“Koʻzgudagi moʻjiza”ni koʻrganmisiz?

17:40 19 Noyabr 2020 Madaniyat
583 0

Buxorodagi Sitorai Moxi Xossa majmuasi haqida soatlab soʻz yuritish mumkin. Buxoro amirlarining yozgi qarorgohi vazifasini oʻtagan bu maskanda xalqimiz aql-zakovati mahsuli boʻlgan osori atiqlarni har qadamda uchratasiz. Biz ulardan biri – “Koʻzgudagi moʻjiza” deya taʼriflangan Xonai Safed — Oq uy haqida qisqacha soʻz yuritmoqchimiz.

— Oq uy saroy xonalari ichida oʻzining betakror bezaklari bilan alohida ajralib turadi, — deydi Citorai Moxi Xossa xalq amaliy bezak sanʼati muzeyi ilmiy xodimi, sanʼatshunos Nargiza Jumayeva. — U 1912 — 1914-yillarda mashhur hunarmand Usta Shirin Murodov va uning 25 nafar shogirdi tomonidan qurib, pardozlangan.

Aytishlaricha, usta xonani qanday bezash ustida uzoq oʻylaydi.Kunlar, haftalar oʻtadi. Bir emas, ikki oy ortda qoladi. Yoz oqshomlarining birida ustaning koʻz oʻngida yulduzlarga toʻla osmon, toʻlin oy namoyon boʻladi. Bu manzaradan benihoya taʼsirlangan Usta Shirin yoʻqotgan buyumini topgan kishidek suyunib ketadi. Tasavvurida oʻzi pardoz bermoq niyatidagi zalning qiyofasi paydo boʻladi va ertasigayoq ishga kirishadi.

Koʻz oʻngida oynaday ravshan tortgan manzarani yaratish uchun u ikki yil vaqt sarflaydi.Bezash ishlarida zaminkor pardoz, choka pardoz, tabaqa pardoz kabi jami besh uslubdan foydalanadi. Shu jarayonda oʻzi ham yangi bir uslub yaratadi. Bu oynapardoz uslubidir. Unga qadar milliy ganchkorlik sanʼatida hech kim koʻzgu ustiga oʻymakorlik yoʻli bilan pardoz berish mumkinligi haqida oʻylab koʻrmagan.

— Xona devorlarida bezaklar oyna ustida ganchdan oʻyib bezalgan, — deya davom etadi N. Jumayeva. — Xonaning qorday oqligi, bezak ishlarida oynaning koʻp qoʻllanilgani unga oʻzgacha koʻrk va joziba baxsh etgan. Devordagi tokchalarni ustaning shogirdlari bezashgan. Bezaklar bir-biriga sira oʻxshamaydi. Chunki bir shogird ishini ikkinchisi takrorlamagan. Eng murakkab bezaklarni esa Usta Shirinning oʻzi bajargan. Gullar va naqshlar xona devorlarida oyna ustiga shunday joylashtirilganki, koʻzgular ming-minglab boʻlaklarga ajralib ketgan. Saroy shoiri Anbariyning bu goʻzallik oldida lol qolib, fors tilida arab yozuvida bitgan baytidagi “Loyi oldida Chin naqshi uzr soʻrasin” misrasini oʻqib ham koʻp narsani anglash mumkin.

Ganch oʻymakorligining nodir namunasi sanalgan bu goʻshaga oʻsha vaqtda qandillar Polshadan, chinni guldonlar Yaponiya va Xitoydan keltirilgan. ”Qizil oyoq” gilami esa xona koʻrkiga koʻrk qoʻshgan. Ertaklardagi qasrlarni yodga soluvchi bu maskan mana, bir asrdan ziyod vaqt oʻtibdiki, tomoshabinlar, xususan, xorijiy sayyohlarni oʻziga maftun etib kelmoqda.

“Koʻzgudagi moʻjiza”ni yaratgan xalqimizning ardoqli farzandi Usta Shirin Murodov bu kabi yana koʻplab oʻlmas ishlar ijodkori sifatida tarixda qolgan. Bu haqda mavridi kelganida bafurja soʻz yuritamiz, albatta.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?