“Kumushkon” turizm qishlogʻining tashkil etilishi aholi daromadini oshirishga xizmat qiladi 

18:41 04 Yanvar 2020 Welcome to uzbekistan
348 0

Parkent tumanining “Kumushkon” mahalla fuqarolar yigʻini (MFY) hududida zarur infratuzilmani barpo etish, oilaviy mehmon uylari faoliyati va qoʻshimcha turizm xizmatlarini yoʻlga qoʻyish hamda mahalliy aholini turizm sohasidagi tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida “Kumushkon” turizm qishlogʻini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklif maʼqullandi. 
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-dekabrdagi “Toshkent viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan “Kumushkon” MFY hududida turizm qishlogʻini tashkil etishga oid chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. 
“Vazirlar Mahkamasida ilk bor shunday mazmundagi qaror tayyorlanib, u turistik qishloq, turistik mahalla konsepsiyasini rivojlantirish nuqtayi nazaridan masalaga tizimli ravishda yondashishga yoʻnaltirildi. Bugunga kelib bu kabi ishlar qator viloyatlarda amalga oshirilmoqda – aholi bilan suhbatlar oʻtkazilib, yangi turistik xizmatlar, sayyohlar uchun mehmon uylarini tashkil etish evaziga yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi daromadlarini koʻpaytirish haqida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. 
Shuni alohida taʼkidlashimiz lozimki, Konsepsiyani rivojlantirish va ilgari surishda nafaqat turizm, balki ijtimoiy masalalarni yechishni ham oʻz oldimizga asosiy maqsad qilib belgilab olganmiz. Kelgusida bunday turistik qishloqlarni yanada koʻpaytirish rejalashtirilgan va bunda “Kumushkon” boshqa turistik qishloq hamda mahallalarni yaratishda namuna boʻlib xizmat qiladi”, — deydi Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov qarorga izoh berar ekan. 
Hujjatga muvofiq, hududda avtomobil yoʻllarini asfalt qilish, ichki koʻchalarni tekislash va shagʻal yotqizish, yoʻl koʻrsatkich belgilarini oʻrnatish, gulzorlar tashkil qilish, tungi yoritgichlarni oʻrnatish, elektr tarmoqlari va gaz quvurlarini taʼmirlash, chiqindi yigʻish punktlarini qurish, yakka tartibdagi uy-joylar fasadini taʼmirlash kabilar koʻzda tutilgan. Chora-tadbirlar rejasiga koʻra, 2020-yilda “Kumushkon” MFYdagi 10 xonadon vakillarini jalb qilgan holda, Sanʼatkorlar koʻchasi tashkil qilinadi, musiqa cholgʻu-asboblari bilan taʼminlanadi. Shuningdek, milliy sanʼat va madaniy tadbirlarni oʻtkazish uchun maxsus sahna quriladi. 
Bundan avval Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi sayti hamda qator nashrlarda Toshkent viloyati Parkent tumani Kumushkon MFY hududida turizm qishlogʻini tashkil etishga doir loyihaga start berilgani haqida xabar berilgan edi. 
Shunisi diqqatga sazovorki, “Kumushkon” MFYda alohida yoʻnalishlar boʻyicha — etnoqishloq, milliy taomlar qishlogʻi, hunarmandlar qishlogʻi, sanʼatkorlar qishlogʻi hamda agroturizm qishlogʻini yaratish koʻzda tutilgan. Shu bilan birga, bu yerda mehmon uylari, xalq kutubxonasi, yoshlar ijodiyot markazi, xalq oʻyinlari va sport namoyishlari maydonchasi, oʻtovlar shaharchasi, turizm axborot markazlari, suvenirlar hamda hunarmandchilik mahsulotlari doʻkoni, zamonaviy sanitarik-gigiyenik shoxobchalar, sayyohlar uchun tibbiy xizmat koʻrsatish shoxobchasi, sunʼiy sharsharalar hamda 7 mavsumiy dam olish maskanini tashkil etish kabi koʻplab tadbirlar amalga oshiriladi. 
Bundan tashqari, “Toshkent viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qarori doirasida Toshkent viloyatida “Oltin halqa” konsepsiyasini amalga oshirilishi ham belgilab berildi. Qaror bilan Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxati tasdiqlandi. Hujjat bilan 45 investitsiya loyihasi amalga oshiriladi, 1523 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?