Kutilganidan ham samarali tashrif

09:03 26 Fevral 2020 Siyosat
266 0

“Ilmlari, ijodlari bilan dunyoga ezgulik ulashgan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Ali Qushchi, Alisher Navoiy kabi buyuklarimiz tuproqlaridan salom keltirgan bu insonlarning tashrifi biz uchun juda aziz va qadrlidir”.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bu mamlakatga

19-20-fevralda tashrif buyurgan Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevni shunday, nihoyatda camimiy va haroratli soʻzlar bilan qutlab, kutib oldi.

Turk birodarlarimiz “Oʻzbekiston — bizning ota yurtimiz” deb eʼtirof etishadi. Turkiya poytaxti — Anqaraning gavjum koʻchalaridan uchtasi Oʻzbekiston, 12 tasi Toshkent, 8 tasi Samarqand va 11 tasi Buxoro nomi bilan atalishi, bu yerdagi bir qator oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek tili va adabiyoti oʻqitilayotgani, Istanbulda Abu -Rayhon Beruniy nomidagi universitetning borligi ham xuddi shundan guvohlik beradi.

Ilm muhiti asrlar davomida Toshkent bilan Anqara, Samarqand bilan Konyo, Buxoro bilan Bursa, Xiva bilan Edirneni bogʻlab, oʻzaro boyitgan. 2020-yilda Oʻzbekistonda ulugʻ allomalar Abduxoliq Gʻijduvoniy va Bahouddin Naqshband tavalludlariga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkaziladi. Mahmudxoʻja Behbudiyning 145-yillik sanasi nishonlanadi. Shuningdek, 2020-yilda Buxoro shahri “Islom madaniyati poytaxti”, Xiva shahri “Turkiy dunyo madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilingani munosabati bilan bir qator xalqaro anjumanlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Oʻzbekistonda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Turk tilini oʻrganish markazi ochilgan. Toshkent davlat sharqshunoslik institutida esa turk tili va madaniyati fakultetini ochish koʻzda tutilgan. Yurtimizda turk adabiyoti va sanʼatiga qiziqish tobora ortib, ular ilmiy va taʼlim maskanlarida keng oʻrganilyapti. Mavlono Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Ahmad Posho, Saydi Ali Rais Kotibiy, Toshlijali Yahyo, Hamdi Chalabiy singari buyuk shoirlar ijodini xalqimiz sevib oʻqiydi.

Davlatimiz rahbari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi doirasida “Turkiy adabiyot xazinasi” ruknida 100 jild¬lik kitoblar turkumini nashr etish gʻoyasini ilgari surgan edi. Ana shu ezgu tashabbusning ilk samarasi butun musulmon ¬olamining otashnafas shoiri boʻlgan Yunus Emroning Shavkat Mirziyoyevning soʻzboshisi bilan “Oʻlmas koʻngul” nomli yangi kitobi yaqinda oʻzbek tilida nashr etildi.

1996-yilda mamlakatlarimiz oʻrtasida Abadiy doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma, 2017-yil oktyabr oyida esa Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga ilk davlat tashrifi chogʻida mamlakatlarimiz hamkorligini strategik sheriklik darajasiga koʻtaradigan Qoʻshma bayonot imzolangan edi.

Natijada davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi va xalqimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan Oʻzbekiston — Turkiya munosabatlari strategik hamkorlik darajasiga koʻtarildi. Ushbu tashrif doirasida mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba davlatlararo munosabatlarda mutlaqo yangi tashqi siyosat instituti — oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashi tashkil etilib, oʻzaro aloqalarda uning yangi sahifasi ochildi.

Kengash oʻz faoliyatini Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlari hamraisligida olib boradi. Siyosat, xavfsizlik va mudofaa, savdo va iqtisodiyot, investitsiya, turizm, energetika, transport va tranzit, qishloq va oʻrmon xoʻjaligi, madaniyat, taʼlim, fan va texnika, innovatsiyalar, sogʻliqni saqlash va boshqa oʻzaro manfaatli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish strategiyasini belgilaydi.

Uning birinchi yigʻilishida sanoat, qishloq xoʻjaligi, transport, fan-taʼlim, sogʻliqni saqlash kabi koʻplab sohalarda mushtarak loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi. Turkiyalik ishbilarmon doiralari vakillarining yakdil fikriga koʻra, oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashi mamlakatlarimiz munosabatlari tarixida hali kuzatilmagan ruhda oʻtdi.

Keyingi uch yilda Turkiya bilan oʻzaro savdo aylanmasi ikki barobar oshib, 2,5 milliard AQSH dollaridan koʻproqni tashkil etdi. 2020-yilda bu koʻrsatkichni 3 milliard dollarga yetkazish koʻzlangan. Yaqin yillar ichida tovar almashuvini 5 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari ¬mavjud.

Oʻzbek — turk qoʻshma shirkatlari soni qariyb mingtaga koʻpaydi. Turkiya investitsiyasi ishtirokida 1300 dan ziyod korxonalar faoliyat yurityapti. Ularning 500 tasi birgina oʻtgan yilda tashkil etildi. Turk ishbilarmonlari bilan hamkorlikda 500 million dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda Turkiya kompaniyalari mamlakatimizda qurilish, energetika, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, turizm, xizmat koʻrsatish va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotir. Bunda qoʻshma sarmoyaviy loyihalar ijrosi nazoratga olingani, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida yuqori qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish ¬ragʻbatlantirilayotgani muhim omil boʻlyapti.

Umuman, turkiyalik ishbilarmonlar Oʻzbekistonga iqtisodiyotning barcha tarmogʻida misli koʻrilmagan oʻzgarishlarga guvoh boʻlganliklari, xalqimizda “islohotlar tafakkuri” shakllanayotganini mamnuniyat bilan qayd qilishmoqda.

Davlatimiz rahbari Anqara shahrida Turkiyaning yetakchi kompaniyalari va banklari rahbarlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda bir qator yirik kompaniyalar vakillari qatnashdi.

Baxcheshehir universiteti Vasiylik kengashi raisi Anvar Yujel ushbu uchrashuvdan nihoyatda mamnunligini quyidagi iliq fikrlari bilan bildirdi.

— Oʻzbekistonda dastlab Toshkent shahrida bolalar bogʻchasidan tortib, universitetgacha boʻlgan loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz, — dedi A. Yujel. — Universitetimiz tibbiyot yoʻnalishida faoliyat olib boradi, uning yonida shifoxona quriladi. Ular bir-biri bilan bogʻliq boʻladi, nazariya va amaliyot uygʻunlashadi. Ushbu majmualar binolarini tez fursatlarda qurishga rozilik oldik. Bir yil ichida oʻz faoliyatimizni yoʻlga qoʻyamiz.

Zamonaviy xalqaro munosabatlarda parlament diplomatiyasining oʻrni va roli tobora oʻsib borayotgan hozirgi sharoitda Oʻzbekistonning Turkiy tilli davlatlar Parlament Assambleyasiga aʼzo boʻlib kirish masalasi koʻrib chiqilayotgani ham katta ahamiyatga ega.

2020-yil 23-aprelda Turkiya Buyuk millat majlisi tashkil topganining 100-yilligi tantanali nishonlanadi. Bir asr davomida Buyuk millat majlisi Turkiya siyosiy hayotining eng muhim instituti sifatida mamlakat mustaqilligining va demokratiyani taʼminlashning asosiy tayanchi vazifasini oʻtab kelmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisida Turkiyaning Buyuk millat majlisi bilan hamkorlik qilish boʻyicha Parlamentlararo guruh tashkil etilgan. Har ikki davlat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari tobora kengayib va faollashib bormoqda.

Xalqaro maydonda Oʻzbekiston ilgari surayotgan va rasmiy Anqara tomonidan toʻla maʼqullanayotgan Yoshlar huquqlari konvensiyasi Turkiyaning Istanbul shahrida BMTning Yoshlar markazini tuzish taklifiga hamohangligi bilan ham eʼtiborlidir. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Turkiyaning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida raislik qilishini qoʻllab-quvvatlaydi.

Bu oʻrinda davlatimiz rahbarining shu yil Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasi Anqarada turk tilida kitob shaklida nashr qilinganligi va ushbu rasmiy tashrif arafasida ijtimoiy-siyosiy, ishbilarmon, akademik doiralar va keng jamoatchilik vakillariga ham tarqatilganligini alohida taʼkidlash kerak.

Turkiyalik fuqarolar uchun Oʻzbekistonda vizasiz rejim joriy etilgani va yurtimizda ziyorat turizmiga qulay sharoitlar yaratilayotgani, Samarqand — Istanbul yoʻnalishi boʻyicha qoʻshimcha aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilganligi sayyohlar oqimining koʻpayishiga sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Bugungi kunda Istanbuldan Toshkent va Samarqandga parvozlar amalga oshirilmoqda. Kelgusida Buxoro shahriga ham parvozlar rejalashtirilgan. Oʻtgan yilning oʻzida 64 ming turkiyalik sayyoh mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Tashrif dasturidan Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasining tantanali ochilish marosimi ham oʻrin olgan edi. Maʼrifat toʻyiga aylanib ketgan ushbu marosimda dunyodan ikki mingga yaqin mehmonlar — olimlar, yozuvchilar, taʼlim va madaniyat namoyandalari, davlat va jamoat arboblari hozir boʻldi. Xorijiy oliy darajadagi yagona mehmon sifatida faqat birgina Shavkat Mirziyoyevning taklif etilgani Oʻzbekiston xalqiga yuksak ehtirom namunasi, davlatimiz rahbarining kitobxonlikka, maʼrifatga alohida eʼtiborining yorqin eʼtirofi boʻldi. Turkiya rahbari Rejep Tayyip Erdogʻan buni alohida taʼkidladi.

Maʼrifat qasriga qiyos qilingan Xalq kutubxonasi Turkiya Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilgan. Ushbu majmua 125 ming kvadrat metr maydonni egallagan. 134 tildagi 4 million bosma, 120 milliondan ziyod elektron nashrlar, 550 ming elektron kitoblar, 1,2 million noyob audio fayldan iborat fondga ega kutubxona dunyodagi eng ulkanlaridan biridir. Ushbu maʼnaviy boylik maskani ¬Prezident qarorgohi — Jumhurbashkanligi saroyi yonida qurilgani ham uning ahamiyatini koʻrsatadi.

“Jahonnoma” zalini kutubxonaning yuragi deyish mumkin. Bu zal jahonning jugʻrofiy ramzi, buyuk sayyoh va yozuvchi Chelebiyning “Jahonnoma” asari timsolidir. Zaldagi 16 ustun turkiy xalqlar birligini anglatadi. Kutubxonada 2 millionta davriy matbuot ham bor. Oʻquvchilar uchun 350 mutaxassis xizmat koʻrsatadi. Baʼzi boʻlimlar dam olish kunisiz, 24 soat davomida ishlaydi. Eng eʼtiborlisi, ushbu kutubxonada xalqimiz maʼnaviy boyliklari boʻlgan kitoblar ham saqlanadi. Bu Oʻzbekiston tarixi, madaniyati, sanʼati va badiiy adabiyotini xorijda keng targʻib qilishda muhim vosita boʻladi.

Tantanali marosimda Rejep Tayyip Erdogʻan kitobni doʻst, allomaga ¬qiyosladi. Yaʼni yuzta kitob — yuzta ¬alloma. Alloma esa fidoyilik. Oʻzbekiston butun dunyoga ana shunday ¬fidoyi, maʼrifatparvar buyuk allomalari — Buxoriy, Termiziy, ¬Moturidiy, Naqshbandiy va boshqa juda koʻp mutafakkirlari bilan mashhur.

— Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi millat birinchi navbatda oʻzining intellektual salohiyati, yuksak maʼnaviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa, avvalo, insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti — kitob va kutubxonalarda, desak, adashmagan boʻlamiz, — dedi davlatimiz ¬rahbari Turkiya Respublikasi Prezidenti devoni Xalq kutubxonasining tantanali ochilish marosimida soʻzlagan nutqida. — Agar azim Anqara Turkiya mamlakatining toji boʻlsa, ushbu kutubxona ana shu tojga oʻrnatilgan eng yorqin, eng goʻzal gavharlardan biri boʻlibdi. Bu tengi yoʻq maʼrifat qasri barchangizga, butun Turkiya xalqiga muborak boʻlsin.

Prezidentimiz tarix sahifalariga nazar solinsa, xalqlarimizning madaniy hamkorligi olis davrlardan boshlanganini yodga soldi. Rum elida tugʻilib kamolga yetgan Qozizoda Rumiy buyuk davlat arbobi va alloma Mirzo Ulugʻbek rasadxonasining asoschilaridan biri boʻlgan. Oʻz navbatida, Mirzo Ulugʻbekning sadoqatli shogirdi, mashhur astronom va matematik Ali Qushchi hayotining soʻnggi yillarini Turkiyada oʻtkazgan va bu yurtda aniq fanlar rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan. Ali ¬Qushchining nabirasi Mirim Chalabiy ham bobosi singari atoqli alloma boʻlib ¬tanilgan va uning turk ilmiy-maʼrifiy muhitida ulkan xizmatlari bor.

Shavkat Mirziyoyev dunyoda oʻta noyob boʻlgan “Usmon Musʼhafi”ning xattotlarimiz tomonidan koʻchirilgan nusxasi, Jaloliddin Rumiyning mashhur “Masnaviy” asari hamda Abu Bakr ar-Roziyning “Kasalliklar tarixi” asari qoʻlyozmalarining faksimile nusxalari, “Alisher Navoiy asarlarining Istanbul kutubxonalaridagi tasviriy nusxalari” nomli kitob-albom, Yunus Emro sheʼrlarining oʻzbek tiliga tarjimasi jamlangan “Oʻlmas koʻngul” deb nomlangan asarlarni, umuman, 350 dan ziyod turli mavzudagi kitoblarni ¬kutubxonaga tuhfa qildi.

Mushtarak til va tarix, oʻxshash madaniyat va anʼanalar, yaqin doʻstlik va qardoshlik munosabatlari Oʻzbekiston bilan Turkiyani birlashtirib turadi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi bu doʻstlik va birodarlikni yangi — yana-da yuksak ¬darajaga koʻtarishga xizmat qildi.

Akmal SAIDOV,

Oʻzbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi Spikerining

birinchi oʻrinbosari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?