Kumushxon Fayzullayeva — jahon chempionatining eng yaxshi atleti, qizlarimiz dunyoda yetakchi

13:26 16 Mart 2019 Sport
247 0

Las-Vegasda ogʻir atletika boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida jahon chempionati yakunlandi.

Tantanali yopilish marosimida musobaqaning eng yaxshi qiz va yigit ishtirokchilari taqdirlandi. Qizlar oʻrtasida -64 kg vazn toifasida ikkita jahon rekordini oʻrnatgan va uchta oltin medalni qoʻlga kiritgan oʻzbekistonlik Kumushxon Fayzullayeva turnirning eng yaxshi atleti deb topildi.

Hamyurtimizga maxsus sovrinni Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi prezidenti Tamash Ayan topshirdi.

AQSHdagi jahon chempionatida Oʻzbekistondan yetti sportchi qatnashdi va ularning olti nafari shohsupaga koʻtarildi.

Qizlar oʻrtasida bahslarda oʻzbekistonliklar eng yaxshi koʻrsatkichga ega boʻlishgani qayd etildi. Terma jamoamizdan toʻrt atlet supachaga koʻtarildi. Nigora Abdullayeva hamda Kumushxon Fayzullayeva uchtadan oltin medalni qoʻlga kiritgan boʻlsa, Tursunoy Jabborova bitta oltin va ikkita kumush medal bilan mukofotlandi.

Jami 7ta oltin va 2ta kumush medalga sazovor boʻlgan oʻzbek qizlari umumjamoa hisobida eng yuksak samaradorlikka erishgani tahsinga loyiq. Kuchli uchlikdan Turkiya (7 oltin va 4 bronza) hamda Meksika (3 oltin, 5 kumush va 3 bronza) joy olishdi.

Las-Vegasdagi chempionatda qizlar turniridagi mukofotlar 17 mamlakat vakilalariga nasib etdi. 9 mamlakat qizlari oltin medal egasiga aylandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?