KUN.UZ tahririyatining Olmazor tumani hokimi oʻrinbosari A.Vahobov bilan bogʻliq voqea yuzasidan bayonoti

13:30 17 Avgust 2019 Jamiyat
464 0

Kuni kecha Olmazor tumani hokimi oʻrinbosari A.Vahobov KUN.UZ tahririyati xodimlariga tahdid qilgani haqida xabar berilgan edi.

Bugun Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati tomonidan A.Vahobovning videointervyusi eʼlon qilindi. Ushbu intervyuda A.Vahobov KUN.UZ muxbiri Rahmatilla Isroilov muqaddam undan tamagirlik yoʻli bilan yer talab qilgani va buning evaziga katta miqdorda pora taklif qilgani haqidagi daʼvoni ilgari surdi.

Mazkur daʼvo yuzasidan KUN.UZ zudlik bilan oʻz ichki surishtiruvini oʻtkazib, tahririyat muxbiri R.Isroilov va boshqa xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinladi.

Xizmat tekshiruvida muxbir R.Isroilov unga nisbatan A.Vahobov ilgari surayotgan ayblovlar biror asosga ega emasligini, A.Vahobov bilan muqaddam HECh QACHON koʻrishmaganini, hayotda ilk marta 14-avgust kuni uchrashganini va oʻz-oʻzidan A.Vahobovning gaplari tuhmatdan iboratligini maʼlum qildi.

Bundan tashqari, 15-avgust kuni Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xodimlari tomonidan aynan mazkur masala yuzasidan tashkil qilingan yuzma-yuz uchrashuvda A.Vahobov KUN.UZ muxbiri Rahmatilla Isroilovni tanimasligini va hodisa yuz bergan kuni (14-avgust) birinchi marta koʻrganini bayon qilgan (buni tasdiqlovchi audioyozuvlar mavjud).

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilayotgani sababli xizmat tekshiruvi davomida toʻplangan hujjatlar (tegishli audio va videomateriallar bilan birga) qoʻshib oʻrganish uchun Toshkent shahar prokuraturasiga yuborildi.

Bundan tashqari, muxbir R.Isroilov oʻziga nisbatan ogʻir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilgani uchun Olmazor tuman hokimi oʻrinbosari A.Vahobovga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻrab, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali Bosh prokuraturaga shikoyat yoʻllaganini maʼlum qildi.

Toshkent shahar prokuraturasida olib borilayotgan tergovga qadar surishtiruv jarayonlariga xalaqit bermaslik, surishtiruv jarayonlari xolisligiga taʼsir va bosim oʻtkazmaslik maqsadida KUN.UZ tahririyati ushbu mavzuda boshqa maʼlumotlarni oshkor qilmaslikka qaror qildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?