Kristofer Fort “Shum bola”ni ingliz tiliga tarjima qilmoqchi

12:01 16 Oktyabr 2019 Madaniyat
162 0

1989-yil Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinishi mamlakat hayotida chinakam tarixiy ahamiyatga ega voqea boʻlgan edi. Mana shu qutlugʻ sanaga ham oʻttiz yil toʻlmoqda. Oʻtgan vaqt davomida oʻzbek tilining maqomini oshirish boʻyicha ulkan muvaffaqiyatlarga erishildi.

Sobiq ittifoq davrida oʻzbek tili Oʻzbekistonning rasmiy tillaridan biri sifatida qaralgan boʻlsa-da, amalda jamiyat va davlat hayotida oʻzining tegishli oʻrniga ega emas edi. Respublika mustaqillikka erishgach, Oʻzbekiston rahbariyati “Davlat tili toʻgʻrisida” gi Qonun asosida oʻzbek tilini millatning eng muhim maʼnaviy qadriyati sifatida asrab-avaylashga kirishdi va ushbu tilda soʻzlovchilarga keng imkoniyatlar eshigini ochdi.

Men va boshqa chet ellik ekspertlar umid qilamizki, Oʻzbekiston rahbariyati va uning xalqi oʻzbek tilini taraqqiy ettirishga qaratilgan oliyjanob tashabbuslarni davom ettiradi. Shubhasiz, bu yoʻlda juda koʻp muammolar oʻz yechimini kutib turibdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur jabhada sezilarli tashabbuslar koʻrsatdi. Jumladan, oʻtgan ikki yil mobaynida taʼlim tizimiga kiritilgan investitsiyalar koʻlami oʻsdi, taʼlim tizimida tilning oʻqitilishi va amalda qoʻllanilishiga katta eʼtibor qaratdi.

Ishonchim komilki, yaqin kelajakda Oʻzbekistonda yangi zamonaviy oʻquv qoʻllanmalarini oʻzbek tiliga tarjima qilish, nufuzli chet el oliy oʻquv yurtlari bilan talabalar almashinuvi va ilmiy ishlar amalga oshirish uchun taʼlim tizimiga investitsiyalar va qoʻshimcha resurslar jalb etilishining guvohi boʻlamiz. Bunday sharafli saʼy-harakatlar natijasida oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar nafaqat oʻz ona tilini yaxshiroq va mukammalroq biladi, balki global muammolarni muhokama qilishda oʻzbek tilida soʻzlash borasida keng imkoniyatlarga ega boʻladi.

Men oʻz tarjimalarim orqali “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilab berilgan maqsadlarga erishishda oʻzimning kamtarona hissamni qoʻshish baxtiga sazovor boʻldim. Oʻzbek asarlarini tarjima qilish amaliyotiga ingliz tilidagi oʻquvchilarni oʻzbek madaniyati bilan yaqindan tanishtirish, ularga ozgina boʻlsa-da? oʻzbek xalqi qanday ekanligini namoyon etish vositasi sifatida qarayman. Bunday bilimlarni tarqatish orqali oʻzbek tilining jozibadorligi, ushbu tilda ijod qilgan adib va yozuvchilar haqida maʼlumot berish imkoniyati yaratiladi. Oʻtgan oy Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” nomli asari tarjimasi nashrdan chiqdi. Shu oy men ingliz tiliga tarjima qilgan Abdulhamid Choʻlponning “Kecha va kunduz” asari nashr etiladi. Mening keyingi loyiham, Markaziy Osiyoning boshqa bir qancha olimlari bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo tillarida yaratilgan asarlarning ingliz tiliga badiiy tarjimalari antalogiyasini yaratishdir. Men ushbu toʻplam uchun Choʻlponning “Zamona xotini” va Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” asarlarini tarjima qilmoqchiman. Antalogiyada, shuningdek, Anbar Otin, Sadriddin Ayniy, Zulfiya, Oydin, Oʻtkir Hoshimov va boshqalarning asarlaridan ingliz tiliga tarjimalar joy oladi. Oʻzbek tilida yaratilgan asarlar son-sanoqsiz chet ellik oʻquvchilarning maʼnaviy boyishiga, uning jozibadorligidan bahramand boʻlishiga ulkan hissa qoʻshmoqda hamda shu asnoda oʻzbek tilining qadri va qaddi baland boʻlib boraveradi.

Ushbu shodiyona kun - oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligi arafasida umid qilamanki, barcha oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar oʻzlarining tili va boy merosi bilan faxrlanadi. Men ulardan tilni asrab-avaylash va uni kelajak avlodlar uchun saqlab qolish haqida qaygʻurishlarini soʻrab qolaman.

Kristofer Fort,

Ingliz tarjimoni,
“Dunyo” AA, London


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?