Kosonsoydagi 800 yoshli chinor kesib tashlanganmidi?

16:30 10 Iyul 2019 Jamiyat
325 0

Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Kosonsoy shahri markazidagi ulkan chinor daraxti kesib yuborilayotgani, mahalliy aholi bunga qarshi boʻlsada rahbarlar eʼtibor qaratmayotgani haqidagi xabar muhokama mavzusiga aylandi.

Aslida tuman madaniyat va istirohat bogʻida oʻsayotgan sakkiz yuz yoshli ushbu chinorning qurib qolgan shoxi olib tashlangan xolos. Gap shundaki, bogʻdagi katta hovuz oʻrtasidagi keksa daraxt toʻrt shoxdan iborat boʻlib, biri qurigan va xunuk holga tushgan, atrofdagilar uchun xavf tugʻdirayotgan edi.”Obod markaz” dasturiga kirgan bogʻni taʼmirlash chogʻida ayni masalaga ham alohida eʼtibor qaratildi.

- Kosonsoyliklar ajdodlardan meros umrboqiy chinorni noyob yodgorlik sifatida qadrlashar ekan, - deydi “Yuksalish” umummilliy harakati Namangan viloyat boʻlinmasi rahbari Bekzod Hamdamov. – Internetda tarqalgan xabardan kelib chiqib, uning taqdiri bilan qiziqdik. Qurigan shohi olib tashlanganini hisobga olmasa boshqa tashvishlanadigan hech bir gap yoʻq. Mutasaddilar, xususan, ekologiyaning tuman boʻlimidagilar chinor muhofazasini yanada kuchaytirish harakatida. Daraxt muhofazasi kuchaytirilib, parvarishi yaxshilanadi, tarixi bitilgan maxsus taxtacha oʻrnatiladi. ,

Daraxtlar ham inson singari mehrdan yashnaydi. Kosonsoy bogʻidagi quloch yetmas chinorning umrboqiyligi sababi ham shunda. U yana koʻplab yuz yilliklarni boshidan oʻtkazadi hali.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?