Latviya elchisi: Bunday tadbirlar xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi

18:35 17 Sentyabr 2018 Madaniyat
240 0
Foto: Dinara CHIRKOVA/“Xalq soʻzi”.

Poytaxtimizda “Tasanno — 2018” deb nomlangan madaniy anʼanalar hamda milliy taomlar festivali boʻlib oʻtdi.
Unda Germaniya, Janubiy Koreya, XXR, Rossiya, Hindiston, Turkmaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Bangladesh, Falastin, Ukraina, Latviya, Ozarbayjon, Vyetnam kabi davlatlar elchixonalari, doʻstlik jamiyatlari, milliy madaniyat markazlari vakillari hamda mamlakatimizning mashhur oshpaz va hunarmandlari qatnashdi.

Foto: Dinara CHIRKOVA/“Xalq soʻzi”.

Festivalda Oʻzbekiston tashqi siyosatda doʻstona va oʻzaro hurmatga asoslangan munosabatlarni mustahkamlashga katta eʼtibor qaratayotgani taʼkidlandi. Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoniga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi huzurida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi tashkil etildi. Tashkilot bugungi kunda respublikamizda faol “xalq diplomatiyasi” asosida chet eldagi vatandoshlarimiz bilan muntazam va oʻzaro foydali munosabatlarni yoʻlga qoʻyish, xorijiy davlatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni kuchaytirishga intilmoqda. Bundan tashqari, yurtimizda yashovchi turli millat va elatlar vakillarining oʻziga xos anʼanalari, urf-odatlarini asrab-avaylash hamda rivojlantirishga koʻmaklashishda ham alohida faollik koʻrsatmoqda.

Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar turli xalqlarning milliy taomlaridan tatib koʻrish, ularning tayyorlanish usullari haqida maʼlumot olish barobarida, madaniyatlari, qadriyatlari hamda milliy liboslari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻlishdi. Shunday muhit hukm surdiki, koʻrsatilgan lutf, taklif etilgan noz-neʼmatlar har bir ishtirokchida oʻsha mamlakat haqida muayyan tasavvur uygʻotdi.

Foto: Dinara CHIRKOVA/“Xalq soʻzi”.

“Ushbu ajoyib festivalni doim intiqlik bilan kutamiz. Bunday tadbirlar xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Elchixonamiz vakillari milliy mahsulotlarimiz, salatlar va ichimliklarni namoyish etdi. Ular barchada katta qiziqish uygʻotganidan behad mamnunmiz”, — deydi Latviyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Mixails Popkovs.

Foto: Dinara CHIRKOVA/“Xalq soʻzi”.

Yakunda gʻoliblar ham aniqlandi. Unga koʻra, qozogʻistonlik oshpazlar Gran-priga sazovor boʻldi. Falastinliklar birinchi, Ukraina va hindistonlik oshpazlar ikkinchi hamda uchinchi oʻrinlarni egalladi. Gʻoliblarga diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Omonulla FAYZIYEV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.

Foto: Dinara CHIRKOVA/“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?