Kunlik tushum oʻrtacha 10,7 mlrd. soʻmga oshdi

09:34 10 Oktyabr 2019 Jamiyat
176 0

Bugun Oʻzbekistonni, tom maʼnoda tadbirkorlar yurtiga aylanmoqda, deyish mumkin. Bunga asoslar ham yetarli. Zero, Prezidentimiz tashabbusi bilan tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar birin ketin hal etilib, emin-erkin faoliyat yuritishlari uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Masalan, yaqin-yaqingacha tadbirkorlar bankka topshirgan naqd pulini bir necha kunlab qaytarib ololmasdi. Bugungi kunda ushbu muammo toʻliq hal etildi. Biroq yaratilayotgan imkoniyatlarga qaramasdan baʼzi tadbirkorlar hamon naqd pul tushumlarini bank kassasiga emas, kissaga urishga harakat qilmoqda.

Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari tomonidan oʻtkazilayotgan xronometraj koʻzdan kechirish tadbirlari davomida bu kabi soliq toʻlashdan oʻziga xos usulda “aylanib oʻtish” holatlarining oldi olinmoqda.

Chakana savdo obyektlari eng koʻp naqd pul tushumlarini yashirmoqda

Tahlillarga koʻra, eng koʻp naqd pul tushumlarini yashirish holati chakana savdo obyektlari hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Jumladan, poytaxtimizning Qatortol savdo kompleksida faoliyat yuritayotgan 17 ta tadbirkorlik subyektida oʻtkazilgan xronometraj koʻzdan kechirish tadbirlari davomida bir kunlik tushum 112 million 500 ming soʻmni tashkil etib, oldingi kunlarga nisbatan 3 baravarga oshdi.

Jumladan, ushbu hududda savdo faoliyatini amalga oshirayotgan yakka tartibdagi tadbirkor O.Salimovning (ism familiyalar oʻzgartirilgan) doʻkoni xaridorlar bilan gavjum. Ammo, kun yakunida savdodan tushadigan naqd pullarning choʻgʻi kam. Yaʼni, davlat soliq xizmati organlari tomonidan xronometraj koʻzdan kechirish oʻtkazilishidan avval bank kassasiga 5 million 162 ming soʻm topshirilgan. Xronometraj davomida esa, 15 million 677 ming soʻm tushum amalga oshirilib, bir kun oldingiga nisbatan oʻrtacha 10 million 515 ming soʻmga oshdi.

Shu oʻrinda raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, joriy yilning oʻtgan davrida 3997 ta obyektda xronometraj koʻzdan kechirish tadbirlari oʻtkazildi. Natijada tushumlar miqdori oldingi kunlardagi oʻrtacha bir kunlik tushumga nisbatan 10 milliard 700 million soʻmga oshdi.

Xronometraj tadbirlari davomida xoʻjalik yurituvchi subyektlarda 4461 fuqaro norasmiy ravishda yollanib ishlayotgani aniqlanib, ular faoliyati qonuniylashtirildi.

Joriy yilning sentyabr oyida poytaxtimizning “Oʻrikzor” savdo kompleksida faoliyat yuritayotgan 93 ta tadbirkorlik subyekti faoliyatida oʻtkazilgan xronometraj koʻzdan kechirish tadbirlarida kundalik tushumlar 667 million 300 ming soʻmni tashkil etib, oldingi kunlardagi oʻrtacha bir kunlik tushumga nisbatan 2 baravarga oshdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari arzonligi bilan nom qozongan mazkur bozordagi A.Abdumalikovga (ism familiyalar oʻzgartirilgan) qarashli savdo doʻkonida xronometraj koʻzdan kechirish tadbirlari oʻtkazilishidan avval tadbirkor tomonidan bank kassasiga oʻrtacha 3 million 777 ming soʻm topshirilgan. Xronometraj davomida esa, oʻrtacha kunlik tushum 33 million 347 ming soʻmni tashkil etib, bir kun oldingiga nisbatan oʻrtacha 29 million 570 ming soʻmga oshgan.

Eng koʻp norasmiy ravishda ishga yollash holatlari qaysi sohada?

Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari tomonidan oʻtkazilayotgan xronometraj tadbirlari davomida fuqarolarni norasmiy ravishda ishga yollash holatlari ham kuzatilmoqda. Bu kabi “noodatiy” usul koʻproq umumiy ovqatlanish shoxobchalari tomonidan qoʻllanilayotganini aytish kerak. Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida poytaxtimizdagi 865 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasida oʻtkazilgan tadbirlar davomida 2893 nafar fuqaro norasmiy ravishda yollanib ishlayotgani aniqlandi.

Hurmatli poytaxtimiz fuqarolari!

Sizga berilmagan har bir xarid cheki ortida toʻlanmagan soliqlar mavjud. Shunday ekan, xarid cheki olishni unutmang! Zero, Siz xarid chekini talab qilish orqali, savdodan tushgan yirik miqdordagi naqd pullar bankka topshirilishi va soliqlarning oʻz vaqtida toʻlanishiga hamda poytaxtimizning yanada gullab-yashnashiga hissa qoʻshgan boʻlasiz.

Toshkent shahar DSB matbuot xizmati.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?