Korrupsiyaning yuqori darajada boʻlishiga asosiy sabab nima?

16:26 06 Iyul 2020 Siyosat
349 0

Bugungi kunda dunyo miqyosida korrupsiyaga qarshi kurashish, jamiyatda korrupsiyani jilovlash, inson ongida bu zararli illatga nisbatan immunitet shakllantirish, uni inson hayotidan batamom chiqarib tashlash yuzasidan dunyoda har bir mamlakatning oʻz tajribasi va mexanizmlari mavjud. 2020-yilda eʼlon qilingan korrupsiyaga qarshi kurashish reytingida Daniya, Yangi Zelandiya, Finlyandiya, Singapur va Shvetsiya kabi davlatlar peshqadamlik qilmoqda. Ushbu mamlakatlarda bu illatning ildizini batamom quritish borasida amalga oshirilayotgan ishlar eʼtirof etilgan holda, ularning tajribasi butun jahon miqyosida keng qoʻllanilmoqda.

Taʼkidlash joiz, Finlyandiya tajribasida asosiy eʼtibor ommaviy axborot vositalarining mutlaq erkinligi, iqtisodiy sektor faoliyatiga davlat aralashuvining ishtiroki minimal darajada, mansabdor shaxslar tomonidan qaror qabul qilish hamda normativ-huquqiy hujjatlarning ochiqligi va shaffofligi, adliya tizimining ijro etuvchi hokimiyatidan siyosiy, moliyaviy va kadrlarga oid mustaqil qaror qabul qila olishi, korrupsiyaga qarshi kurashishda vakolatli organlarga yordam bergan shaxslar ishonchli himoya qilish kafolatlariga alohida eʼtibor qaratilgan. Ushbu sohada adliya kansleri va parlamentning inson huquqlari boʻyicha komissariga keng vakolatlar berilgan.

Singapur tajribasi misolida qarasak, 1965-yilda davlat endigina mustaqillikka erishgan paytda korrupsiyaga moyillik yuqori boʻlgan. Mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashishda eng avval mansabdor shaxslarning xatti-harakatlarini tartibga solish, byurokratik tartiblarni soddalashtirish, shaxsni korrupsion harakatlarga undash imkoniyatini yaratadigan sharoitlarni kamaytirish choralari koʻrilib, fuqarolar korrupsion holatlar ustidan davlat idorasiga shikoyat qilishlari va yetkazilgan zararlarni qoplatish uchun hududlarda Korrupsiyaga qarshi kurashish byurosi tashkil qilingan.

Aksariyat xalqaro ekspertlar korrupsiyaning yuqori darajada boʻlishining asosiy sababi siyosiy institutlarning toʻlaqonli ishlamasligi, ichki va tashqi qaror qabul qilishda sunʼiy toʻsiqlarni vujudga keltirish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasi pastligi, jamiyatda fuqarolarning davlat ustidan nazorati talab darajasida emasligiga bogʻliq, degan xulosaga kelmoqdalar.

Joriy yilning 29-iyun kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga samarali qarshi kurashish borasida muhim huquqiy qadam boʻldi.

Mazkur hujjat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunadigan va Oliy Majlis palatalari oldida hisobdor boʻlgan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini taʼminlash, shuningdek, mazkur sohadagi xalqaro hamkorlik uchun masʼul boʻlgan — Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.

Ushbu organ korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, uning oqibatlari, kelib chiqish omillarini bartaraf etish borasida ham amaliy, ham nazariy jihatlarni muvofiqlashtirib boradi.

Bundan tashqari, Agentlik normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasi samaradorligini taʼminlash, shuningdek, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, xalqaro standartlarni va ilgʻor xorijiy amaliyotni joriy etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga masʼul etib belgilandi.

Farmonda belgilangan vazifalarning hayotimizga keng tatbiq etilishi davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qoʻyishda muhim omil boʻladi.

Farhod ZAYNIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?