Kvartirani oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirmang, aks holda...

17:33 02 Fevral 2019 Jamiyat
747 0

Yaqinda poytaxtimizning Uchtepa tumani, 23-mavzesidagi 20-uyda roʻy bergan voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻldi. Maʼlum qilinganidek, fuqaro S. Saidkarimov 20-uyning 25-xonadonini 2015 yil sotib olgach, tegishli tashkilotlardan ruxsat olmasdan taʼmirlash ishlarini olib borib, xonadonning ichkarisida oʻzgartirishlar qilgan.

Yaʼni 3 yashash xonasi bilan 4 yashash xonasi oraligʻidagi devorni olib tashlab, 4 yashash xonasiga kirish eshigini berkitib tashlagan. Shu bilan birga, xonadon balkonini gʻisht bilan oʻrab olgan.

Mazkur uyning 23-xonadonida yashovchi fuqaro B. Umarxoʻjayev shu yil yanvar ­oyining boshlarida oʻz xonadonida oʻzboshimchalik bilan taʼmirlash ishlarini amalga oshirgan. Natijada 4-qavatdagi 23-xonadon balkoni 5-qavatdagi 25-xonadonning gʻisht bilan oʻralgan balkoni ogʻirligini koʻtara olmasdan 4, 3, 2 va 1-qavatdagi balkonlarga ham zarar ­yetkazgan holda qulab tushgan.

Xayriyatki, bundan odamlar talafot koʻrmagan. Ushbu holat har birimizni ­mushohadaga undaydi.

Umuman, aslida fuqarolarimiz uy-joy fondidan qanday foydalanishlari kerak? Kvartiraga oʻzgartirishlar kiritishning qonuniy tartib-qoidalaridan aholi qay darajada xabardor? Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Koʻp xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi Abdunazar ERDONOV bilan suhbatimiz shu xususda boʻldi.

— Turarjoylardan samarali va belgilangan tartibda foydalanish — bugungi kunda oʻta dolzarb masala, — deydi A. Erdonov. — Koʻpchilik xonadon egalari kvartira sotib olib, ularning ichki tuzilishini tegishli tashkilotlar roziligisiz oʻzgartirishga urinadilar va buning uddasidan ham chiqishadi. Yoki ­tutash hududlarda noqonuniy qurilmalarni qurib olishadi. Bu esa turarjoylarda turli darajadagi choʻkishlar va yoriqlar paydo boʻlishiga, uylarning texnik holatiga jiddiy zarar yetishiga sabab boʻlmoqda.

Uchtepa tumanidagi hodisaga ham ayni shularni vaj qilib koʻrsatish mumkin.

Bundan, avvalo, koʻp qavatli uylarda yashovchi fuqarolar xulosa chiqarib, hushyorlikni oshirishlari lozim. Balkonlarning bexosdan qulab tushishiga xonadon egalarining oʻzlari aybdor boʻlyapti. Yuqoridagi voqeadan, yaxshiyamki, hech bir odam tan jarohati olmadi, oʻlim holati kuzatilmadi. Agar shunday boʻlganida bunga kim javob berardi? Gap odam hayoti haqida ketar ekan, fuqarolarga ­uy-joy fondi borasida oʻzboshimchalik bilan ish tutishning oqibati ayanchli yakun topishi ham mumkinligini eslatib oʻtmoqchimiz.

Yana bir masala. Toshkent shahri zilzilalar sodir boʻlib turadigan hudud hisoblanadi. Agar yuqoridagi hodisa zilzila boʻlishi bilan birga sodir boʻlganida, vaziyat bundan-da mudhish tus olishi ham mumkin edi.

— Ayting-chi, kvartirani oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirishga qarshi qanday ishlar olib borilmoqda? Bunga amal qilmagan fuqarolarga nisbatan choralar koʻriladimi?

— 2017 yilning avgustidan eʼtiboran Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzurida Koʻp xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspek­siyasi oʻz faoliyatini olib boryapti.

Oʻtgan davr mobaynida Inspeksiya 20 081 uy-joy fondida oʻrganishlar olib bordi. Shundan 2017 yilda 6 652 ta, 2018 yilda 9 758 ta, jami 16 410 ta holatda koʻchmas mulk egalari tomonidan oʻzboshimchalik bilan binolar barpo etilganligi aniqlandi.

Ularni ixtiyoriy ravishda buzish haqida uy-joy fondi egalariga majburiy koʻrsatmalar berildi. Hisobot davri yakuniga qadar ularning 15 994 tasi yoki 97 foizi buzdirildi, qolganlarini majburiy tartibda buzdirishga oid daʼvo arizalari sudlarga taqdim etildi. 76 ta holatda aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan toʻplangan materiallar esa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborildi.

Bundan tashqari, uy-joy fondlarining texnik holatini oʻrganish jarayonida aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan 2 551 nafar aybdor shaxsga nisbatan maʼmuriy jarimalar qoʻllashga oid materiallar sudlarga taqdim etilib, shundan 2 033 tasini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha 329,5 million soʻmlik jarimalarni undirishga oid sud qarorlari qabul qilindi.

Albatta, amalga oshirilgan bu ishlarni yanada kuchaytirish lozim. Chunki hali inspeksiya xodimlari oilalarni toʻliq oʻrganib chiqa olgani yoʻq. Kelgusida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda barcha uy-joy fondida monitoring olib borishni tashkil qilamiz. Buning uchun imkoniyatlarimiz yetarli.

— Fuqarolar oʻz kvartiralari ichida qonuniy tarzda oʻzgartirishlar kiritishlari mumkinmi? Bu qanday tartibda amalga oshiriladi?

— Toʻgʻri, koʻpchilik xonadon egalari kvartiralar ichkarisida rekonstruksiya ishlarini amalga oshiradi. Eng koʻp uchraydigani bir yoki bir necha oʻzaro bogʻliq boʻlgan xonalarni oʻzgartirib qayta qurish ishlari, yaʼni xonalarni qayta ­rejalash, xonadon ichidagi muhandislik kommunikatsiyalar va jihozlarni koʻchirish, oshxonani balkonga olib chiqish orqali uning oʻrnini bolalar yotoqxonasiga aylantirish, mumkin boʻlmagan uy devoridan eshik yoki deraza ochish kabilar ­bilan bogʻliq boʻlgan qurilish ishlaridir.

Bunday oʻzgartishlar maxsus litsenziyaga ega loyihalash tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan koʻrsatma va tavsiyalar asosida qilinishi kerak. Agar bino fasadini rekonstruksiyalash nazarda tutiladigan boʻlsa, u holda loyiha tuman (shahar) arxitektori bilan kelishilgan boʻlishi shart.

Fuqarolar rekonstruksiya tugaganidan soʻng loyihalash tashkiloti bilan birgalikda, bajarilgan ishlar loyiha hujjatlariga muvofiq ekanligini tasdiqlovchi akt tuzishi va amaldagi qonunchilikka binoan, xonadon mulkdori bir oy muddat ichida bino-inshootlarning ­davlat kadastrining hududiy organiga kiritilgan oʻzgartirishlar haqida ­maʼlumot taqdim etishi lozim.

Lekin fuqarolar shaharsozlik norma va qoidalarida xonalarni rekonstruksiyalash, qayta tarhlash hamda uskunalashda cheklanishlar belgilanganini ham unutmasliklari darkor. Jumladan, shaharsozlik norma va qoidalarida — oshxona yoki sanitar-texnik xonalarning oʻrnini oʻzgartirishda pastdagi (yuqoridagi) xonadonlarning mehmonxona yoki yotoqxonasi ustiga (ostiga) joylashtirish, orayopma plitalariga taʼsir etuvchi hisoblangan yuklanish darajasini oshirib qayta qurish, bino poydevorini oʻzgartirish va binoning yuk koʻtarib turuvchi sinchi yoki karkas elementlarining mustahkamlik xususiyatlarini oʻzgartirish, xonalarga kirish eshigini bevosita koʻchadan yoxud zinapoya boʻlmasidan ochish va boshqa bir qator qayta qurishlarni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Qoidaga amal qilmaslik belgilangan tartibda javobgarlikka asos boʻladi. Ushbu masalaga fuqarolarimiz oʻta masʼuliyat bilan yondashishini istardik. Zero, oʻz manfaatini, deb butun boshli uyga yoxud aholi mol-mulkiga ziyon yetkazishga, ularni xavf-xatarga qoʻyishga hech kimning haqqi yoʻq.

“Xalq soʻzi” muxbiri
Rahim ShЕRQULOV suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?