Kuchli jurnalist qanday boʻlishi kerak?

23:42 24 Yanvar 2019 Jamiyat
449 0

Illyustrativ foto

Milliy matbuot markazida “Kasbiy tajriba: ijod mashaqqati va zavqi“ mavzuida Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Yosh jurnalistlar kengashining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda taniqli jurnalistlar, soha vakillari hamda talaba-yoshlar, shuningdek, mehmon sifatida Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalistlar — “Oʻzbekiston ovozi“ gazetasi bosh muharriri Safar Ostonov va “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh muharriri Ahror Ahmedov qatnashdi.

Unda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Saʼdulla Hakim jonkuyar jurnalistlarning mashaqqatli kasb yoʻllari haqida gapirib oʻtdi. Shu yil 70 yoshga toʻladigan Safar Ostonov hamda 60 yoshni qarshilayotgan Ahror Ahmedovga Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining faxriy yorligʻi va esdalik sovgʻalar topshirildi.

— Jamiyat kamchiliklariga befarq qaragan yoki yutuqlarga eʼtiborsiz boʻlgan insondan jurnalist chiqmaydi — dedi Safar Ostonov yosh jurnalistlarga. — Kuchli jurnalist boʻlish uchun insonda isteʼdod, kasb mashaqqatlariga nisbatan matonat va albatta, ixtisoslashuv boʻlishi kerak.

Yigʻilish soʻngida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

Sitora Yoʻlchiyeva, OʻzJOKU talabasi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?