Kovul — oyog‘imiz ostidagi xazina yoxud tog‘ yonbag‘irlarida uni rivojlantirish omillari xususida

11:15 22 Iyun 2018 Iqtisodiyot
1176 0

O‘tgan yili andijonlik o‘rmonchilar tajriba almashgani Turkiyaga borishganida kutilmagan holatga duch kelishadi. Tushlik chog‘ida dasturxonga boshqa taomlar qatori qandaydir mevali salat ham tortiladi. Mehmonlar unga qiziqib, tatib ko‘rishadi. Bir-biridan so‘raydiki, bu nima? Ammo savolga javobni hech kim bera olmaydi. Mehmondorchilik yakunida mezbonlarning o‘zlaridan so‘rashga majbur bo‘ladilar: bu xushxo‘r salatning retseptini bersangiz?

Bunga javoban mezbonlar kulishadi. Sababi, bu yurtimizdan olib kelingan kovuldan tayyorlangan salat ekan. “Biz O‘zbekistonni kovulning koni deb bilamiz. Uning 100 grammini 1 AQSH dollariga sotib olamiz”, deyishadi ular.

Andijonlik o‘rmonchilarning dilidan tiliga ko‘chgani esa shu bo‘ldi: adirlarimizda o‘sadigan kovul dunyoda shunday qiymatga ega ekan. Oyoq ostidagi shunday xazinadan bexabar ekanmiz-a?!

Kavar haqida nimalar bilamiz?
Kovul o‘simligini xalqimiz kavar deb ham ataydi. Mutaxassislar bu nomning kelib chiqishini Erondagi Dashti Kavir cho‘li bilan bog‘lashadi. Chunki kovul mazkur hududda eng ko‘p uchraydigan o‘simlik hisoblanadi. U Fransiya, Ispaniya, Italiya, Jazoir hamda Kiprda, Gretsiya va Shimoliy Amerikada madaniylashtirilgan. Yurtimizning tog‘ yonbag‘irli hududlarida esa tabiiy holda o‘sadi. Jumladan, Jizzax viloyatining Zomin, o‘allaorol, Forish, Sharof Rashidov, Andijon viloyatining Buloqboshi, Namangan viloyatining Chust va Kosonsoy tumanlari, Toshkent viloyatining tog‘oldi hududlarida ko‘plab uchratish mumkin.

Yer bag‘irlab o‘sadigan ushbu tikanli buta joy tanlamaydi, suvsizlikka va sovuqqa chidamli. Maydan to oktyabr oyigacha o‘sadi. Dona-dona bo‘lib gullaydi. So‘ngra bir uyali go‘shtli reza meva beradi. Ikki pallali ushbu meva xuddi tarvuzga o‘xshaydi. Faqat mitti tarvuzlar...

Ildizidan bargigacha shifobaxsh
Kovul ildizidan bargigacha shifobaxsh. Shu bois u farmatsevtika sanoatida qimmatbaho xom ashyo sifatida juda qadrlanadi. Mevasi tarkibida saponinlar, alkaloidlar, uglevodlar, askorbin kislota, moy, ildiz po‘stlog‘ida staxidrin alkaloidi mavjud. Erta bahorda kavlab olingan ildizi quritilib, allergiyaga moyil bemorlar uchun dori tayyorlanadi. Gullash mavsumidan oldin ham allergiyaga em bo‘ladigan qaynatma qilinadi. Yangi kesib olingan va choy qilib damlangan kovul shoxlari juda yaxshi antiseptik vosita hisoblanadi. Uning bunday xususiyatlaridan arablar va qadimgi yunonlar foydalanishgan. Yurtimizda esa tib ilmining sultoni Ibn Sino ushbu nabotot turidan ko‘plab xastaliklarni davolashda qo‘l keladigan darmondorilar tayyorlash usullarini yozib qoldirgan.

Qayd etilishicha, o‘simlikning ildiz qismidan olinadigan damlama gepatitga shifo bo‘lsa, poyasi va bargi teri kasalliklariga em bo‘ladi, mevasi tarkibidagi yod buqoqdan aziyat chekadigan insonlarga naf keltiradi. Jahon farmatsevtika sanoatida mazkur tavsiyalar asosida dorilar tayyorlash keng yo‘lga qo‘yilgan.

Xalq tabobatida ham kovuldan foydalanib kelingan. Asosan, yiringli yaralarni, shuningdek, stenokardiyada, tireotoksikoz, bavosil, qandli diabet kasalligini davolashda ham qo‘llanilgan.

Kovul oziq-ovqat sanoatida ham ishlatiladi. Hindular uning mevasi qo‘shib tayyorlangan taomlarni xush ko‘rib iste’mol qilishsa, fransuz oshxonasida marinadlangan kovul gulkurtaklari juda muhim ziravor hisoblanadi. O‘zimizda esa ilgari kovul “tarvuzcha”lari quritilib, qishda qand o‘rnida foydalanilgan.

Italyancha usulda sovuq dimlangan buzoq go‘shti — vitellotonnato bilan birga, albatta, tarkibida kovul bo‘lgan “tonnato” qaylasi tortilishi kerak. Buyuk Britaniyada esa qo‘y go‘shti xushxo‘rligini oshirishda kovul qo‘shilgan qaynoq qayladan foydalanilmasa, mijozlarni yo‘qotib qo‘yish hech gap emas.

E’tibor va rag‘bat mevasi
Prezidentimiz o‘tgan yili joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida Namangan viloyatiga tashrifi davomida kovul yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, uning ilmiy asoslarini ishlab chiqish, eksportga chiqarish mexanizmini yaratish yuzasidan vazifalar belgilab bergan edi.

Shu asosda ilk bor Namanganda Chust tajribasi sifatida kovul yetishtirishga kirishildi. Tadbirkorlarga 5 ming gektar yer ajratib berildi. Sohani chuqurroq o‘rganish, o‘z navbatida, boshqalarga o‘rgatish maqsadida muayyan tajribaga ega mutaxassislar jalb etildi. Natijada kovulchilik bilan shug‘ullangan korxonalar faoliyati keng ko‘lam kasb eta boshladi. Chust tumanidagi “Baraka meva sanoat servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati ana shunday subyektlardan biridir.

Mazkur korxona rahbari Sodiqjon Hasanov uchun mazkur soha begona emas edi. U kovul eksportini 2009 yilda yo‘lga qo‘ygandi.

— 2014 yilda BAAning Dubay shahrida o‘tkazilgan “Jahon oziq-ovqat mahsulotlari ko‘rgazmasi”da ishtirok etib, Turkiyaning “Denamikes” va “Denizli” firmalari bilan shartnoma tuzishga muvaffaq bo‘ldik, — deydi u. — Shu yili 187 ming, 2015 yili 317 ming, 2016 yili 581 ming AQSH dollarilik kovulni eksport qildik. 2017 yilda esa Italiyaning “Maprikom” kompaniyasiga 242 tonna, Turkiyaning “Denashikes”, “Denizli” firmalariga 495 tonna kovul yetkazib berildi. 2017 yilda laboratoriya, issiqxona va zamonaviy korxona bunyod etish uchun 2,2 gektar, yong‘oqzor tashkil qilish uchun 380 gektar, dasht hududidan kovulzorlar yaratish uchun 3000 gektar yer ajratib berilgach, ishimiz yurishib ketdi.

O‘tgan bir yilda tadbirkor tashabbusi bilan Namangan davlat universiteti olimi Sherzod Toshpo‘latov yigirmadan ortiq tajribalar o‘tkazdi. Natijada kovul urug‘i ustidagi plyonkaga o‘xshash himoya qobig‘ini xlorid kislota bilan eritish orqali uning donador va unuvchanligini ta’minlash mumkinligini isbot qildi. Laboratoriya sharoitida bunga erishdi hamda 6 kilogramm kovul urug‘i sepib, undirib oldi. Ayni chog‘da 200 gektarga yetadigan ko‘chatni parvarishlash ishlari davom ettirilmoqda.

Daromad yildan-yilga ortaveradi
Kovulchilik — istiqbolli tarmoq. Boisi, uni yo‘lga qo‘yish ortiqcha mablag‘ va resurs talab etmaydi. Dehqonchasiga aytganda, beor o‘simlik. Ildizi baquvvat emasmi, o‘n besh yilgacha yashnab, meva beraveradi.

Bu boy xususiyatlarga ega o‘simlikni madaniylashtirish, parvarishini yo‘lga qo‘yish maqsadida uning agrotexnikasi, sir-sinoatlari ham chuqur o‘rganilayotir.

— Kovul urug‘ini bevosita dalaga ekish yoki issiqxonada ko‘chatlar tayyorlab o‘tqazish yo‘li bilan ko‘paytirish mumkin, — deydi Namangan davlat universitetining biologiya kafedrasi mudiri Sherzod Toshpo‘latov. — Birinchisi oddiy, urug‘i tuproqqa qadaladi. Keyingi yo‘l esa issiqxonada amalga oshiriladi. Aniqrog‘i, plyonka tuvakchalarda ko‘chatlar tayyorlanadi va yerga o‘tqaziladi. Qurg‘oqchilik kuchli, qumli yerlarga mart-aprel oylarida ekiladi. Urug‘idan ko‘paytirilganda esa ochiq tuproqqa sochiladi. Parvarishi ham oddiy, vaqtida chopiq qilinib, begona o‘tlardan tozalanadi. Qurg‘oqchilik kuchaygan vaqtda sug‘oriladi, xolos.

Keling, endi kovul yetishtirish istiqbollarini oddiy hisob-kitob qilishga urinib ko‘ramiz.

— Kovul o‘simligi uch yilda hosilga kiradi, — deydi tadbirkor S. Hasanov. — Bir gektar yerga 1600 tup ko‘chat joylashtirish mumkin. Ahamiyatlisi shundaki, kovul yoz bo‘yi kurtak yozadi. Hali ochilmagan, 10 millimetrdan katta bo‘lmagan, dumaloq, qattiq kurtaklari eng xaridorgir mahsulot hisoblanadi. Ular 8-10 kun oralig‘ida faqat qo‘lda terib olinadi. Shu bois u jahon bozorida qimmat narxlarda sotiladi. O‘simlikning yaxshi rivojlangan bir tupidan har terimda 3 kilogrammgacha hosil olinadi. Mavsum yakunida bu ko‘rsatkich o‘rtacha 7,5 kilogrammni, gektariga chaqilganda 12 tonnani tashkil etadi. Jahon bozorida bir kilogrammi 1,5 AQSH dollaridan boshlanishini inobatga olsak, shunda bir yillik umumiy daromad o‘rtacha 18 ming AQSH dollarini tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkich keyingi yillarda ortib boraveradi.

Bu hisob-kitob xom mevaga asoslangan. Holbuki, uning qayta ishlangani bahosi bundan-da yuqori bo‘ladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirishda qishloq xo‘jaligi sohasining o‘rni va ahamiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu yilgidek suv tanqisligi sezilayotgan yillarda qurg‘oqchilikka chidamli ana shunday ekinlar qo‘rig‘ini ochish har jihatdan foydalidir.

Darvoqe, o‘simlikning guli nektarga boy bo‘lib, bolarilarni o‘ziga maftun etadi. Demak, kovulchilikning rivojlantirilishi yana bir necha tarmoqlar istiqboliga, ko‘plab yangi ish o‘rinlari ochilishi, qo‘shimcha daromad manbai yaratilishiga keng yo‘l beradi.
Namoz BOTIROV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?