Kurash bo‘yicha Osiyo polvonlari Punada aniqlanadi

17:25 13 Mart 2018 Sport
995 0
Foto: Osiyo-Okeaniya kurash konfederatsiyasi

Osiyo-Okeaniya kurash konfederatsiyasining (KSAO) taqvimiga asosan joriy yil 22 — 25 mart kunlari kurash bo‘yicha X Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi.
Yubiley tarzida tashkil etilayotgan navbatdagi qit’a birinchiligiga Hindistonning Puna shahri mezbonlik qiladi. Musobaqalar erkaklar o‘rtasida 7, ayollar o‘rtasida 8 vazn toifasida o‘tkaziladi.

Chempionat dasturi doirasida Osiyo-Okeaniya kurash konfederatsiyasining ijroiya qo‘mitasi majlisi va KSAO Kongressi tashkil etiladi.
Kongress kun tartibiga Konfederatsiya vitse-prezidentlari va qo‘mita rahbarlari hisobotlarini tinglash, yangi federatsiyalarni a’zolikka qabul qilish, kurashni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflarni muhokama qilish va boshqa masalalar kiritilgan, deyiladi Osiyo-Okeaniya kurash konfederatsiyasi matbuot xizmati xabarida.

Musobaqa davomida joriy yil Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlarida kurash bo‘yicha bellashuvlargi boshqaradigan hakamlar uchun maxsus o‘quv-seminari ham o‘tkaziladi. Shuningdek, 2017 yilning turli nominatsiyalar bo‘yicha eng yaxshi deb topilgan shaxslarni taqdirlash marosimi tashkil etiladi.

Hindiston Kurash federatsiyasidan olingan ma’lumotga ko‘ra mazkur nufuzli kurash bayramini yuqori darajada o‘tkazish uchun barcha tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Kurash bo‘yicha Osiyo chempionatlariga bungacha Toshkent, Shahrisabz (O‘zbekiston), Dehli, Kerala (Hindiston), Tehron, Mashhad (Eron), Qobul (Afg‘oniston), Ulan-Bator (Mongoliya), Bayrut (Livan) shaharlari mezbonlik qilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamiz, Osiyo olimpiya kengashining 2017 yil 20 sentyabrdagi Bosh Assambleyasida kurash joriy yil avgust-sentyabr oylari Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?