Kuvaytlik investorlar guruhi Namangan viloyatida chipslar va sneklar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadi

17:21 17 Sentyabr 2019 Iqtisodiyot
183 0

Namanganda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov quvaytlik investorlar guruhini qabul qildi. Uchrashuvda arab davlati ishbilarmonlari tomonidan viloyatning Yangiqoʻrgʻon tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan kartoshkadan chipslar va sneklar ishlab chiqarish loyihasi yuzasidan soʻz bordi. Bu haqda viloyat hokimligining axborot xizmati muxbirimizga xabar qildi.

Investorlarning taʼkidlashicha, loyiha doirasida qurilishi moʻljallangan zavodga 2,2 million AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan toʻgʻri sarmoya kiritilishi belgilangan. Yangi ishlab chiqarish korxonasida dastlabki bosqichda kartoshkadan chipslar ishlab chiqariladi. Ikkinchi bosqichda Oʻzbekistonda ilk bor sneklar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.

Qabul chogʻida mehmonlar investorlarga yaratilgan imtiyozlar, viloyatda bank tizimi faoliyati, loyiha amalga oshirilishi koʻzda tutilgan hududdagi mavjud infratuzilma holati boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasining Quvayt Davlatidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Bahromjon Aʼloyev ham ishtirok etdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?