Kyoko Nakayama: “Yaponiya hukumati va tadbirkorlari mamlakatingizda olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholamoqda”

10:06 23 Oktyabr 2019 Jamiyat
140 0

Arxiv foto

Xalqaro hamkorlik

Yaponiya hukumati taklifiga binoan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Yaponiyaning yangi Imperatori Naruxitoning taxtga oʻtirishi munosabati bilan tantanali tadbirda ishtirok etmoqda.

Kecha Imperator Naruxito rasman taxtga oʻtirdi. Marosim Tokioda oʻtkazildi.

Tantanali tadbirda 180 ta mamlakatning davlat rahbarlari va vakillaridan iborat 400 kishi, shuningdek, Yaponiya Bosh vaziri, mamlakat parlamenti ikkala palatasi rahbarlari ishtirok etdi.

Senat Raisi T. Norboyeva tashrif doirasida Yaponiyaning Oʻzbekistondagi sobiq elchisi, “Doʻstlik” ordeni sohibi Kyoko Nakayama bilan uchrashdi.

Unda Yaponiya hukumati va tadbirkorlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida olib borilayotgan keng miqyosdagi islohotlarga yuqori baho berishi taʼkidlandi.

Tomonlar mamlakatlarimiz oʻrtasida parlamentlararo hamkorlik kengayib borayotgani, jumladan, ikki mamlakat parlamentlari aʼzolari oʻrtasida oʻzaro tashriflar soni koʻpayganidan mamnunligini bildirdi.

Madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan ham fikr almashildi. Birgalikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, jumladan, modalar, konsertlar, koʻrgazmalar tashkil etish imkoniyatlari muhokama etildi. 2020-yilning birinchi yarim yilligida qoʻshma tadbirlar oʻtkazish masalalarini ishlab chiqish haqida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Senat Raisi Yaponiya tashqi ishlar vazirining maxsus yordamchisi Ichiro Kavabata bilan uchrashdi.

Unda martabali mehmonga yurtimizda parlament faoliyati takomillashtirilishi, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan parlament nazorati kuchayib borishi, qonun ijodkorligi ishi tobora yaxshilanib borayotgani haqida qisqacha axborot berildi.

Oliy Majlis Senatining Axborot xizmati materiallari asosida

M. Karimova tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?