Koronavirusni davolashda tavsiya etilgan dorilarni birvarakayiga qoʻllash mumkinmi?

16:47 21 Oktyabr 2020 Jamiyat
211 0

Hozirda koronavirusga chalinib, oʻz vaqtida shifokorga murojaat qilmay, boshqa bemorlar yoki mutaxassis boʻlmagan kishilar bergan tavsiyalarga koʻra davolanish oqibatida ularning ahvoli salbiy tomonga oʻzgarmoqda. Uy sharoitida davolanish jarayonida bemorlarda tugʻiladigan eng muhim savollarga Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi, Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori Nodir Haydarov javob beradi.

— Nega “COVID-19” bilan kasallanganlarni davolash boʻyicha koʻrsatmalar, tavsiya etilayotgan dori-darmonlarning turlari oʻzgarib turibdi?

— Ayni paytda mamlakatimizda “COVID-19” bilan kasallanganlarni davolash boʻyicha vaqtinchalik koʻrsatmalarining yettinchi nashri amal qilmoqda. Bundan oldin davo muolajalarining oltita nashri eʼlon qilingan edi. Vaqt oʻtishi, virusning mutatsiyaga uchrashi hamda uning oʻzini namoyon etishi evolyutsiyaga uchramoqda, buning natijasida esa, davolash standartlari ham oʻzgarib bormoqda. Masalan, oldingi nashrga binoan yengil va oʻrta ogʻir darajadagi bemorlarga tavsiya qilingan dorilar hozirda butun dunyoda boʻlgani kabi bizda ham mutaxassislar fikri inobatga olinib, maxsus koʻrsatmaga binoan ayrim bemorlargagina beriladigan boʻldi.

Virusning har bir mintaqa, har bir iqlimda oʻziga xos mutatsiyaga uchrash holati kuzatilmoqda. Buyuk Britaniya yoki AQSHning iqlim sharoiti biznikidan tubdan farq qilgani uchun ularning tavsiyalari doim ham bizga mos kelavermaydi. Shuningdek, hozirda bemorlarga virusga qarshi «Favipiravir» preparati tavsiya etilmoqda. «Favipiravir» («Avigan») dori vositasi Afrikadagi Ebola virusiga qarshi oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatgan. Shu bois virusga qarshi samarodorligi isbotlangan «Favipiravir»ni koronavirusning yengil darajalarida faqat shifokor tavsiyasi asosida qabul qilish ham mumkin.

— Odamlar orasida koronavirusdan uy sharoitida davolanayotganda isiriq tutatish foydali ekani, bemorning tez-tez ogʻiz-burnini tuzli, sirkali suv bilan chayib turishi virusni zararsizlantirishi haqida gap-soʻzlar yuribdi, shu toʻgʻrimi?

— Koronavirusning zaharli taʼsirini kamaytirish uchun doimiy ravishda iliq suv bilan ogʻiz burun boʻshligʻini namlantirib turish foyda beradi. Bunda suvga oz miqdorda tuz ham solish zarar qilmaydi. Ammo sirkadan foydalanish xavfli. Toza holatdagi sirka bilan burun va ogʻiz boʻshligʻini chayish, uning shilliq qavatini shikastlanishiga sabab boʻladi. Bu esa, shilliq qavatdagi virus va infeksiyalarni ushlab qolish jarayonining sustlashishi va butunlay toʻxtashiga olib keladi. Natijada virusli kasalliklarni tez va oson yuqtirib olish holati roʻy beradi. Bu esa virusning toʻgʻridan toʻgʻri oʻpkaga oʻtib, uni koʻproq zararlashiga sabab boʻladi. Isiriqning esa koronavirusga qarshi samarasi ilmiy jihatdan isbotlanmagan. Ammo foydalanish zarar qilmaydi.

— Koronavirus bilan kasallanganlarni davolash boʻyicha vaqtinchalik koʻrsatmalarining yettinchi nashrida koʻrsatilgan «Deksametazon», «Kleksan», «Flenoks», «Sefazolin», «Gidroksixloroxin» preparatlarini uy sharoitida bir vaqtning oʻzida qabul qilish mumkinmi?

— Qatʼiy taqiqlanadi. Ayni paytda bu mavzuda koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda. Afsuski, koʻpchilik shu kasallikni boshdan oʻtkazgan bemorlar va ularning yaqinlari tavsiyasiga sabab turli dori vositalaridan oʻzboshimchalik bilan foydalanmoqda. Bu esa, ularning ahvolining yaxshilanishi emas, yomonlashishiga sabab boʻlyapti. Shuningdek, yuqorida aytilgan dori vositalarining koʻpchiligini uy sharoitida qoʻllash mumkin emas. Shu bois ham, avvalo, uy sharoitida davolanishni boshlashdan oldin shifokor bilan maslahatlashish zarur. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?