Korzinka.uz supermarketlari tarmogʻi asoschisi: “Eksportga narx belgilash: eski hammom, eski tos...mi?”

15:34 13 Mart 2019 Iqtisodiyot
202 0

Korzinka.uz supermarketlari tarmogʻi asoschisi Zafar Hoshimov Telegramʼdagi sahifasida qizgʻin munozaralarga sabab boʻlgan “Oʻzbekiston Respublikasidan eksport qilinadigan meva-sabzavot hamda tekstil mahsulotlarining kontrakt qiymatini monitoring qilish toʻgʻrisida”gi nizom loyihasi borasida oʻz mulohazalarini bildirdi. Quyida ana shular bilan tanishishingiz mumkin:

“Davlatimiz qatʼiy ravishda eksportga narxlarni belgilash gʻoyasiga muntazam qaytayotgani koʻpchilik qatori meni ham hayratlantirmasdan qoʻymayapti, rosti. Eʼtiboringizni jalb qilgan holda bir dalilga toʻxtalib aytishim kerakki, eksportchilar davlat korxonalari emas, balki fermerlar, agrofirma va tekstil kompaniyalari sanaladi. Va ularning juda koʻpchiligi xususiy. Shunga muvofiq, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar ham oʻzlarinikidir, yaʼni nima qilishsa ham oʻzlari mulklarini idora qilish huquqiga egalar. Albatta, davlat eksport amaliyotining umumiy qonun-qoidalarini oʻrnatishi, valyuta, tarif va soliq nazorati kabilarni ham tayinlab, oʻrnatish huquqiga ega, bularning barchasi allaqachon mavjud.

Biroq yana va yana davlat eksportga narxlarni belgilashni istamoqda. Nega?

Oʻtmishda aynan eksportga minimal narxlarning xuddi mana shunday tarzda nazorat qilinishi va oʻrnatilishi tufayli fermer va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari bir necha marta kasodga uchraganlar va ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini eksportga samarali koʻrsatkichlar bilan yetkazib bera olishmagan.

Birgina misolni keltirib oʻtsam. Oʻtgan yili juda yaxshi gilos hosili boʻldi. Bogʻbonlar toʻkin-sochin mavsum ilinjida juda xursand edilar.

Biroq davlat gilosning 1 kg.ni 4 dollardan past narxda eksport qilishni taqiqlab qoʻydi. Ammo gilosga belgilangan narxning tashqi konyunkturasi mutlaqo boshqacha edi. Men oʻzim shaxsan Rossiyadagi supermarketda 1 kg. gilos uchun 190 rubl (3$) toʻlagan edim. Shundan kelib chiqadiki, Moskvadagi chakana savdoda gilosning kilosi 3$ edi, mansabdorlarimiz esa uni 4$ dan past narxda eksport qilishni man qilishgan.

Uchrashuvlarning birida yuqori mansabni egallab turgan davlat xizmatchilaridan biriga toʻgʻridan-toʻgʻri savol berib, davlat nega bunday yoʻl tutayotganini soʻragan edim. Javob esa oddiy tarzda jarangladi: “Biz fermerlar mahsulotlarini oʻrtakashlarga sotish orqali daromadlarini tushirib yuborishlarini oldini olishni istaymiz. Oʻzlari mustaqil tovar yetkazib berishlari uchun eng unumli yoʻllarni izlashsin. Agar Rossiyada arzon boʻlsa, boshqa joyga sotishsin”. Boshqa bir mansabdorning keltirgan vaji esa undanda qattiqroq edi: “eksportchilar ishlab topgan valyutalarining aksariyat qismini xorijda qoldirib, bizga esa olayotgan foydalarining faqat bir qisminigina koʻrsatishlarini istamaymiz.

Agar oʻylab qaralsa, ikkala javob ham umuman tanqidga bardosh bera olmaydi, avvalambor, mahsulot egasi unga toʻla egalik qiladi, oldingidek hozir valyuta daromadini majburiy sotish yoʻq, eksport esa soliqlardan holi, shu sababli davlat eksportchilar mahsulotlarini qanday tasarruf qilayotgani, daromadini qay tarzda taqsimlayotgani bilan ishi boʻlmasligi kerak.

Mantiqan oʻylansa, qanday qilib va nima uchun soliq va majburiy sotishlar yoʻq boʻlib turgan sharoitda oddiy fermer va ishlab chiqaruvchilar oʻz pullarini yashirib yurishlari kerak? Umuman olganda esa, Boltiqboʻyi davlatlaridagi banklar bilan bogʻliq mojarolar va boʻlib oʻtgan barcha korrupsion janjallardan soʻng, shunisi aniqki, hamyurtlarimizning oʻz mablagʻlarini chetda saqlashlari vatanimizda saqlashlaridan ancha xavotirli hamda qiyinroq boʻlib bormoqda.

Narxlar nazoratini nima uchun bekor qilmaslik kerak, degan savolga mansabdorlarimiz tomonidan keltirilgan vajlarning qanchalik sust ekanligiga ortiqcha toʻxtalib, maydalashib oʻtirmasdan misolimizga qaytsak.

Gilos yetilganidan soʻng uzoq saqlanmasligini inobatga olsak, fermerlar oʻtgan yilgi hosillarining aksariyat qismini ichki bozorda sotishganini taxmin qilish mushkul emas. Koʻpchilik aynan cheklovlar sabab hosilini import uchun 2$ dan olishga tayyor boʻlgan xaridorlariga sota olmadi, bunday xaridorlar esa, darhaqiqat, bor edi, oxir oqibatda ichki bozorda 5000-7000 soʻmdan sotishga majbur boʻlishdi (1$dan kam). Hosil moʻl boʻlgani ichki bozorda dehqonlarimizga qarshi ishladi.

Biz tarmogʻimizda oʻtgan yili mavsumida gilosni oʻrtacha 5000-6000 soʻmdan xarid qildik, bu esa soʻnggi bir necha yil ichida rekord darajada past narx edi.

Endi fermerlarning zararini bir hisoblab koʻring-a...

Bozorni tan olmaslik mumkin, ammo bu bilan bozor mavjud boʻlmaydi, degani emas. Yuzaga kelgan vaziyat sabab mamlakatda Kavkaz mamlakatlaridan sayyor olibsotarlar paydo boʻldi va gilosni 0,5-0,8$dan sotib olishdi, mahsulotni yuk qilib qoʻshni mamlakatlarga qingʻir yoʻllar bilan va yana, gilosni karam ostiga berkitib Qirgʻiziston va Qozogʻistonga olib chiqishdi, u yerdan hujjat qilib, Rossiyaga olib ketishdi va tabiiyki u yerda ancha baland narxda sotishdi, dehqonlarimiz rizqini kesishdi. Minimal belgilangan narxlar dehqon va ishlab chiqaruvchilarni hech qanday himoya qila olmadi.

Natijada esa mahalliy fermerlarimizni himoya qilish oʻrniga ularni olibsotarlar qarmogʻiga cheklovlarimiz bilan ilintirib berdik. Bunday egri yoʻllar bilan sotilgan molning daromadi esa bizga qaytib kelmasligi endi aniq.

Oʻzimiz qazigan oʻraga oʻzimiz tushdik.

Ishonchim komilki, ishlab chiqaruvchi va fermerlarimizning davlat “himoyasi” ortidan koʻrgan jabrlari haqidagi hikoyalari bundan-da uzunroq.

Oʻtgan yoz oxirida eksport uchun davlat tomonidan narx belgilanishi bekor qilinganida barchamizning yelkamizdan togʻ agʻdarilgan edi, goʻyo. Gilos mavsumi qoʻldan boy berilgan boʻlsa-da, nimalardir qutqarib qolinib, odamga oʻxshab yaxshilab eksport qilingani aniq. Faoliyatim sabab qishloq xoʻjalik ishlab chiqaruvchilari bilan tez-tez uchrashib turaman. Chinakam maʼnodagi zahmatkash ushbu insonlar yangi mavsumga katta umid bogʻlaganlar.

Keling, ular uchun duoda boʻlaylik, eksport uchun narx nazorati belgilab, oʻrnatib umidlarini yakson qilishmasin. Bu gal tekstilchilarni ham qoʻshib duo qiling”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?