Kvilling tufayli 10 yoshini muzeyda nishonlagan qizaloq

16:45 14 Mart 2019 Madaniyat
159 0

Foto: "Xalq so'zi"

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati muzeyida Mirzaobod tumanidagi 22-maktabning 3-sinf oʻquvchisi Asila Tursunboyevaning “Kamalakdek serjilo, sehrli qoʻllar” deb nomlangan koʻrgazmasi ochildi.

Eʼtiborlisi,Asila tasviriy sanʼatning hali koʻpchilikka nomi notanish boʻlgan kvilling turi bilan shugʻullanadi. “Kvilling” soʻzi bizga Yevropadan kirib kelgan boʻlib, rangli qogʻozlar vositasida qoʻl mehnati bilan asar yaratish uslubiga berilgan atamadir. U koʻhna qitʼada 14-asrda paydo boʻlib, hozirgi davrda haqiqiy sanʼat turiga aylangan. Manbalarda keltirilishicha, kvilling dastlab zodagonlarning sevimli mashgʻuloti boʻlgan. Ular kvilling asosida chiroyli medalonlar va boshqa narsalarni yasaganlar. Ancha keyin, yaʼni 19- asr mazkur qoʻl ishining ikkinchi tugʻilish pallasi boʻldi,soʻngra bir qancha vaqt, aniqrogʻi, oʻtgan asrning oxirigacha yana unutildi. Ayni chogʻda esa, kvilling ishlanmalari nafaqat durdona sanʼat asarlari, balki xaridorgir mahsulotga ham aylangan.

Binobarin, darsdan soʻng Mirzaobod tumanidagi 6-musiqa va sanʼat maktabida kvilling boʻyicha shugʻullanayotgan Asilaning shaxsiy koʻrgazmasiga qoʻyilgan ishlarida ham ana shunday sanʼat sehri va kutilmagan ijodiy yondoshuvlarni kuzatish mumkin. Qolaversa, uning asosiy tasviriy ashyo sifatida qogʻozdan foydalangani holda, kadi yoki oddiy oʻsimliklar va boshqa tabiiy vositalarni topqirlik bilan qoʻllagani koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. Tasvirlar fonidagi adras esa kvillingda milliylikni uygʻunlashtirishga xizmat qilgan, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Foto: "Xalq so'zi"

Yana bir jihat, Asilaning asarlari namoyishi Sirdaryo viloyatida kvilling sanʼati boʻyicha ilk bor tashkil qilingan koʻrgazma boʻldi. Bundan oldin, shu yil 1 mart kuni uning ishlaridan namunalar Qozogʻistonning Chimkent viloyatida boʻlib oʻtgan koʻrgazmaga qoʻyilib, yuqori sovringa munosib koʻrilgan edi.

Esda qolarlisi, Asilaning 10 yoshlik tavallud ayyomi ham muzey hovlisida nishonlandi. Shaxsiy koʻrgazmasining ochilishi va asarlariga berilgan eʼtiroflar tugʻilgan kuni uchun eng katta va esda qolarli sovgʻa boʻldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?