Prezident sovrini Sherali Joʻrayevga nasib etdi

11:01 07 Sentyabr 2018 Sport
355 0

Poytaxtimizda kurash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun I xalqaro turnir yakuniga yetdi. Unda dunyoning 40 ta davlatidan kelgan polvonlar mutlaq vazn toifasida gilamga chiqdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Kurash xalqaro assotsiatsiyasi va mamlakatimiz kurash federatsiyasi tomonidan bir necha davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu xalqaro musobaqa qizgʻin bahslarga boy boʻldi.

“Oʻzbekiston” sport majmuasiga yigʻilgan minglab muxlislar sovrin jamgʻarmasi 100 ming AQSH dollarini tashkil etgan ushbu nufuzli turnirda dunyoning 40 ta davlatidan tashrif buyurgan polvonlarning murosasiz bahslari guvohiga aylanishdi.

Aytish kerakki, keyingi yillarda milliy sport turimiz — kurashning obroʻyi tobora ortib, ommalashib bormoqda. Yaqinda oʻtkazilgan Osiyo oʻyinlariga milliy sport turining rasman kiritilishi, kurash boʻyicha jahon va qitʼa chempionatlari, nufuzli musobaqalar muntazam uyushtirilayotgani hech mubolagʻasiz uning kelajak sporti sifatida Olimpiya oʻyinlari dasturidan joy olishiga ishonch bagʻishlaydi.

“Oʻzbekiston” sport majmuasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun I xalqaro turnirning ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar milliy qadriyatimiz — kurash bugun dunyoning barcha mintaqasida jadal rivojlanib borayotganini taʼkidlashdi.

Shundan soʻng bosh sovrin uchun bahslar boshlanib ketdi. Dongʻi ketgan polvonlar safida oʻzbekistonlik 8 nafar kurashchi ham ushbu turnirda ishtirok etdi.

Musobaqa soʻngida, hamyurtimiz Sherali Joʻrayev mutlaq gʻolib deb topildi. U Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini — 50 ming AQSH dollari bilan mukofotlandi. Kumush medal sohibi polvonimiz Bekmurod Oltiboyev 25 ming AQSH dollarini qoʻlga kiritdi. Bronza medalga sazovor boʻlgan tojikistonlik Temur Rahimov va rossiyalik Aslan Kambiyevga 10 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofotlar berildi. Shuningdek, musobaqada 5 — 8 oʻrinni egallagan sportchilar ham 1250 AQSH dollari bilan taqdirlandilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?