Kuzatuv: Daydixonada tanishgan yigitim bilan “koʻcha”da oila qurdik. Yoxud yaxshi ayol oilasini saodatga eltadi, yomon ayol esa...

18:00 29 Oktyabr 2019 Jamiyat
2217 0

Jinoyatning katta-kichigi boʻlmaydi. Yovuzlik esa jamiyatda har doim qattiq qoralangan. Qolaversa, qingʻir ishga jazo ham muqarrar. Biroq nafosat egalari boʻlgan guldek nozik opa-singillarimiz jinoyatga qoʻl ursa-chi?

Toʻgʻri, insoniyat yaralibdiki, yaxshilik va yomonlik hamisha yonma-yon. Jinoyat degan manfur tushuncha ham bugun yoki kecha paydo boʻlib qolgani yoʻq. Ammo hozirgi globallashuv davrida bunday ayanchli holatlar, voqeliklar har juda tez-tez uchrayotgani, odamlarda jinoyatga moyillik kuchayib borayotgani har birimizni jiddiy tashvishga solmay qoʻymaydi.

Xoʻsh, jinoyatchilikning asl ildizi qayerda? Uning avj olishiga qanday omillar sabab boʻladi? Bunday yoʻlni tanlagan insonlar ayni qaysi nuqtada, qaysi bosqichda yangilishishgan?

“XALQ SOʻZI” VA “NARODNOE SLOVO” GAZETALARI IJODKORLARI JAZONI IJRO ETISH MUASSASALARIDA BOʻLIB, ANA SHUNDAY YURTDOSHLARIMIZ QISMATI HAQIDA TURKUM MAQOLALAR TAYYORLASHNI MAQSAD QILGAN. ANA SHULARDAN BIRINI BUGUN EʼTIBORINGIZGA HAVOLA QILAMIZ.

Birgina qaltis qadam inson hayotini oʻzgartirib yuborishi mumkin. Keyin pushaymon boʻlgandan foyda yoʻq. Undan ham yomoni, oʻsha xato keyingisini keltirib chiqaradi. Masalan, shu paytgacha qamalganlarning oʻgʻliga hech kim qiz bermasdi yoki qizini kelin qilishga hadiksirardi. Koʻcha-koʻyda yurganda hamma ularga “falonchining bolasi-da”, deb nazar-pisandsiz qarardi. Ishga kiraman deb qayerga bormasin, hujjat toʻldirayotganda “qarindoshlaringizdan birortasi oldin yoki ayni kunda jinoiy javobgarlikka tortilganmi?”, degan savolning oʻziyoq nomzodning kelajagiga nuqta qoʻyardi. Bunday ogʻir “yuk”ni koʻtarib oʻsgan bolalarning hayotda oʻz oʻrnini topishi qiyin boʻlgan.

Bugunga kelib bunday qarashlar eskirdi. Nohaq ayblanganlar oqlanyapti. Ammo razolatning chirkin ildizi tomir yoymasdan imonni butlash haqida hamma ham oʻylab koʻravermaydi.

Keyingi paytda ayollar jinoyati haqida koʻp gapirilyapti. Bu boradagi fikr-mulohazalarni oʻrganish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ruxsati bilan Zangiotadagi ayollar qamoqxonasiga yoʻl oldik. Uning atrofi tikanli simlar bilan oʻralgan. Har qadamda qorovul. Hujjatlarimizni sinchiklab tekshirib, navbatdagi eshikka oʻtkazib yuborishdi. Hibsxonaga olib boradigan temir panjaralarning sharaq-shuruqidan boshqa narsa eshitilmaydi.

Hamrohimiz nazoratchi ayol dastlab mahkumalar yashaydigan yotoqxonaga boshlaydi. Koʻrpa-toʻshagi, choyshablari ozoda. Xona yorugʻ va issiq. Oʻrtada maktab partasini eslatadigan stol.

— Mahkumalarning aksari muassasamizdagi tikuv sexida ishlaydi, — deydi hamrohim D. M. — Hamma qatori maosh oladi. Keksa va nogironligi boʻlganlarning yashash joyi boʻlak. Dardga chalinganlarniki alohida. Oʻttiz yoshgacha mahkumalar oʻqiydi. Homilador va yosh bolali ayollarga tegishli imtiyozlar yaratilgan. Oʻttiz yillik faoliyatim davomida har xil mahkumalarni koʻrdim. Bu yerdan chiqqach, koʻplari oʻzidan tinchib ketadi. Baʼzilari aksi. Koʻp oʻtmay, qaytib keladi. Bular bilan ishlash uchun togʻdek sabot kerak.

Bu yerda har xil qismat egalari uchraydi. Boshidan koʻp narsalarni oʻtkazgan. Qalbidagi hasrat yuzida silqib turibdi. Hamrohim mahkumalar bilan suhbatlashish uchun moʻjazgina kutubxonaga boshladi. Kitoblarga razm solaman. Taniqli shoirlar Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Sirojiddin Sayyidning toʻplamlari turibdi. Bir paytlar mahkumlarga hatto gazeta va jurnal oʻqishga ruxsat berilmagan. Hozir boshqacha. Gazeta-jurnallar, kitoblar anchagina. Nahotki, kitob oʻqigan odam jinoyatga qoʻl ursa...

Eshikdan salom berib, mahkumalardan biri kirib keldi. Koʻrishdik. Suxsurday ayol. Oʻttizdan oshib quyulmagan bu shoʻrlikning na oilasi, na yaqinlari bor. Hali ham hayotda oʻrnini topmagan. Es-hushini yigʻib olguncha yana qancha vaqt kerak? Ertaga nima boʻlishi, boshiga qanday kunlar tushishini bilmaydi.

— Onadan erta yetim qoldim. Oʻgay onam akam bilan pul topish uchun koʻchaga chiqarib yubordi. Quruq qoʻl bilan qaytsak, uyga kiritmasdi, — deydi mahkuma N. B. — Uyga bormagan kunlarimiz daydi xonalarda yashardik. Yashash joyimni tayini boʻlmagach, oʻgʻrilarga qoʻshilib ketdim. Shefimiz Masha ismli ayol edi. Undan oʻgʻrilikni oʻrgandim. Avval yoʻl tunadik, keyin choʻntak kesdik. Topganimizni boʻlishib olardik. Asta-sekin katta bozorlardan “oʻlja” izlaydigan boʻldik. Xaridorlarning choʻntagini kesib, qamaldim. Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkizgacha jazoni Oʻsmirlar axloq tuzatish kolonnasida oʻtaganman. Ozodlikka chiqqach, oʻsha yerda orttirgan dugonalarimga qoʻshilib, yana oʻgʻrilik qildim. Yigirma toʻrt, yigirma sakkiz, oʻttiz va oʻttiz uch yoshgacha umumiy kolonnalarda oʻtirib chiqdim. Oxirgisi Yunusoboddagi savdo doʻkonidan bir qizning choʻntagini kesib, puli va telefonini oldim. Doʻkonda kamera bor ekan. Bir haftada ushlashdi. Bu safar sakkiz yilu bir oyga kesishdi.

Ozodlikda yurganimda koʻp joydan ish soʻradim. Topolmadim. Koʻngil soʻraydigan odam boʻlmadi. Daydixonada tanishgan yigitim bilan “koʻcha”da oila qurdik. Ikkalamiz oʻgʻrilik bilan yana qamaldik. Farzandim qamoqxonada tugʻildi. Hozir oʻgʻlimning hamma narsaga aqli yetadi. Oʻtgan safar uchrashuvga kelganda: “Ona, nega sizni qamab qoʻyishdi? Otam qayerda? Hamma kimning bolasisan, deb soʻrayapti”, dedi. Unga oʻgʻriman, deyishga uyaldim. Ketgach, qorni och, usti yupun qolmadimikan, deb kechalari oʻylab chiqaman. Hozir u tengi bolalar ota-onasi bilan xiyobonlarda sayr qilib yuribdi. Dalaga chiqib ishlashga, kimningdir uy ishlarini qilib, hatto qurilishda ishlab, beton quyishga ham roziman. Ozodlikka chiqib, bolamni bagʻrimga olsam boʻldi. Qilgan ishimdan pushaymonman.

Nega odamzod shunday-a? Boshi devorga “taq” etib tegsayam koʻzi ochilmaydi. “Hoy, oʻzingni bilib-turib chohga tashlama”, deyishsayam, quloq solmaydi. Oʻz nafsi yoʻlida hech narsadan qaytmaydi. Qoʻliga kishan solingandan keyin xatolari yodiga tushadi. Tezroq jazo muddati tugasa-yu, yorugʻlikka chiqsam, deydi.

Navbatdagi mahkumani ham husnini soʻz bilan ifodalash mushkul. Sirtdan qaraganda, odobliday, aslida noshukr. Sadoqatning betiga tupurgan. Ayollik shaʼnini tepkilab oʻtgan. Qancha oyday kelinlarni yoʻldan urib, tirik bevaga aylantirgan. Bolalarini ona mehridan judo qilgan. Endi oʻzi mehr-shafqatga muhtoj. Tavba-tazarruda.

— Havas qilgudek oilam bor edi. Yengil hoyu havaslarga berilib, barbod qildim, — deydi hali oʻttizga kirmagan D. R. — Shunchaki qiziqib internetga kirgandim. Bir pastda doʻstlar orttirdim. Nargiza degan ayol bilan tanishdim. Turkiyada yaxshi ish borligi, bir yilda ham uyli, ham mashinali boʻlishimni aytdi. Unga ishonib, Turkiyaga ketdim. Ochlikdan oʻlsam ham, bu ishni qilmasligim kerak edi. U yerda fohishalik qildim. Bunga koʻnmagan kunlarim oʻttiz yettinchi etajda osiltirib qoʻyishdi. Pulga qiziqib, qishlogʻimizdagi qizlarni ham yoʻldan urdim. Bora-bora hayotim doʻzaxga aylandi. Qizlar bilan kelishib, bu yerdan qochish rejasini tuzdik. Oʻzim chaqirgan qizlar bilan elchixonaga qochdik. Nargizani topishdi. Undan pasportimizni qaytarib oldik. Elchixonadan hammamizga chipta qilib berishdi. Men Qirgʻizistondan Fargʻonaga oʻtaman, deb samolyotga oʻtirdim. Ikki soatda manzilga yetib keldim. Aeroportda Ruslan degan yigit kutib oldi. Nargiza unga: “Qizlarimni qochirib yubordi. Uni oʻldir”, deb tayinlagan ekan. Ruslan ovloq joyga olib borib, oʻziga xizmat qilsam, oʻldirmasligini aytdi. U bilan yana Turkiyaga qaytdim. Har bir mijozdan uch, toʻrt yuz dollar olib berardim. Tez orada Nargizaning guruhi Dubayda qoʻlga olindi. Oʻsha yerda Nargizani uchratdim. Ikkalamizni alohida joyga oʻtkazishdi. Oʻsha yerdan bizga chipta olib, shu yerga joʻnatishdi. Dubayda onam bilan telefon orqali gaplashganda, “Qizim, qidiruvda ekansan. Ishingni hal qilib ket”, degandi. Qaytganimda oʻlganiga qirq besh kun boʻlgan ekan. Oʻgʻlimni olib kelishganda, oʻz bolamni tanimadim. Tashlab ketganimda bir yoshu bir oylik edi. Oltiga toʻlibdi. Oʻgʻlimni quchoqlab: “Bolajonim, gunohkor onangni kechir”, deb yigʻlasam, u “onalar bolasidan kechirim soʻramaydi. Siz meni kechiring”, deydi. Shu olti yashar bolachalik aqlim yoʻq ekan. Oʻsha yerdan orttirib kelgan bolam shu yerda tugʻildi. Meni deb qancha odamlar azob chekdi. Qilgan ishimdan pushaymonman. Hech kimning taqdiri menday boʻlmasin.

Keyingisi oltmish olti yoshli onaxon. Nuroniy va ochiq chehrasi eʼtiborni tortadi. Kutubxonadan koʻp kitob olib oʻqirkan. Hozir shunday ulugʻ yoshdagi onalar shodu xurramlikda farzandlari ardogʻida yashayotganini hamma biladi. Bu qariya esa eng xavfli jinoyatchi, degan nom bilan panjara ortida oʻtiribdi. Toʻqqiz marta sudlanib, yigirma sakkiz yil qamalgan.

— Dunyodagi eng gunohkor onaman, — deydi M. E. — Oxirgi marta sudlanganimda, oʻgʻlim: “Ona, nega bolalaringni oʻylamading? Oʻylamas ekansan, unda nega yaratding? Hammamizni tiriklay goʻrga tiqding-ku”, deb yigʻladi. Qizlarim: “Nima xizmatingiz boʻlsa, qilardik. Bilganingizdan qolmadingiz. Endi xat yozmang”, deyishdi. Qingʻir ishlarga qanday aralashib qolganimni bilmayman. Ota-onam olamdan oʻtganda ham qamoqda edim. Toʻngʻichim bozorda arava tortadi. Yiqqan-terganiga singillariga beshik olib beribdi. Ona boʻlib bolalarimni bogʻcha yoki maktabga olib bormadim. Shirin taomlar tayyorlab bermadim. Umrim qamoqda oʻtdi. Hisobli dunyo ekan. Qilmishimga yarasha jazo olyapman. Ammo yorugʻ kunlardan umid uzganim yoʻq. Bolalarim, nabiralarim bagʻrida boʻlishni istayman. Meni kechirishlarini soʻrayman.

Tushlikka yaqin kutubxonadagi mahkumalar goʻdaklarini koʻrish vaqti boʻlganini aytishdi. Ular bilan bolalar xonasiga bordik. Toʻgʻri, bu yer qamoqxona. Hamma narsa muhayyo boʻlmasa-da, lekin yashashga sharoit yetarli. Chaqaloqlar xonasi, bolalar bogʻchasi alohida. Homilador va farzandli ayollarga vitaminlarga boy oziq-ovqatlar berilarkan. Yangi tugʻilgan chaqaloq qirq kungacha onasi bilan birga. Eng ogʻir jinoyatlarni sodir etgan mahkumalargayam ona mehrini berish uchun sharoit yaratilgan. Goʻdagini bagʻriga bosib, toʻyib-toʻyib hidlayotgan onalarning biridan:

— Qizalogʻingizning ismi nima? — deb soʻraymiz.

— Ozoda, — deydi mahkuma G. A. — Bir necha bor sudlanganman. Qishloqda birovning ninasi yoʻqolsa ham mendan koʻrishardi. Shu qamalmasin, deb koʻpincha qarindosh-urugʻlar toʻlashgan. Ota-onam oʻtib ketdi. Ortidan akam. Ozodlikka chiqib, ota uyimga borganda, akamning xotini sigʻdirmadi. Oxir jahl ustida yangamni pichoqlab qoʻydim. Nima qilay, beixtiyor shu ishni qildim-da! Ilgari qamoqxonada temir kosalarda ovqat berilardi. Hozir chinni likobchalarga almashgan. Yotoqxonamizda televizor orqali har kuni jamiyatimizda yuz berayotgan yangiliklarni kuzataman. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning besh tashabbusi beshinchi bandi xotin-qizlarni ish bilan taʼminlashga qaratilgan. Jazo muddatim tugasa, biror joyga ishga kirmoqchiman. Qamoqxonada tikuvchilikni oʻrgandim. Kutubxonasidan koʻplab kitoblar olib oʻqidim. Nazoratchilar muomala madaniyatidan tortib, dars jarayonlarigacha mahkumalarning haq-huquqlarini inobatga olishadi. Qamoqxonadan tashqarida koʻpchilik bu yerdagi tartib-qoidalar bilan qiziqadi. Jazoni oʻtash jarayoni har kim oʻzini-oʻzi tarbiyalashiga qaratilgan. Bu yer ayollarning joyi emas. Qamoqda kechgan shuncha yillik umrimni ozodlikning bir daqiqasiga almashmayman. Ikki farzandim bor. Tezroq ozodlikka chiqishni istayman.

Hali oʻttizdan oshmagan ayollar qingʻirlikning jin koʻchalariga bosh suqib chiqqani, guldek umri panjara ortida oʻtayotganidan achinasiz. Hammasi toʻlib ketgan. Dardlashgisi keladi. Meni kechirsin, deydi. Qani, shu birgina kechirim yoki afv bilan odamzod oʻzgarsa. Qaytib jinoyat koʻchasiga kirmasa. Hayotini bulgʻamasa.

Qamoqxonada necha yillab ozodlikka chiqishni intiqib kutayotganlar bor. Panjaradan tashqariga mungli termiladi. Tezroq yorugʻlikka chiqsamu qora kunlarni unutsam, deydi. Bu yerda vaqt shunday imillab oʻtadiki, bir soat xuddi bir asrdek. Ehtimol, bu qamoqxonada ishlayotganlarga unchalik sezilmas. Har kuni mahkumalarni koʻraverib, diydasi qotgan.

— Mahkumalarning boshiga tushgan baxtsizlikdan biz ham qaygʻuramiz, — deydi mayor D. S. — Bu yerda ishlayotganimga yigirma yil boʻldi. Mahkum birinchi qamoqqa tushganda umumiy tartib-qoidalarga nazar-pisandsiz qaraydi. Atrofidagilar bilan til topisha olmaydi. Yangilarining koʻnikishi qiyin. Ularga jismoniy zarar yetkazmasdan vijdonini uygʻotadigan yoʻllar bilan tarbiyalashga harakat qilamiz. Oʻz intizomi bilan boshqalarga oʻrnaklarini ragʻbatlantirib boramiz. Har haftaning payshanba kuni maʼrifiy, huquqiy mavzuda tadbirlar oʻtkaziladi. Ijodkorlar, olimlar va sanʼatkorlar kelishadi. Har bir tashrifni intiqib kutishadi. Mahkumalarni “Maʼrifat”, “Ziyo”, “Zakovat” guruhlariga boʻlib, kitobxonlik kechalari tashkil etiladi. Har biri ozodlikka intiladi. Yaqinlari diydorini koʻrishdan umidvor.

Kun qorayguncha mahkumalar bilan suhbatlashib oʻtirdik. Oliy maʼlumotli mahkumalarni ham uchratdik. Dardu hasratlarini tinglab, keltirishni joiz bilmadik. Deyarli, hammasining nolishi bir xil. Biror joydan ish topolmagani yoki yetishmovchiliklardan egri yoʻlga kirib ketganini aytadi. Bunga mahalla, hokimiyat va jamiyatni sababchi, deb oʻylaydi. Balki bu boqimandalik asoratidir. Qilvirlikning boshida turgan ayrimlarning qoʻlida na hunari, na ishlashga ishtiyoqi bor. Ishlamasam ham bir kunim oʻtadi, degan xayolda yuribdi. Ularni maʼrifatga, ziyoga qaytarish, boqimandalik kayfiyatidan olib chiqish mumkinmi?! Bu haqda psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Omina Otajonova shunday deydi:

— Qamoqxona mahkumalarning doimiy uyiga aylanib qolmasligi kerak. Bu yerda vijdonan qiynalishi, yaqinlarini sogʻinishi va xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqarib, huquqbuzarliklarga boshqa yoʻl qoʻymasligi lozim. Masalan, AQSH qamoqxonalarida mahkumalar oʻzini-oʻzi tanqid qilib, javobgarlik tuygʻusini uygʻotadigan tarbiyaviy jazolarga koʻproq eʼtibor qaratiladi. Bizda ham jazoni ijro etish muassasalarida psixologlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Agar ular mahkumalar bilan toʻgʻri aloqa oʻrnatsa, tarbiyasi, xulqi oʻzgaradi.

Baʼzilar uchun qamoqxonada oʻtirib chiqish… Goʻyo, endi undan hamma qoʻrqishi shart. Siz yozishga botinolmagan, bir necha marta qamalgan mahkumalarning soʻziga eʼtibor bering: “Oʻsha kuni koʻchaga Xudo deb chiqqandim. Umrim boʻyi qancha oʻgʻirliklar qildim. Bunisiniyam eplab ketaman, deb oʻylagandim. Eplolmadim. Shuni kasriga qolib, qamoqda oʻtiribman”, deydi. Qilgan ishlari, guldek umri panjara ortida oʻtayotganidan pushaymon emas, qingʻirlikni eplolmaganiga achinyapti. Hamma balo shunda.

Xuddi shunaqa voqea Qoʻqon bozorida ham boʻlgan. Keksa bir ayol bazzozlarning doʻkonidan gazlama oʻgʻirlab, beliga oʻrab chiqqan. Bozor qorovullari buni sezib, mahkamaga olib kelishgan. Qariligi, bola-chaqasini bahona qilib, jazodan qutulib qolgan. Tushlikdan soʻng uni qoʻshni bozorning mahkamasida uchratishgan. Bu safar u: “Nima qilay, oʻgʻirliksiz yasholmayman”, degandan keyin qonuniy chora koʻrishga majbur boʻlishgan.

Insonga sirtdan baho berish oson. Unda yovuzlik qachon paydo boʻldi? Nega jinoyatga qayta-qayta qoʻl urdi? Unga tutqunlik bilan ozodlik farq qilmaydi. Hayotdan, odamlardan nafratlanadi. Zulm va tajovuz koʻrgan bola alamzada boʻlib oʻsadi. Qiz bola esa mehrga, himoyaga koʻproq muhtoj boʻladi. Baʼzan yomon yoʻlga kirib ketgan yoki qamalgan xotin-qizlarni koʻrib, “Shularning ham otasi bormikan? Aka-ukalari qayerda ekan? Eri-chi?”, degan savollar tugʻiladi.

Ayol erkakning boʻyni, deymiz. Boʻyin qayerga burilsa, bosh oʻsha tomonga qaraydi. Farididdin Attor aytadiki: “Yaxshi ayol oilasini saodatga eltadi. Yomon ayol esa ikki dunyosini barbod qiladi”. Inson boshqa jonivorlardan fikrlashi, aql-idroki bilan farq qiladi. Jaholatning davosi faqat bilim va tarbiya. Ota-onadan farzandga qoladigan eng katta boylik bu goʻzal xulqdir. Agar ayollarga oiladagi, farzand tarbiyasidagi oʻrni qay darajada muhimligi, ilmli, hunarli, sabrli va qanoatli boʻlishini tushuntirmasak, ulardan bundan noxush holatlarni kutish mumkin”.

Bu mavzuga qoʻl urish oson boʻlmadi. Chunki temir panjaralar ortidan ozod hayot nashidasini intiqib kutayotgan, yaqinlari diydoriga zoru intizor, qilgan ishidan ming afsusu nadomat chekayotgan ayollarning mayus nigohlariga boqib yurak tilka-pora boʻladi. Ammo har qancha hissiyotga berilmaylik, bu mahkumalarni bu yerga yetaklab kelgan haqiqat bitta — jinoyat! Yozganlarimizdan muddaomiz esa ana shu yurtdoshlarimizning ayanchli qismati boshqalar uchun ham saboq boʻlsin! Jamiyatimizda bitta boʻlsayam jinoyatchilik kamaysin! Zero, ham ona, ham opa, ham singil, ham farzand boʻlgan aziz xotin-qizlarimizning manzili, oshyoni — baxtu saodatga toʻla oilasi, xonadoni, ammo aslo qamoqxona emas!

Adiba UMIROVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?