Kusherboyev yuristlarga hokimlar qanday qaror chiqarsa “qonunga toʻgʻri keladi”, demasdan qonunga rioya etilishini taʼminlashi kerakligini eslatdi

22:48 21 Oktyabr 2020 Siyosat
202 0

Soʻnggi vaqtlarda hokimliklar yoki Xalq deputatlari Kengashlarining qarorlari asosida jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan koʻchmas mulklarni davlat va jamiyat ehtiyoji sifatida buzib tashlanishi holatlaridan norozi boʻlib murojaat qiluvchilar soni koʻpayib bormoqda, deya oʻz munosabatini bildirdi deputat Rasul Kusherboyev.

"Bu borada Surxondaryo viloyatining Angor, Jizzaxning Baxmal, Fargʻonaning Uchkoʻprik, Toshkent viloyatining Zangiota, Quyichirchiq, Boʻstonliq tumanlari hozircha yetakchilar qatorida.

Afsuski koʻp hollarda hokimliklar tomonidan fuqarolarga tegishli koʻchmas mulklarni buzish yoki egalik huquqini bekor qilishda “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga rioya etilmayapti. Xususan, ushbu qonunning 59-moddasida “manfaatdor shaxsning ishonchi himoya qilinishi lozim boʻlgan hollarda, maʼmuriy hujjatni bekor qilish yoki oʻzgartirish masalasi sud tartibida koʻrib chiqiladi. Agar manfaatdor shaxs maʼmuriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonib, maʼmuriy hujjat asosida olingan mol-mulkdan foydalangan, oʻz mulkini tasarruf etish uchun bitim tuzgan yoki maʼmuriy hujjatda belgilangan naf va imtiyozlardan boshqacha tarzda foydalangan boʻlsa, uning ishonchi himoya qilinishi lozim” degan qoidaga koʻra, koʻchmas mulkka nisbatan egalik huquqi bor fuqarolarning mulklarini buzish haqida hokimliklar oʻz tashabbusi bilan qarorlar qabul qilishga haqli emas. Fuqaroning egalik huquqiga doir hujjatga ishonchini himoya qilish nuqtayi nazaridan mazkur holatda ish faqat sud tomonidan koʻrib chiqilishi kerak.

Ushbu qonunning 16-moddasi ishonchning himoya qilinishi prinsipidan iborat boʻlib, unga asosan vijdonan harakat qiluvchi manfaatdor shaxslarning maʼmuriy hujjatga boʻlgan ishonchi qonun bilan qoʻriqlanadi. Va qonunning 19-moddasiga asosan maʼmuriy hujjatlar va maʼmuriy harakatlar maʼmuriy tartib-taomillarning prinsiplariga muvofiq boʻlishi kerak.

Shu sababli barcha darajadagi hokimliklardagi hurmatli yuristlarimiz hokimlar qanday qaror chiqarishni istasa “qonunga toʻgʻri keladi”, deb qoʻl qoʻyavermasdan hech boʻlmasa ushbu qonun talablarini rioya etilishini taʼminlashlari kerak.

Shuningdek, joylarda tashkil etilgan adliya boʻlimlari ham fuqarolarning yer va koʻchmas mulkka doir huquqlari bilan bogʻliq soʻnggi yillardagi hokimlarning qarorlarini tahlil qilib, zarur koʻrsatmalar berib borishsa maqsadga muvofiq boʻlardi. Zero, qonunlar ishlamasa jamiyat parokandalikka, mamlakat esa tanazzulga yuz tutadi", deydi deputat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?