Laylaklar nega Sirdaryoni makon tutgan?

17:46 25 Iyul 2018 Jamiyat
530 0
Foto: “Xalq so‘zi”

Ikki, uch va hatto, to‘rt qavatli laylaklar inlari Guliston tumanidagi Uyuvli, Chortoq qishloqlaridan o‘tgan yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i simyog‘ochlarida ko‘plab uchraydi.

Xo‘sh, laylaklar nega bunday juda yaqin yashashadi? Ehtimol, ularga uya qurish uchun boshqa qulay joy yo‘qdir yoki bu insonlardagi kabi bobo-buvi, ota-ona, nabira-chevara shajarasi — qarindoshchilikka xos an’anamikan?

O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobining “117. Turkiston oq laylagi” (134 -bet) deb nomlangan ma’lumotidan: “Yashash joylari. Vohalar, sug‘oriladigan maydonlar, botqoqlar, daryo bo‘ylari. Yashash tarzi. ...Baland daraxtlarda, elektr uzatish tayanchlarida koloniya bo‘lib uyalaydi”.

Foto: “Xalq so‘zi”

Demak, ushbu hududning odamlardan xoli qismida baland daraxtlar tanqisligi tufayli, laylaklar asosan simyog‘ochlarga in quradi. Qolaversa, biz tasvirga olgan elektr ustunlaridagi uzoqdan savatga o‘xshab ko‘ringan tayanch qurilmalar avvaliga kishida aynan laylaklarning uya qurishi uchun mo‘ljallangandek tasavvur ham paydo qiladi. Aslida esa ushbu qurilmalar parrandalarning uya qurishini oldini olishga qaratilgan qalqon sifatida o‘rnatilgan ekan. Xo‘sh, nima uchun bunday chora ko‘rilgan?

Bilishimizcha, laylaklarning elektr uzatish liniyalari tayanchlarida joylashuvi tarmoqda qisqa tutashuvlar hosil qilishi va oqibatda bu ta’minotdagi uzilishlarga sabab bo‘lishi mumkin ekan. Lekin ko‘rib turibsizki, “tadbirkor” laylaklar chorasizlikdan ana shu to‘siqni ham yengib, xuddi o‘sha joyda o‘zlariga qo‘nalg‘a bunyod etishning uddasidan chiqishgan.

Foto: “Xalq so‘zi”

Ammo baribir bu holat beozor parrandalarning emin-erkin va xavfsiz yashashini kafolatlamaydi. Qolaversa, elektr uzatish uzluksizligini ta’minlash masalasi ham bor. Shunday ekan, laylaklar qo‘nim topgan hududlarda ularning har jihatdan ziyonsiz va qulay in solishlari uchun inson yordami kerak, nazarimizda. Yoki yaxshisi, o‘sha simyog‘ochlardagi qisqa tutashuvlarning oldini olishga qaratilgan, ta’bir joiz bo‘lsa, “Six ham, kabob ham kuymaydigan” qandaydir chora o‘ylab topgan ma’quldir.

Nima bo‘lganda ham Sirdaryo viloyatining ko‘plab hududlarida uchraydigan laylaklarning bunday betakror “mahallalari” fusunkor tabiatimizning o‘ziga xos bir bo‘lagi sifatida kishiga zavq bag‘ishlaydi. Uyuvli qishlog‘ilik Malika Esonturdiyeva: “Ota-bobolarimizning “Laylak- fayzu baraka keltiruvchi qush” degan gapi bor. Haqiqatan, buni biz o‘z oilamiz va butun mahallamizning farovon hayotida ko‘rib turibmiz. Quvonarlisi, hovlimiz etagidagi simyog‘ochga laylak in qurgan. Demoqchimanki, bizning ham o‘z laylaklarimiz bor ”.
Ahmadali SHЕRNAZAROV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?