“Kunduzi yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib harakatlanish nazarda tutilgan qaror loyihasiga atigi 2 kishi eʼtiroz bildirgan”

17:54 30 May 2019 Jamiyat
691 0

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari polkovnik Akramxon Boboxonov, IIV jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshligʻi Qutbiddinxon Burxonov, IIV Yoʻl harakati Bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Erali Bozorov hamda vazirlikning boshqa mutasaddilari ishtirokida brifing va OAV vakillari bilan muloqot boʻlib oʻtdi.

Yoʻl harakati qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar, xususan, barcha avtomototransport vositalari uchun kunduzi yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoqib harakatlanish shart qilib qoʻyilgani va bundan koʻzlangan maqsad haqida izoh berildi.

“Havo harorati +35 gradusdan +50 darajagacha boʻladigan BAA va Malayziyada transport vositalari uchun yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib harakatlanish tartibi belgilangan”, – dedi vazir oʻrinbosari Akramxon Boboxonov.

Vazir oʻrinbosari haydovchilarning kunduzi yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoqib harakatlanish talabiga rioya qilmagani uchun belgilanadigan jarimalar miqdorini xorijiy davlatlarniki bilan taqqosladi.

“Shvetsiyada, milliy valyutamizda hisoblasak, 1 mln 51 ming 836 soʻm, Chexiyada 732 ming 220 soʻm, Estoniyada 1 mln 887 ming 510 soʻm, Ruminiyada 574 ming 829 soʻm jarima solinishiga sabab boʻladi”, – dedi Akramxon Boboxonov.

Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan yoʻl harakati qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasi regulation.gov.uz saytida bir oydan ortiq vaqt davomida jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilgani maʼlum qilindi.

Vazir oʻrinbosarining aytishicha, loyiha bilan jami 571 ta fuqaro tanishgan, faqatgina 2 nafar odam kunduzi yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib harakatlanish haqidagi moddaga eʼtiroz bildirgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?