Koronavirusga qarshi vaksinalar OIVni yuqtirish xavfini oshirishi aniqlandi

14:57 24 Oktyabr 2020 Dunyo
295 0

Kaliforniya shtatining San-Fransisko universiteti olimlari klinik sinovlardan oʻtayotgan toʻrtta “Covid-19”ga qarshi adenovirus vaksinalari tarkibida zararlangan biologik suyuqlik bilan bevosita aloqada boʻlish orqali OIVni yuqtirish xavfini oshirishi mumkin boʻlgan tarkibiy qismlar mavjudligi haqida ogohlantirishdi.

Preparatlarning kutilmagan xavfi toʻgʻrisida “The Lancet” jurnalida chop etilgan maqolada maʼlum qilindi.

Buning sababini esa tadqiqotchilar vektor rolini oʻynaydigan, yaʼni immunitet reaksiyasi hosil boʻlishiga olib keladigan koronavirus oqsilini yetkazib beruvchi “Ad5” odam rekombinant adenovirusi mavjudligi bilan izohlashmoqda.

Taʼkidlanishicha, bu oqsil S-oqsili (boshoqli oqsil) boʻlib, u odamning “ACE2” retseptorlari bilan bogʻlanib hujayralarga kirib boradi. Aslida, turli adenovirusli vektorlar xavfsiz hisoblanadi, adenoviruslarning oʻzi esa oddiy shamollashni keltirib chiqaradi.

Biroq avvalroq olimlar tomonidan OIVga qarshi vaksina yaratishda foydalanilgan aniq adenovirusli vektor “Ad5” boʻyicha oʻtkazilgan sinovlar uning yon taʼsirini koʻrsatib, OIV bilan kasallanish ehtimolini oshirgan. Mexanizm hamon noaniq boʻlsada, bu taʼsir qandaydir tarzda yuqtirish uchun OIVni koʻproq hujayralar bilan taʼminlaydigan immunitet tizimining faollashishi bilan bogʻliq deya taxmin qilinmoqda. Ammo qayd etilishicha, buning uchun inson organizmida maʼlum miqdorda OIV boʻlishi talab etiladi.

Shu bois vaksina ustida ish olib borayotganlar mavjud xavfni bilishsada, “Ad5” vektoridan voz kechish eng yaxshi yechim boʻlmasligini taʼkidlashmoqda. Zero, u koronavirusga qarshi yaxshi immunitet javobini bera olish xususiyati bilan taʼminlay oladi.

Ayni paytda mumkin boʻlgan yon taʼsir mexanizmlari tekshirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?