Kuchli mafkuraviy immunitet yoshlarning yot g‘oyalardan himoyalanishida muhim o‘rin tutadi

10:05 09 Iyun 2018 Siyosat
614 0

Shafqatsiz ekstremizm va terrorizmning tarqalishi butun dunyoda xavfsizlikka raxna solmoqda. U jamiyat asoslarini vayron etadi, inson huquqlarining bosh tamoyillarini oyog‘osti qiladi.

Ushbu hodisalarga qarshi turish O‘zbekistonning davlat xavfsizligi hamda tashqi siyosat strategiyasining eng muhim ustuvor yo‘nalishidir. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, xalq farovonligi uchun tinchlik va barqarorlikning ulkan ahamiyatini anglab yetgan mamlakatimiz ekstremizm hamda terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha munosib va samarali qarorlar ishlab chiqishga qaratilgan konstruktiv tashabbuslarni izchillik bilan ilgari surmoqda.

O‘tgan yilning noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzuidagi xalqaro konferensiyada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev forum qatnashchilari hamda dunyo jamoatchiligini xavfsizlikka tahdidlarni “o‘ziniki va o‘zgalarniki” deb ajratishdan voz kechish, “yaxlit xavfsizlik” tamoyiliga amalda rioya qilish, bu sohadagi amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish zarurligini ta’kidlagan edi. Zotan, mintaqa davlatlari terrorizm hamda diniy ekstremizm tahdidlariga birdek duch kelmoqda.

Davlatimiz rahbari xalqaro terrorchilik va ekstremizm asosida, boshqa omillar bilan bir qatorda, johillik hamda toqatsizlik ham yotganini BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasining yuksak minbaridan turib alohida aytib o‘tdi. Shu bois insonlar ongi uchun kurash asosiy vazifadir. Birinchi navbatda, yoshlar tafakkurini egallab olish talab qilinadi. Chunki ekstremistik faoliyat va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning aksariyati

30 yoshga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilmoqda. “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.

BMTga a’zo mamlakatlar vakillari O‘zbekistonning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish, jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazish, Bosh Assambleyaning “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi.

Aholisining 60 foizini yoshlar tashkil qiluvchi Markaziy Osiyo — eng yosh mintaqalardan biri. So‘nggi bir yarim yil ichida mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllanib ulgurgan bugungi kunga kelib, bu qadar hayotiy ahamiyatga molik masalalarni faqatgina birgalikdagi intilishlar, hamkorlikni kengaytirish hamda kuchaytirish orqali hal etish mumkinligini mintaqadagi barcha anglab yetdi. Yoshlarda mustahkam fuqarolik pozitsiyasi, kuchli mafkuraviy immunitetni shakllantirish borasida yagona strategiyani ilgari surish ertamiz egalarining terrorizm va ekstremizm g‘oyalariga samarali qarshi turishiga xizmat qiladi.

Bu yerda yoshlarni ijtimoiy himoyalashni kuchaytirish bo‘yicha vazifalar birinchi o‘ringa chiqadi. Yoshlar migratsiyasiga turtki bo‘layotgan ishsizlik, sifatli ta’lim olish imkoniyatining cheklanganligi hamda o‘z navbatida, madaniyat va bilim darajasining pastligi ekstremistlarga qo‘l kelayotgan salbiy omillar bo‘lib, aynan shu holatlar yoshlarni himoyasiz ahvolga solib qo‘ymoqda.

Aniqki, yosh yigit-qizlar internet manbalaridan eng ko‘p ma’lumot oluvchi qatlamdir hamda bundan terrorchilik tuzilmalari imkon qadar foydalanmoqda. Faol internet auditoriyasining tafakkuri va kayfiyatini o‘z g‘oyalariga bo‘ysundiryapti, yoshlarning qalbiga qo‘rquv, nafrat hamda zo‘ravonlik urug‘ini sochmoqda. Globallashuv sharoitida internet terrorchilar uchun yangi a’zolarni aniqlash, miyasini zaharlash va o‘z tashkilotiga tayyorlashda, mablag‘ yig‘ish hamda ularni o‘tkazishda, terrorchilik harakatlarini amalga oshirish va o‘z maqsadlarini ommalashtirishda bosh qurolga aylandi.

Zo‘ravonlikka tayangan ekstremizm hamda terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashishning dolzarb muammolari yosh avlodni buzg‘unchi g‘oyalar, ekstremizm hamda terrorizm ta’sirlaridan himoyalash bo‘yicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy va tashkiliy-profilaktik vositalarni yanada takomillashtirishni taqozo qilyapti.

Bugungi kunda “Markaziy Osiyo beshtaligi” davlat hokimiyati organlari bilan yoshlar siyosatini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish jarayoniga jalb etilgan jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga asoslangan profilaktik tadbirlarning yagona majmuasini yaratishi lozim. Yoshlar orasida ekstremistik qarashlar tarqalishiga qarshi kurash tizimida yoshlar tashkilotlari salohiyatidan faol foydalanish masalasi muhimdir.

11-12 iyunda poytaxtimizda zo‘ravonlikka tayangan ekstremizm va terrorchilikka olib boruvchi mutaassiblikka qarshi kurashda yoshlarning o‘rnini muhokama qilishga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi. Unda YEXHT Bosh kotibi, BMT Bosh kotibining yoshlar ishlari bo‘yicha vakili, BMT aksilterror boshqarmasi boshlig‘i, YEXHTning maxsus vakili, shuningdek, Yevropa hamda Osiyoning qator mamlakatlaridan, xalqaro tashkilotlardan vakillar qatnashishi kutilmoqda. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ham tadbir tashkilotchilaridan biri bo‘lib, anjuman ishi va uning natijalari haqidagi ma’lumotlar dunyo jamoatchiligiga yetib borishini ham ta’minlaydi.

Ma’lumotlar, fikrlar hamda tajribalar almashish, muammoli masalalarni ekspertlar darajasida muhokama etish zo‘ravonlikka asoslangan, buzg‘unchi ekstremistik g‘oyalarning yoshlarga ta’sirini bartaraf qilish bo‘yicha umumiy pozitsiyani ishlab chiqishda ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Iqboljon MIRZAALIYEV,
Oliy Majlis Senatining
Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?