Kuchli ijtimoiy himoya samarasi odamlar hayotida yaqqol namoyon bo’layapti

18:24 25 Aprel 2018 Siyosat
479 0

Bugun poytaxtimizda O’zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan hamkor tashkilotlar ishtirokida “Harakatlar strategiyasi va kuchli ijtimoiy siyosat: xalqaro amaliyot va O’zbekiston tajribasi” mavzuida xalqaro konferentsiya o’tkazilmoqda.

2017 — 2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar doirasida yurtimizda hayotga izchil tatbiq etilayotgan mutlaqo yangicha ijtimoiy siyosatning mazmun-mohiyatini dunyo jamoatchiligiga etkazish, davlat organlari, kasaba uyushmalari, Savdo-sanoat palatasi hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining aholini ijtimoiy himoya qilish borasidagi hamkorligi va sherikligi istiqbollarini belgilab olish maqsadida uyushtirilgan ushbu yirik anjumanga 30 dan ortiq mamlakatlardan nufuzli xalqaro ekspertlar hamda olimlar, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya Federatsiyasi, Afg’oniston, Albaniya, Belarus, Bolgariya, Gruziya, Zambiya, Italiya, Latviya, Litva, Malayziya, Moldova, Nepal, Ozarbayjon, Serbiya, Turkiya, Xitoy Xalq Respublikasi, Estoniya kabi davlatlarning kasaba uyushma markazlari rahbarlari tashrif buyurdilar.

Bu forum ijtimoiy-mehnat masalalarini hal qilishda bevosita qatnashayotgan ekspertlar taklif va mulohazalari hamda tajribalarini konstruktiv muhokama etish va o’zaro fikr almashish uchun xalqaro platforma vazifasini o’taydi. Ayni chog’da u O’zbekistonning ochiqligini, faol hamda amaliy hamkorlik, xalqaro va chet el tajribasini o’rganish asosida aholini ijtimoiy himoyalashga oid vazifalarni hal qilishga tayyorligini namoyon etishi bilan ham ahamiyatlidir. Mazkur tashabbus Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi, Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi Umumevropa kasaba uyushmalari mintaqaviy kengashi hamda Xalqaro ish beruvchilar tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan keng qo’llab-quvvatlandi.

Kecha tadbir ishtirokchilari anjuman oldidan Samarqand viloyatida bo’lib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlarning hayotiy natijalari, aholini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash yo’nalishida olib borilayotgan ezgu sa’y-harakatlar, ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish yumushlari, tarixiy hamda zamonaviy obidalar bilan tanishdilar.

Mehmonlarni temir yo’l vokzalida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari tantanali kutib oldi. Ular bu erdagi tarixiy hamda zamonaviy inshootlar, muqaddas qadamjolar, xususan, Amir Temur, Xo’ja Doniyor maqbaralari, Islom Karimov mangu qo’nim topgan maskan, Ulug’bek rasadxonasi va “Siyob” bozorida bo’ldilar.

Konferentsiya qatnashchilari qator korxonalarda bo’lib, uch tomonlama jamoa shartnomalarida xodimlar uchun ko’plab qulaylik hamda engilliklar ko’zda tutilgani, jumladan, texnika xavfsizligi va ishchi-xodimlarga yaratilgan mehnat sharoitini yuqori baholashdi. Ana shunday korxonalardan biri — “SamAvto” zavodidir. Bu erda o’tgan davr mobaynida 30 ming donadan ortiq avtobus hamda yuk avtomobillari ishlab chiqarildi. Salkam ming nafar malakali xodimlardan iborat jamoa ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish taraddudida.

Xorijliklar navbatdagi manzil — Samarqand shahridagi “Bog’i saroy” mahalla fuqarolar yig’inida bo’lishdi. Mahalladagi orastalikdan tashqari, bu erda fuqarolar yig’ini va turli komissiyalar raislari, profilaktika inspektorining birgalikda ishlashi uchun barcha sharoit yaratilgani ularda yorqin taassurot qoldirdi. Fuqarolik jamiyatining muhim bo’g’ini hisoblangan mahalla institutining aholini ijtimoiy himoya qilish yo’nalishidagi o’rni, ayniqsa, yuqori ekanligini ular alohida qayd etishdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida O’zbekistonda aholi farovonligini yuksaltirish borasida qilinayotgan sa’y-harakatlarga yuqori baho berdilar. Shuningdek, ishlab chiqarish korxonalarida bo’lib, kasaba uyushmalari hamda ish beruvchilar ijtimoiy sherikligida xodimlarga yaratilgan munosib mehnat sharoitlari, ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlashga doir yumushlar bilan tanishdilar.

Z. Xudoyshukurov, O. Fayziev,
"Xalq so’zi" muxbirlari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?