Kosonsoyda bir qator kamxarj oilalarning elektr energiyasidan qarzdorligi saxovatpesha insonlar koʻmagida bartaraf etildi

11:30 31 Oktyabr 2019 Jamiyat
207 0

Mastura Abdullayeva tumanning Alisher Navoiy nomli mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiladi. Taqdir taqozosi bilan uning farzandi nogiron boʻlib, toʻshakka mixlanib qolgan. Anchagina kamxarj boʻlgan bu oilaga yordam qoʻlini choʻzuvchi saxovatpesha kishilar koʻplab topiladi. Kuni kecha Majburiy ijro byurosining tuman boʻlimi davlat inspektori ushbu hovliga mahalla faollari bilan kirib keldi. Sababi,oilaning foydalanilgan elektr energiyasidan qarzdorligi koʻpayib ketgan edi. Yaxshi insonlar yana qoʻl choʻzishdi, koʻpchilik koʻmagida qarzdorlik bartaraf etildi.

-- Toʻgʻrisi, elektr energiyasidan qarzdorligim toʻplanib qolgan, qanday toʻlasam ekan, deb oʻylanib turuvdim, - deydi M. Abullayeva. - Xonadonimizga hududga biriktirilgan davlat inspektorining kelishi va homiylik asosida toʻlov qilinganligidan soʻng yelkamdan togʻ agʻdarilganday boʻldi.

Aytish lozimki, Byuroning tuman boʻlimi tashabbusi bilan mana shunday ehtiyojmand oilalarga homiylik asosida yordam koʻrsatilgani yaxshi ish boʻldi. Masalan, Ozod mahallasida yashovchi Sabora Sulaymonova nogiron, ustiga ustak boquvchisidan ham ayrilgan. U uzoq muddatdan beri elektr energiyasi toʻlovini amalga oshirishga qiynalayotgan edi. Ushbu oilaga ham saxovatli insonlar tomonidan 500 ming soʻm toʻlov qilinganligi haqidagi kvitansiya taqdim etildi. Ravot mahallasidan Moʻydin Abdullayev, Hurriyat mahallasida yashovchi Kotibovlar xonadonining qarzlari ham homiylik asosida toʻlab berildi.

Kamxarj oilalarni qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq bu singari xayrli ish boshqa shahar va tumanlarda ham davom etmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV.
“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?