do‘stlik guruhi tashkil qilindi. 2012 yil sentyabrda Oliy Majlis va Latviya Seymi parlamentlararo do‘stlik guruhlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

O‘tgan yilning may oyida Oliy Majlis Senati Raisi N. Yo‘ldoshev boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi parlamenti delegatsiyasining Latviyaga tashrifi hamda ushbu tashrif doirasida o‘tkazilgan qator uchrashuvlar hamkorlikni yanada kengaytirishda, munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishda alohida ahamiyat kasb etdi.

Foto: Hasan Paydoyev. "Xalq so‘zi".

Mehmonlarga Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, mamlakatni rivojlantirishga qaratilgan muhim davlat va mahalliy dasturlar, shuningdek, parlamentning rolini kuchaytirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Latviya Seymi Raisi, o‘z navbatida, so‘nggi vaqtlarda ikki mamlakat oliy vakillik organlari o‘rtasida munosabatlarning faollashganini ta’kidlab o‘tdi. I. Murniyetse O‘zbekistonda qisqa davrda keng ko‘lamli islohotlar olib borilayotganini, O‘zbekiston — Latviya hamkorligi siyosiy, shuningdek, parlamentlararo yo‘nalishlarida yangi bosqichda rivojlanayotganini alohida qayd etdi. Mehmon O‘zbekiston parlamenti yaxshi tajribani mujassamlashtirgani hamda shu o‘rinda qonun ijodkorligi faoliyatidagi istiqbolli jihatlarni o‘rganish bo‘yicha hamkorlik qilish taklifini bildirdi. Ayni chog‘da mamlakatda turizmni rivojlantirish dasturini yuqori baholadi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Latviyaning yirik savdo hamkori ekani, transport logistikasi va ikki tomonlama aviatashuvlarni rivojlantirishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim o‘rin tutishini ta’kidlab o‘tdi.

— Biz O‘zbekistonga tashrif buyurganimizdan nihoyatda mamnunmiz, — deydi Inara Murniyetse. — Ishonchim komilki, o‘zaro tashriflar mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha jabhada aloqalarni kengaytirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. O‘z navbatida, sog‘liqni saqlash, tibbiy sug‘urtani rivojlantirish, ta’lim singari sohalarda hamkorlikni faollashtirishni istardik. O‘zbekistonda bugun ulkan yangilanishlar yuz bermoqda. Shu nuqtai nazardan, biz axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga tayyormiz. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sertifikatlash amaliyotida tajriba almashadigan jihatlarimiz bor, binobarin, O‘zbekiston ushbu sohani taraqqiy ettirish uchun ulkan salohiyatga ega. Mamlakatingiz Markaziy Osiyo mintaqasida Latviyaning yetakchi sherigi hisoblanadi. Juda ko‘plab sohalarda hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Ammo tan olish kerakki, hali to‘la ishga -solinmagan imkoniyatlar ham talaygina. Umid qilamizki, o‘zaro muloqotlarimiz ham O‘zbekistondagi islohotlardek shiddatli, jadal olib boriladi. Biz yurtingizdagi yangilanishlarning sur’ati, ko‘lamidan hayratga tushayapmiz. Latviya Yevropa ittifoqi yo‘nalishida ham muloqotni kengaytirish tarafdoridir. Mamlakatimiz bundan keyin ham O‘zbekistonni YeI bilan munosabatlarni mustahkamlash hamda kengaytirishda qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildiradi. Latviya O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi o‘rtasida imzolangan “To‘qimachilik bayonnomasi” bo‘yicha faol sa’y-harakat olib borgan edi. Biz, shuningdek, xavfsizlik masalasiga ham alohida e’tibor qaratamiz. Shu ma’noda, O‘zbekistonning mamlakatda hamda mintaqada xavfsizlikni ta’minlash, tinchlikni qaror toptirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Qolaversa, O‘zbekistonning ekologiya sohasidagi tashabbuslari e’tirofga loyiq. Latviya, jumladan, BMTning Orol dengizi bo‘yicha rezolyutsiyasi qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlagan. O‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan uchrashuvlarda hamkorlik munosabatlarini chuqurlashtirish bo‘yicha aniq takliflar o‘rtaga tashlandi.

Uchrashuvlarda mamlakatlar o‘rtasida parlamentlararo aloqalarning bugungi ahvoli va rivojlanish istiqbollari muhokama etildi. Parlamentlar o‘rtasidagi muloqotni mazmunan yanada boyitish uchun barcha imkoniyatni ishga solish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. Xususan, tomonlar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishda o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishlardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha fikr yuritildi.

Qobil XIDIROV.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?