Ko‘zbo‘yamachiliklarga aslo yo‘l qo‘yilmaydi

17:35 17 Aprel 2018 Siyosat
448 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining Press-xollida Prezident Matbuot kotibi Komil Allamjonov 13 aprel kuni Sirdaryo viloyati faollari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tanqid qilgan masalalardan keyin ko‘rilayotgan choralar haqida brifing o‘tkazdi.

Yurtboshimiz ushbu yig‘ilishda viloyatlarga safarlar oldidan ijtimoiy soha xodimlarining obodonlashtirish ishlariga jalb etilayotgani, ayrim joylarda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilayotganini jiddiy tanqid ostiga oldi. Bu lavha ommaviy axborot vositalari orqali barchaning e’tiboriga havola qilindi. 

Matbuot kotibi Prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘zlaridan keyin ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilganidek, Yurtboshimiz bunday holatlar yana qaytarilmasligi uchun huquqiy mexanizm yaratish bo‘yicha topshiriqlar bergan. Unga ko‘ra, aholini, ayniqsa, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasi xodimlari, talabalarni obodonlashtirish ishlariga jalb etishni qat’iy taqiqlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori ishlab chiqiladi. 

Ushbu qarorda joylardagi obodonlashtirish xizmatlari faoliyatini kengaytirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar ham aks etadi. Bunda xorijiy davlatlarning bu boradagi tajribasi inobatga olinadi.

Fuqarolarni jamoat ishlariga majburlash holatlari shundan keyin ham qaytarilsa, Prezident ta’kidlaganidek, jazo qattiq bo‘ladi. Jumladan, jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan choralar ko‘riladi.

Shavkat Mirziyoyev Bosh prokuratura oldiga ham bir qator vazifalar qo‘ygan. Samarqandlik o‘qituvchi Diana Yenikeyevaning bevaqt o‘limiga sababchi bo‘lgan mansabdor shaxslarni yuridik javobgarlikka tortish bo‘yicha topshiriqlar bergan. Hozirda bu hodisa bo‘yicha o‘rganish olib borilmoqda. 

Prezident joylardagi ko‘zbo‘yamachilik holatlaridan ham qattiq noroziligini bildirgan edi. Qayd etilgan xo‘jako‘rsin ishlar yuzasidan prokurorlik tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

Xususan, Qashqadaryoda yo‘l bo‘ylarida yasalgan soxta issiqxonalar, Jizzaxdagi tibbiyot muassasasida eski jihozlar o‘rnatilgani va kasallarni on-layn ro‘yxatga olish dasturi ishlamasligi kabi holatlar tekshiriladi.
Viloyatlarga tashriflar chog‘ida ko‘rsatilgan, jumladan, bank rahbarlari tomonidan taqdim etilgan loyihalarni chuqur va tahliliy inventarizatsiyadan o‘tkazish, kamchiliklar aniqlangudek bo‘lsa, keskin choralar ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berilgan. 

Prezident yana shunday ko‘zbo‘yamachilik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida doimiy va qat’iy nazorat o‘rnatish zarurligini ta’kidlagan. Ko‘zbo‘yamachilikka uringan yoki buning oldini olmagan rahbarlar qattiq jazolanadi. 

Davlat rahbari bergan topshiriqlar ijrosi, aybdorlarning jazolangani haqida ommaviy axborot vositalari, xususan, Bosh prokuratura huzuridagi media-markaz orqali xabarlar berib boriladi.

Omonulla FAYZIYEV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?