Kusherbayev “UzAutoMotors”ning “ishchanlik obroʻsi”ga putur yetkazganmish (yoʻq obroʻga qanday putur yetkazish mumkin hayronman) — deputat

08:52 11 Avgust 2020 Siyosat
1200 0

“UzAutoMotors” AJ Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Odob komissiyasiga deputat Rasul Kusherbayev ustidan shikoyat xati yuboribdi. Shikoyatda iddao etilishicha, Kusherbayev kompaniya va uning faoliyati haqida asossiz fikrlar bildirish orqali “UzAutoMotors”ning “ishchanlik obroʻsi”ga putur yetkazganmish (yoʻq obroʻga qanday putur yetkazish mumkin hayronman).

Kecha Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy fraksiyasi yigʻilishida ushbu shikoyat xati koʻrib chiqildi. Unda fraksiyaning barcha deputatlari bir ovozdan Kusherbayevni qoʻllab-quvvatlashdi. Zero, “UzAutoMotors” AJ haqida Kusherbayevning bildirilgan fikrlari qanchalik haqiqatga yaqinligini unga boʻlgan xalqning munosabati koʻrsatib turibdi.

“UzAutoMotors” AJ esa yillar davomida davlatning oʻnlab trillion soʻmlik imtiyoz va preferensiyalaridan foydalangani, isteʼmolchilar huquqlarini doimiy kamsitib kelgani yetmaganidek, endi unga nisbatan xalqning, deputatlarning, jamoatchilikning tanqidlarini rad etib, oʻzi tushib olgan koʻlmakdan chiqishni istamasligi bu kompaniyaning qanchalar yuzsiz ekanligini koʻrsatib qoʻydi.

Qolaversa, bir necha kun avval Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining “UzAutoMotors” AJ faoliyatiga oid tekshiruvi natijalari boʻyicha maxsus komissiyasi muhokama yigʻilishida kompaniyaning bir qancha kirdikorlari oshkor boʻlgan edi. Yigʻilishda koʻtarilgan masalalar yakuniga koʻra kompaniya 2020-yilda avtomobil tannarxlarini shakllantirishda jami 1,1 trln. soʻmdan koʻproq asossiz xarajatlar hisoblanganligi tekshiruv davomida aniqlangan. Bu esa oʻrtacha hisoblaganda har bir avtomobil tannarxi kamida  4-5 mln. soʻmgacha asossiz oshirilganini anglatadi.

Shunday ekan, "UzAutoMotors” AJ deputat ustidan shikoyat qilib, gapni aylantirguncha Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan aniqlangan 1,1 trln.soʻm boʻyicha aniq faktlar asosida hisob bersa yaxshi boʻlarmidi?

Kusherbayev ham deputat, ham fuqaro sifatida oʻzining konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalangan holda oʻz fikrini bildirdi. “UzAutoMotors” AJ esa uning bu huquqlaridan foydalanganligini qoralamoqda. Bu esa muhtaram prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan siyosiy oʻzgarishlar, xususan mamlakatda soʻz erkinligini taʼminlash, kuchli demokratik davlat qurish yoʻlidagi islohotlarga ziddir.

PS: Agar bu gaplarim bilan men ham "UzAutoMotors”ning “obroʻsiga putur yetkazib, ularning paxtadek yumshoq koʻngliga ozor bergan boʻlsam”, iltimos ovora boʻlib shikoyat yuborib yurishmasin. Oʻzim oldindan uzr soʻrab qoʻya qolaman.

Doniyor Gʻaniyev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?