Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati koʻrib chiqildi

21:10 05 Sentyabr 2019 Siyosat
124 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-sentyabr kuni iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlash boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Joriy yil 30-iyulda davlatimiz rahbarining mazkur chora-tadbirlarga oid qarori qabul qilingan edi. Unga muvofiq, Bosh vazir raisligida Respublika komissiyasi tuzilib, barcha mutasaddi idoralarning bu boradagi vazifalari belgilandi. Turar joylar, ijtimoiy muassasalar va korxonalarni issiqlik energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash, qozonxona va tarmoqlarni taʼmirlashga qaratilgan ishlar izchil amalga oshirilmoqda.

Yigʻilishda yoqilgʻi-energetika kompleksidagi korxonalar faoliyati tahlil qilinib, galdagi muhim choralar belgilab berildi.

Kuz-qish mavsumida aholi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplash hamda eksportni taʼminlash, buning uchun tabiiy gaz qazib olishni koʻpaytirish dasturini samarali bajarish zarurligi taʼkidlandi. Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligiga isteʼmolchilar ehtiyojini qondirish imkoniyatlarini toʻliq safarbar etish yuzasidan topshiriq berildi.

“Oʻztransgaz”, “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyatlariga 1-noyabrgacha 93 kilometr gaz tarmogʻi va 172 ta gaz taqsimlash punktini rekonstruksiya qilish hamda kapital taʼmirlash, yerosti omborlarida gaz zaxirasini shakllantirish vazifasi qoʻyildi. “Muborakneftgaz” va “Gazlineftgazqazibchiqarish” korxonalarida yangi kompressor stansiyalarini ishga tushirish muhimligi qayd etildi.

Kuz-qish mavsumida aholi ehtiyoji uchun 245 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish koʻzda tutilgan. Yigʻilishda davlatimiz rahbari har bir hudud kesimida aholi ehtiyojini chuqur oʻrganib, zarurat boʻlsa, qoʻshimcha suyultirilgan gaz yetkazib berish kerakligini taʼkidladi.

Muborak gazni qayta ishlash zavodi, “Gazlineftgazqazibchiqarish” va “Shoʻrtanneftgaz” korxonalarida propan-butan aralashmasi olish uskunalarini ishga tushirish hamda mavjudlarini modernizatsiya qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, joriy yilgi mavsumda elektr energiyasiga talab oʻtgan yilgiga nisbatan 11,5 foizga oshishi kutilmoqda.

Shu bois Energetika vazirligiga oktyabr oyida issiqlik elektr stansiyalarida 7 ta energoblok, 7 ta qozon agregati, bitta gaz turbinasi va bitta bugʻ-gaz qurilmasini kapital taʼmirlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Joriy yil yakunigacha Navoiy issiqlik elektr stansiyasida quvvati 450 MVt boʻlgan ikkinchi bugʻ-gaz qurilmasini foydalanishga topshirish, Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasida quvvati 450 MVt boʻlgan birinchi bugʻ-gaz qurilmasini toʻliq loyiha quvvatiga olib chiqish hamda ikkinchi bugʻ-gaz qurilmasini ishga tushirish zarurligi qayd etildi. Dekabrgacha 3,5 ming kilometr elektr tarmogʻini hamda 1 ming 171 ta transformator punktini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish choralari koʻrsatib oʻtildi.

Energetika va moliya vazirliklari, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatiga kuz-qish mavsumida aholining koʻmirga boʻlgan talabini toʻliq qondirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Tashishda imtiyozlarni qoʻllagan holda, koʻmirni aholiga yetkazib berish narxlari yuqori boʻlmasligiga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.

Issiqlik taʼminoti va ichimlik suvi tarmoqlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash holati ham muhokama qilinib, bu borada sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotgani uchun Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va mahalliy hokimliklar rahbarlarining faoliyati jiddiy tanqid qilindi. Ularga issiqlik va ichimlik suvi taʼminoti tizimlarini hamda koʻp qavatli uylarni taʼmirlash ishlarini jadallashtirib, qisqa muddatlarda yakunlash vazifalari topshirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?