Krasnodarda YTH oqibatida oʻzbekistonlik 6 kishi jabrlandi. Ikki kishi vafot etdi

11:11 20 Avgust 2019 Jamiyat
117 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekistonning Rostov-Don shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasiga 2019-yilning 5-avgust kuni Krasnodar oʻlkasining Temryuk tumanida yoʻl-transport hodisasi natijasida 6 nafar Oʻzbekiston fuqarolari jabrlanganlari toʻgʻrisida rasmiy xabar kelib tushdi. Ikki kishi vafot etgan, ulardan birining shaxsi aniqlanmoqda. Jarohatlangan hamyurtlarimiz kasalxonaga joylashtirildi. Bu haqda TIV xabar berdi.

Bosh konsulxona tomonidan mazkur vaziyat nazoratga olinib, konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarini hal qilishda yordam koʻrsatish uchun huquqni muhofaza qilish organlari va tibbiyot muassasalari bilan doimiy aloqa oʻrnatilgan.

Konsullik-huquqiy departament marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etadi hamda Rossiyaning Shimoliy Kavkaz federal okrugi (Dogʻiston Respublikasi, Ingushiya Respublikasi, Kabarda-Balkariya Respublikasi, Qorachoy Cherkasiya Respublikasi, Stavropol oʻlkasi, Checheniston Respublikasi, Shimoliy Osetiya Respublikasi) va Janubiy federal okrugi (Adigeya Respublikasi, Astraxan viloyati, Qalmoq Respublikasi, Krasnodar oʻlkasi, Volgograd viloyati, Rostov viloyati) hududida boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolariga ular zarurat tugʻilgan holatlarda Rostov-Don shahridagi mamlakatimiz Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib oʻtadi: +7-863-285-50-57.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?