Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish islohotlar samaradorligini ta’minlaydi

15:56 19 May 2018 Jamiyat
603 0
Foto: news.bg

O‘tgan yili Qoraqalpog‘iston Respublikasida korrupsiya bilan bog‘liq qo‘zg‘atilgan va sudga oshirilgan jinoiy ishlar soni avvalgi yildagiga nisbatan 39,5 foiz kamaygan. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan Nukus shahrida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy idoralararo komissiyasi rahbarining o‘z faoliyati yuzasidan axborotini eshitish hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning ijro etilishini o‘rganish natijalarini muhokama etishga bag‘ishlangan sayyor majlisda ma’lum qilindi.

Majlisda ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, har qanday sohadagi islohotlarga to‘siq bo‘ladigan illat — korrupsiya bilan murosasiz kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi organlari tomonidan o‘tgan davr mobaynida hududda uyushgan jinoyatchilik hamda korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali choralarini ko‘rish, fuqarolar huquq va erkinliklari buzilishining hamda iqtisodiyotga zarar yetkazilishining oldini olish, boshqaruv va hokimiyat organlari mansabdor shaxslarining korrupsiyalashgan jinoyatlarini fosh etish, poraxo‘rlik hamda mansab suiiste’molliklariga qarshi kurashish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Ayni paytda Komissiyaning tegishli idoralar bilan olib borgan amaliy ishlari natijasida 2017 yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasida korrupsiya bilan bog‘liq qo‘zg‘atilgan va sudga oshirilgan jinoiy ishlar soni o‘tgan yildagiga nisbatan 39,5 foiz kamaygan.

Tergov qilingan jinoyat ishlari yakuni bo‘yicha tegishli idoralarga taqdimnomalar kiritilib, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish choralari ko‘rib borilmoqda. Jinoyat ishlarini tergov qilish jarayonida davlat hamda jamiyat manfaatlariga yetkazilgan 8,4 milliard so‘mlik zarar undirilishi ta’minlangan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi idoralararo komissiyasi tomonidan aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish yuzasidan 6 mingdan ortiq uchrashuvlar, seminar hamda davra suhbatlari o‘tkazilgan. Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va ularning oldini olish, bartaraf etish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari orqali 920 dan ortiq chiqishlar qilingan.

Shu bilan birga, muhokamalarda bir qator mutasaddi idoralar hamda tashkilotlar tomonidan Qonunda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani ta’kidlandi. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalari yuzasidan davlat organlari tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va tashkilotlar bilan ijtimoiy sheriklik mexanizmlaridan keng foydalanilmagan. Komissiya a’zolari ham mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solmagan. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari hamda Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi tomonidan ijtimoiy ta’minot, aholi uchun adolatli shart-sharoitlarni va teng imkoniyatlarni yaratish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan idoraviy korrupsiyaga qarshi kompleks chora-tadbirlar ijrosi lozim darajada ta’minlanmagan. Shuningdek, ayrim Komissiya a’zolari tomonidan ijtimoiy so‘rovlar hamda tadqiqotlar o‘tkazish orqali korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va ularni bartaraf etish uchun zarur choralar ko‘rilmagan.

Sayyor majlisda korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini yanada oshirishga xalaqit berayotgan shu kabi qator kamchiliklarni bartaraf qilish choralari belgilab olindi.

Majlis yakuni bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Hidoyat AHMEDOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?