Koʻzi ojizlar uchun kutubxonalar binolarini qurish ishlari hamon yakunlanmagan 

17:50 29 Oktyabr 2019 Jamiyat
93 0

Illyustrativ foto

2019-yil 29-oktyabr kuni Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.

Senatorlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining hamda Madaniyat vazirligining 2019-yilning toʻqqiz oyi davomidagi faoliyati yuzasidan hisobotlari eshitildi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

Majlisda Qoʻmita aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, 2019-yil davomida Innovatsion rivojlanish vazirligi zimmasiga 42 ta vazifa yuklatilgan. Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida 2019-yilning oʻtgan davrida ushbu topshiriqlarning aksariyati belgilangan muddatlarda bajarilganligi aniqlandi.

Xususan, tegishli vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida xalqaro nashrlarda mahalliy olim va mutaxassislarning ilmiy natijalarini, maqolalarini chop etishga tayyorlash ishlariga koʻmaklashish boʻyicha “Proofreading Service” xizmati yoʻlga qoʻyilgan.

Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari muammolarini kompleks ravishda hal etish, respublika hududlaridagi ilmiy-texnik va innovatsion faoliyat natijalarini tijoratlashtirish maqsadida innovatsion ishlanmalar bazasi shakllantirilgan. Jumladan, sogʻliqni saqlash sohasi, qishloq xoʻjaligi, sanoat, taʼlim kabi yoʻnalishlarda 270 dan ortiq innovatsion ishlanma tayyorlangan. Tijoratlashtirilayotgan innovatsion ishlanmalarning soni 81 taga yetkazilib, hududlar kesimida 33 ta loyiha amalga oshirilgan.

Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida innovatsion loyihalarni moliyalashtirishda xususiy sektor ishtirokini kuchaytirish borasidagi vazifalar ijrosi yuzasidan umumiy qiymati 24,2 mlrd. soʻmga teng 110 ta innovatsion loyiha moliyalashtirilishida xususiy sektor ishtiroki 40,1 foizni tashkil etishi taʼminlangan. Bundan tashqari, startap loyihalar tanlovi eʼlon qilinib, gʻolib sifatida 17 ta loyihaga 15,1 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgan.

Shu bilan bir qatorda, ayrim vazifalar belgilangan muddatlarda bajarilmaganligi qayd etildi. Xususan, 2019-yilning uchinchi choragi davomida ijro etilishi belgilangan 16 ta topshiriqning 4 tasi muddatidan kechikkan holda bajarilayotganligi maʼlum boʻldi.

Shu munosabat bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida Qoʻmita aʼzolari tomonidan qator tavsiyalar bildirildi. Jumladan, “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini qisqa muddatlarda Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga kiritish, mintaqaviy va xalqaro darajalarda klasterlarni yaratish strategiyasi va dasturlari asosida tuzilmalarni rivojlantirish boʻyicha yagona konsepsiya tasdiqlanishini taʼminlash lozimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisida qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining joriy yil davomidagi faoliyatida 44 ta maqsadli vazifa amalga oshirilishi belgilangan, shundan 26 tasi joriy yilning I-Sh choraklarida bajarilishi lozim edi. Ularning ijrosini taʼminlash maqsadida vazirlik tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hujjatlarini rasmiylashtirish maqsadida jami 5430 ta madaniy meros obyektining manzilli roʻyxati tuzilgan va tasdiqlangan.

2019-yil davomida mamlakatimiz teatrlarida sahnalashtirilishi rejalashtirilgan 55 ta tarixiy, 60 ta milliy drama asari tanlab olingan. Vazirlikning repertuar-tahririyat shoʻbasi tomonidan 80 dan ortiq sahna asariga tavsiyaviy xulosalar berilgan.

Madaniyat vazirligining xayriya tomoshalarini tashkil qilish boʻyicha alohida reja-jadvali tasdiqlangan hamda teatr jamoalarining mahalliy va xorijiy gastrol safarlari tashkil etilgan.

Hududlardagi bolalar musiqa va sanʼat maktablarida 4045 nafar oliy maʼlumotli mutaxassis oʻqituvchiga ehtiyoj borligi aniqlangan, kamida uch yil mehnat stajiga ega 5131 nafar mutaxassisning roʻyxati shakllantirilgan. Bolalar musiqa va sanʼat maktablari uchun pedagog kadrlarni tayyorlash boʻyicha Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida maxsus sirtqi boʻlim ochilgan.

Majlisda vazirlik tomonidan ayrim vazifalar belgilangan muddatlarda bajarilmaganligiga urgʻu berildi. Jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida 50 ta istirohat bogʻi faoliyatini yoʻlga qoʻyish belgilangan boʻlib, bugunga qadar tadbirkorlik subyektlarining biznes-reja loyihalari vazirlikning tegishli boshqarmalari tomonidan haligacha koʻrib chiqilmoqda. Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va Sirdaryo viloyatlarida koʻzi ojizlar uchun kutubxonalar binolarini qurish ishlari olib borilishi muddati 2019-yilning I-III choraklari etib belgilangan boʻlsa-da, buning ijrosi ham taʼminlanmagan.

Muhokama natijalari boʻyicha Madaniyat vazirligi zimmasiga yuklatilgan barcha vazifalarning soʻzsiz ijrosini taʼminlash yuzasidan amaliy tavsiyalar bildirildi.

Majlisida koʻrib chiqilgan masalalar boʻyicha Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining tegishli qarorlari qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?