Koronavirusning Oʻzbekistonga kirishining oldini olishga doir qaror qabul qilindi 

10:20 14 Mart 2020 Jamiyat
197 0

Oʻzbekistonga koronavirus kirishi oldini olish hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash maqsadida 2020-yilning 14-mart kunidan eʼtiboran Fransiya Respublikasi, Ispaniya Qirolligi, Buyuk Britaniya va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida barcha aviaqatnovlar toʻxtatiladi. Bu haqida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xabar berdi.
Xitoy Xalq Respublikasi (XXR), Koreya Respublikasi, Italiya, Eron Islom Respublikasi, Fransiya Respublikasi va Ispaniya Qirolligi fuqarolari va ushbu davlatlarda doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga barcha turdagi chegara oʻtkazish punktlari orqali kirib kelishi vaqtincha toʻxtatiladi. 
Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasi yigʻilishida shunga doir qarorga kelindi. 
Unga koʻra, cheklovlar quyidagi shaxslarga taalluqli emas:

- diplomatik va xizmat pasporti egalari;

- cheklov oʻrnatilgan mamlakatlar fuqarolari va ushbu davlatlarda doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston hududiga kirib kelishidan oldin oxirgi 14 kun ichida cheklov oʻrnatilgan mamlakatlarda boʻlmagan boʻlsa. 
Taʼkidlash joizki, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti rasmiy saytida JSST rahbari A.Tedros 2020-yilning 11-mart kuni ushbu kasallikni dunyo boʻylab shiddat bilan tarqalayotgani, kasallikning yuqishini inobatga olgan holda dunyo boʻyicha “pandemiya” holati ekanligi eʼlon qilingan.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?