Koʻz koʻrgan muammolardan koʻz yumib yashash davri oʻtdi

17:40 09 Iyul 2019 Jamiyat
995 0

Toshkent kimyo-texnologiya instituti — kimyo, oziq-ovqat, neft-gaz, qurilish materiallari va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga malakali kadrlar yetkazib beruvchi yirik tayanch oliy oʻquv yurtlaridan biri.

Oʻquv, oʻquv-uslubiy, ilmiy tadqiqot, maʼnaviy-maʼrifiy, taʼlim-tarbiya va boshqa ishlarda erishgan yutuqlari tufayli yuqori reyting koʻrsatkichlari bilan oliy taʼlim muassasalari orasida yuqori oʻrinni egallab turibdi.

Ammo bugun institutda eʼtibordan chetda qolayotgan ayrim muammo va kamchiliklar ham borki, bundan koʻz yumib boʻlmaydi. Oʻrganishlarimiz xulosalari asosida barchasi haqida batafsil toʻxtalamiz.

Hozirgi kunda taʼlim muassasasida beshta fakultet mavjud boʻlib, yangi oʻquv yili uchun tasdiqlangan kvotani hisobga olganda, qariyb 4700 nafar talabalar tahsil olishi moʻljallangan.

Institutning asosiy binosi yaqin yillarda taʼmirlanmaganini devorlarning koʻchib tushayotganidan ham bilish mumkin. Qolaversa, eshik-derazalar ham eski. Professor-oʻqituvchilar ham almisoqdan qolgan stol-stul, shkaf va boshqa jihozlardan foydalanib kelmoqda.

Auditoriyalardagi ahvol esa bundan-da achinarli. Partalar bugungi zamon talablariga mutlaqo javob bermaydi, ularning ayrimlari sinib ketgan, devorlari esa borgan sari koʻchib, toʻkilyapti. Xonalari ham institut nomiga yarasha jihozlanmagan, chiroqlari toʻliq yonmaydi. Oʻquv-amaliyot uskunalari yangilanmagan. Fizika va elektronika kafedrasidagi apparatlar bundan 42 yil ilgari, yaʼni 1977-yilda ishlab chiqarilgan.

Endi Axborot-resurs markazi faoliyatiga bir nazar. Afsuski, kitob oluvchilarni qayd etish daftarini koʻrib, u xoʻjakoʻrsinga yuritilishiga guvoh boʻldik. Bu yerda shundoq ham sanoqli boʻlgan kitobxonlarning ism-familiyasi qayd etilmas ekan. Ustiga-ustak, kutubxonadagi kompyuterlar toʻliq ishlamaydi.

Institutning yonginasidagi oʻquv binosi bundan ikki yil oldin kapital taʼmirdan chiqarilib, foydalanishga topshirilishi kerak edi. Ammo bu yumushlar hamon paysalga solinmoqda. Quruvchi tashkilot ishini oʻlda-joʻlda qilib ketganligi sababli taʼlim maskani jamoasi shu holatda oʻqituvchi va talabalarni binoga qoʻyishga majbur boʻlgan. Bino ichida stol-stullar, partalar taxlami esa katta “uyum”ni hosil qilgan.

— Muammo hal boʻlavermagach, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi tegishli kompaniyaga murojaat qildik, — deydi mazkur institutning ishlar boshqarmasi boshligʻi Jamshid Sodiqov. — Ammo bu masala batafsil oʻrganilib, hal etilganicha yoʻq. Shu bois qoʻshimcha shtat ochib, xodimlar va talabalarga zarur sharoitlarni yaratib berolmayapmiz. Shunga qaramay, oʻzimiz harakat qilib, ayrim qavatlarni taʼmirlayapmiz.

Kuzatuvlarimizni davom ettirib, Toshkent kimyo-texnologiya institutidan ancha uzoqda joylashgan — noorganik moddalar kimyoviy texnologiyasi fakultetiga yoʻl oldik. Uning binosi yangi taʼmirdan chiqarilgan. Talabalar uchun yaratilgan sharoitlar ham shunga yarasha. Biroq yechimini kutayotgan masalalar ham bor.

Professor Adham Erkayevning aytishicha, bugun deyarli barcha ishlab chiqarish obyektiga yangi texnologiyalar olib kelinyapti. Institutimizni tamomlagan kadrlar ulardagi uskuna va dastgohlardan bemalol foydalana olishi kerak. Buning uchun esa, avvalo, institutning moddiy-texnika bazasi yaxshi boʻlishi, soʻnggi laboratoriya uskunalari bilan jihozlanishi lozim. Mana shu jihatlarga yanada koʻproq eʼtibor qaratilsa, ayni muddao boʻladi.

Talabalar turarjoyi. Bu inshoot 500 oʻringa moʻljallangan. Ammo ushbu yotoqxonada 2018/2019 oʻquv yili davrida 380 nafardan ziyod talabalar yashagan. Nega? Mutasaddilardan aniq izoh ololmagach, talabalar oʻqish joyining uzoqligi bois bu yerda turishni xohlamasa kerak, degan xulosaga keldik. Yotoqxona maʼmuriyatining soʻzlariga koʻra, binoda taʼmirlash ishlari qoʻl uchida olib borilganligi uchun devorlari nuray boshlagan, kanalizatsiya tizimlarini ulash ishlari yakuniga yetkazilmagan. Bu yerdagi kutubxonadan deyarli foydalanilmaydi. Buni oxirgi marta talabalar tomonidan 2016-yilda olingan kitoblar qaydidan ham yaqqol bilish mumkin.

Talabalar turarjoyida tashkil etilgan tibbiyot xonasining ahvoli yanada achinarli. Soddaroq aytganda, tibbiyot xonasining oʻzi birinchi yordamga muhtojdek tasavvur uygʻotadi kishida. Dori-darmonlarni saqlash uchun ajratilgan muzlatkich ichida zarur malhamlar emas, aksincha, qozon toʻla taom borligiga nima deysiz?! Bu holatga mutasaddilardan aniq izoh ololmadik. Xulosa esa oʻzingizdan.

Navbatdagi manzil — Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademik S. Yu. Yunusov nomidagi Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti boʻldi. Ayni paytda dargohda 300 dan ortiq xodimlar faoliyat yuritadi.

Bu yerda tajriba ishlab chiqarish jarayoni xalqaro GMP standartiga muvofiq modernizatsiya qilinmoqda. Natijada oʻsimlik xom ashyosini chuqur qayta ishlash imkoniyati kengaydi. Muassasada farmatsevtika talabiga mos keladigan oʻttizdan ortiq dori vositalari substansiyalari va dorivor oʻsimliklar ekstraktlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. 2020-yilga qadar tibbiyot, qishloq xoʻjaligi kabi sohalarga oid 40 turdagi preparat ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.

Muassasa faoliyatiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, mutaxassislar tomonidan muntazam yangi ilmiy ishlanmalar taqdim etiladi. Institut tajriba ishlab chiqarish korxonasida oʻsimlikdan kimyoviy moddalar ajratib olinadi. Bu asosda tushadigan tushum ham chakkimas: yillik 2-2,5 mln. AQSH dollarini tashkil etadi.

Institut direktori Shomansur Sagdullayevning maʼlumot berishicha, shu yilning mart oyida institutning yangi tajriba ishlab chiqarish korxonasi qurib bitkazildi. Buning uchun kredit va nobyudjet mablagʻlar hisobidan 30 mlrd. soʻm ajratildi. Pirovardida samaradorlik 10 barobar oshdi. Oʻz oʻrnida eksportda ham oʻsish kuzatilgan.

Yutuqlar oʻz yoʻliga. Ammo institutdagi sharoitni qoniqarli, deb boʻlmaydi. Ayniqsa, ilmiy xodimlar ishlaydigan laboratoriya xonalari! Gap shundaki, olimlar hali-hanuz eski laboratoriya jihozlaridan foydalanib kelmoqda. Xona mebellari umuman yangilanmagan. Suv-kommunikatsiya tarmoqlarining eskirgani laboratoriya xonalarini ham chetlab oʻtmagan: natijada devorlar nuragan, batamom koʻchib tushish arafasida. Afsuski, kutubxonada ham ana shunday salbiy holatni kuzatasiz. Qisqasi, bino va ish uskunalari modernizatsiyaga muhtoj.

— Bino 1965-yildan beri kapital taʼmirlanmagan, — deydi institutning innovatsion rivojlanish va marketing boʻlimi boshligʻi Ulugʻbek Karimov. — Shunga qaramay, har yili institutimiz tomonidan joriy taʼmirlash ishlari olib boriladi. Ammo hisob-kitobimizga koʻra, inshootni toʻliq qayta modernizatsiya qilish uchun 32 mlrd. soʻm mablagʻ kerak boʻladi.

Xullas, yurtimizda ilm-fan, taʼlim taraqqiyotiga alohida eʼtibor qaratilayotgan bir paytda, yuqorida keltirilgan muammolarni bartaraf qilish oʻrniga chetdan tomoshabin boʻlish hech qanday mantiqqa toʻgʻri kelmaydi. Qolaversa, koʻz koʻrgan muammolardan koʻz yumib yashash davri ham oʻtganini tegishli idora va tashkilotlar mutasaddilari anglab olishlari kerak, nazarimizda. Zero, vaqt kutib turmaydi. Zamon shiddati sansalorlik, loqaydlikni emas, aksincha, tashabbus koʻrsatib ishlashni talab qilmoqda.

Rahim ShERQULOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?